O‘zbekiston parlamenti «Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish to‘g‘risida»gi qonun loyihasini qabul qilmadi

O‘zbekiston 16:00 / 13.06.2019 9191

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 13 iyun kuni bo‘lib o‘tayotgan yalpi majlisida «Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonun loyihasi muhokama qilindi va u deputatlar tomonidan qabul qilinmadi, deya xabar bermoqda «Yuksalish» umummilliy harakati.

Qayd etishlaricha, qonunning asosiy maqsadi — iqtisodiyotning yangi tarmog‘i hisoblanuvchi ushbu sohaning huquqiy asoslarini yaratish. O‘zbekistonda bugungi kunga qadar atom energiyasi masalalarni tartibga soluvchi maxsus qonun ishlab chiqilmagan. Qonunning asosiy vazifasi atom energiyasidan foydalanishda xavfsizlikni ta'minlashdan, insonning hayoti va sog‘lig‘ini, jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulkini, atrof-muhitni radiatsiyaviy ta'sirdan himoya qilishdan, atom energiyasidan foydalanish sohasida O‘zbekistonning xalqaro majburiyatlariga rioya etishdan iboratdir.

«Muhokamalar davomida deputatlar qonun loyihasida ko‘plab qarama-qarshiliklar va aniqlik kiritilishi lozim bo‘lgan normalar (shu jumladan, xorijiy tajribani o‘rganish) borligiga e'tiroz bildirdi. Ularning fikricha, hujjatda sohada jamoatchilik nazoratining aniq mexanizmlariga oydinlik kiritish lozim. Parlament a'zolari qonun loyihasini Oliy Majlis Qonunchilik palatasi mas'ul qo‘mitasiga qayta ishlash uchun yuborish haqida qaror qabul qildi», — deyiladi «Yuksalish»ning axborotida.

Ko‘proq yangiliklar: