Toshkent Islom instituti talabalari 2018-2019 o‘quv yili davomida o‘ttizga yaqin muqaddas diniy kitoblarni to‘liq yod olishdi

Jamiyat 18:55 / 13.06.2019 5356

Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom universitetining 300 nafar talabalari 2018-2019 o‘quv yilida 12ta fan doirasida jami 28ta muqaddas diniy kitoblarni to‘liq yod olishdi. 85 nafar talaba buyuk muhaddislardan Abu Muso at-Termiziyning « Sunani Termiziy»  asarini tugatishdi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasida institut o‘qituvchi, talabalari, diniy ulamo vakillari ishtirokida «Xatmi kutub (muqaddas diniy kitoblarni o‘qib tugatganlik)»  tadbiri bo‘lib o‘tdi. 

Shuningdek, anjumanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov, O‘MI raisi o‘rinbosari Ibrohimjon Inomov, Islom instituti rektori Uyg‘un G‘ofurovlar ham ishtirok etishdi.

«Madrasalarda talabalar muqaddas kitoblarni o‘qib tugatishsa, bu o‘ziga xos bayram sifatida nishonlangan. Diniy ulamolarning duolari olingan. Mana bugun ham uzoq yillik an'anaga sodiq qolgan holda, ushbu ayyomni nishonlayapmiz. 2018-2019 o‘quv yilida institutning 20 nafardan ortiq o‘qituvchilari tomonidan 300 nafar talabalarga o‘quv yili boshidan Imom Termiziyning «Sunani Termiziy»  asari matni va uning sharhi hamda Imom Tahoviyning «Sharhi Maonil osor»  asari matni va uning sharhi asosiy va fakultativ dars sifatida o‘qitila boshlandi.

Shu bilan bir qatorda, «Aqoid va fiqhiy fanlar»,  kafedrasi o‘qituvchilari boshchiligida «Hidoya» , «Sharhul viqoya» , «Kanzud daqoiq» , «Al-ashboh van nazoir» , «Nurul anvor» , « Usulush Shoshiy» , «Sharhu Aqoidun Nasafiya» , «Zov'ul maoliy» , «Intibohotul mufida»  kabi ko‘plab kitoblar o‘qib tugatildi» , deya ma'lumot berdi G‘ofurov.

G‘ofurovning ta'kidlashicha, o‘tgan yili O‘zbekiston musulmonlar idorasi raisi boshchiligidagi delegatsiya Misrda Al-Azxar universitetiga bo‘lgan tashrif davomida bir qancha yo‘nalishlarda hamkorlik memorandumi imzolashdi. 

Unga ko‘ra, imomlar malakasini oshirish, o‘qituvchilarning magistratura va doktoranturada ilmiy ish qilishi, talabalar va o‘qituvchilar almashinuvi, xalqaro konferensiyalar, ilmiy-tadqiqotlar o‘tkazish, birgalikda o‘quv qo‘llanma, darsliklarni tuzish rejalashtirilgan.

Tadbir so‘ngida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov «Xatmul kutub» da fidoyilik ko‘rsatgan ustozlarni faxriy yorliq va pul mukofotlari bilan taqdirladi.

Ko‘proq yangiliklar: