Umid Ahmadjonov O‘FA birinchi vitse-prezidentligidan bo‘shash haqida ariza yozdi

Sport 13:58 / 13.06.2019 37135

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov lavozimidan ketishga qaror qildi.

Bir vaqtning o‘zida Osiyo Olimpiya Kengashi vitse-prezidenti sifatida ham ishlab kelayotgan Umid Muhammadjonovich chet elga xizmat safarlari ko‘pligi bois O‘FAdagi mansabini topshirish haqida ariza yozgan.

«Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidentligi – nihoyatda mas'uliyatli vazifa. Kelasi yil Tokioda Olimpiya o‘yinlari boshlanadi. Mazkur musobaqaga vaqt kam qolmoqda. Xizmat safarlari ko‘p. Shu sababdan O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi vitse-prezidentligidan bo‘shash bo‘yicha ariza yozdim.

O‘ylashimcha, o‘tgan vaqt davomida o‘zbek futboli rivoji uchun astoydil mehnat qilib, qo‘limizdan kelgan barcha chora-tadbirlarni amalga oshirdik. Bularning samarasi asta-sekin ko‘zga tashlanmoqda.

Shu o‘rinda yurtimizda sport rivojiga, xususan, futbol rivojiga katta ahamiyat qaratib kelayotgan muhtaram prezidentimiz Shavkat Miromonovichga, barcha zarur shart-sharoitlarni yaratib berayotgan hukumatimiz rahbariyatiga minnatdorchilik bildirib o‘tmoqchiman», - degan Ahmadjonovning so‘zlarini keltirgan O‘FA rasmiy sayti.

42 yoshli funksioner shu yil 3 mart kuni Osiyo Olimpiya Kengashiga Markaziy Osiyo mintaqasidan vitse-prezident etib saylangan edi.

Shundan so‘ng u aprelda Markaziy Osiyo Futbol Assotsiatsiyasi (MOFA) rahbarligidan ketdi, may oyida esa O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidentligidan iste'foga chiqdi.

Ma'lumot uchun, Umid Ahmadjonov sportdagi rahbarlik faoliyatini 2002 yilda O‘zbekiston nogironlar sport federatsiyasi bosh kotibi sifatida boshlagan. 2007 yildan keyin 10 yil davomida Milliy paralimpiya assotsiatsiyasida bosh kotib va rais o‘rinbosari lavozimlarida ishladi. Bu vaqtda O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi raisi o‘rinbosari sifatida ham faoliyat yuritdi. 2016 yilgi Rio Paralimpiadasi (31ta medal, 16-o‘rin) uning sohadagi karerasida burilish nuqtasi bo‘lgandi.

2017 yil boshida Umid Ahmadjonov Milliy olimpiya qo‘mitasida vitse-prezident etib saylandi. Ko‘p o‘tmay, u Dzyudo federatsiyasi vitse-prezidenti Bobur Shodiyev «Paxtakor» vitse-prezidenti etib tayinlanishi ortidan mazkur klubda bosh direktor sifatida ish boshladi. O‘sha yilning sentyabriga borib esa O‘zbekiston futbol federatsiyasi prezidentligiga yagona nomzod sifatida ushbu mansabni egalladi. Qisqa vaqtda o‘zini reformator sifatida ko‘rsatgan Ahmadjonov 2018 yil boshida Milliy olimpiya qo‘mitasiga rais etib saylangan edi.

Qo‘shimcha qilish joiz, Muhammadjonovich rasman O‘FF prezidenti sifatida 4 oy ishlagach, 2018 yil yanvarida vakolatlarini tashkilotning hozirgi bosh rahbari – Ochilboy Ramatovga topshirgan.

Ko‘proq yangiliklar: