Toshkentda uyi buzilishga tushgan aholi uchun yangi xonadonlar topshirilmoqda

Jamiyat 21:08 / 13.06.2019 11794

Toshkentdagi “Koh ota”, “Samarqand darvoza” va “Xasti imom” mahallalari aholisiga Chilonzor tumani Seul ko‘chasidagi azaldan Chilonzor oqtepasi nomi bilan mashhur bo‘lgan hududda qurilgan Oq-tepa sohil bo‘yidagi uylardan 360 ta xonadonning kalitlari topshirilmoqda.

Bundan bir qancha muddat oldin Toshkentdagi “Koh ota”, “Samarqand darvoza”, “Xasti imom” va “Janggoh” mahallalaridagi xususiy xonadonlar o‘sha hududlarda boshqa ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga ega obektlar qurilishi munosabati bilan buzilgan edi.

O‘shanda bu uylar egalariga zamonaviy sharoit va qulayliklarga ega yangi xonadonlar topshirilishi aytilgan edi. Aytilgan fursat yetib keldi, 360 ta oila uchun yangi uylar qurildi va foydalanishga topshirilmoqda. 

Eslatib o‘tamiz, Shayxontohur tumani Sebzor dahasi «Janggoh» mahallasida qurilish uchun buzish ishlari o‘tgan yil sentyabrida boshlangandi. 

O‘shanda Toshkent shahar hokimi v.b. Jahongir Ortiqxo‘jayev aholiga bir necha oy avval buzilish haqida tushuntirish ishlari amalga oshirilgani, ogohlantirishlar berilgani va hududda yashovchi xonadonlarga bir nechtadan zamonaviy ko‘rinishda qurilgan kvartiralar berilayotganini ta'kidlagandi.

Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 29 maydagi «Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolarga va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi qaroriga ko‘ra, turar joy olish uchun buzilayotgan uy (kvartira) egasidan bo‘lajak buzish to‘g‘risida bildirishnoma olinadi. Keyin u bir oy muddatda oila a'zolari yoki boshqa birgalikda yashaydigan (ro‘yxatdan o‘tgan) shaxslar bilan kelishgan holda tegishli tumanlar (shaharlar) hokimliklariga o‘ziga buzilgan uy-joy o‘rniga turar joy ajratish to‘g‘risida ariza berishi kerak. Arizada oila tarkibi, doimiy yashaydiganlar soni, turar joy maydonining ijtimoiy normasidan ortiqcha qo‘shimcha uy-joy maydoni olish uchun imtiyozlar ko‘rsatiladi.

Uylari (kvartiralari) buzilishi lozim bo‘lgan fuqarolar va yuridik shaxslar uchun ularning xohishiga ko‘ra yangi joyda uylar, imoratlar barpo etiladi hamda ularga mulk qilib beriladi. Bunda buzilayotgan uylar (kvartiralar), imoratlarning qiymati pul bilan qoplanmaydi.

Mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan uy, ishlab chiqarish imoratlari, boshqa imoratlar, inshootlar, dov-daraxtlar joylashgan yer uchastkasi olib qo‘yilgan holda unga avvalgisiga teng qiymatli mol-mulk beriladi va yer uchastkasi davlat yoki jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi oqibatida yetkazilgan zarar to‘laligicha qoplanadi.

Ko‘proq yangiliklar: