Andijon shahridagi «Xolis» bozori 10 kunga yopiladi. Savdogarlar nimadan xavotirda?

Jamiyat 21:30 / 13.06.2019 31567

Andijon shahridagi “Xolis” savdo kompleksi viloyat markazidagi har kuni ish olib boruvchi va eng gavjum bozorlardan biri. Bu yerda asosan kiyim-kechak, maishiy texnika va ro‘zg‘or uchun zarur bo‘lgan turli buyumlar sotiladi. Umumiy maydoni 1,8 gektar. Hujjatlarga ko‘ra, kompleksda 560ta turg‘un savdo shoxobchalari faoliyat yuritadi.

13 iyun kuni “Xolis”da savdo qiluvchi tadbirkorlar bozorning 10 kun muddatga yopilishi va majmuada tekshirishlar davomida aniqlangan kamchiliklar bartaraf qilingach, qayta ochilishi haqida ogohlantirildilar.  

Bozorga shahar hokimi boshchiligidagi ishchi guruh kelib, savdo bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar bilan suhbat o‘tkazdi. Savdo majmuasi maydonchasida mutasaddilar bozorning nega o‘n kunga yopilishi haqida tushuncha berib o‘tishdi.

Tabiyki, bozorning  vaqtincha yopilishi haqidagi xabar savdogarlar noroziligiga sabab bo‘lmoqda. Chunki “Xolis” bozorida 1500ga yaqin do‘konchilar faoliyat yuritadi. Ularning oilalari tirikchilik manbai mana shu do‘konlardagi savdodan. 

Andijon shahar hokimligi bizga “Xolis” bozori faoliyatining to‘xtab turishi sabablari bo‘yicha ma'lumotlarni taqdim qildi.

Shahar hokimi tomonidan 10 iyun kuni “Andijon shahar “Xolis” MChJga qarashli Andijon shahar Bobur shoh ko‘chasi 28-manzilda joylashgan savdo kompleksi faoliyatini to‘xtatib turish to‘g‘risida”gi 407-Q qarorini qabul qilingan. Unda Vazirlar Mahkamasining 2000 yil 12 avgust kungi 315-sonli hamda 2012 yil 23 avgustdagi 253-sonli qarorlari talablari ijrosini ta'minlash maqsadida Andijon viloyati hokimligi ishchi guruhining “Xolis” savdo kompleksida o‘tkazgan o‘rganishi taqdimnomasiga asosan qaror qabul qilinganligi ta'kidlanadi.

Qarorda o‘rganish davomida aniqlangan qonun buzilish holatlari bartaraf etilgunga qadar “Xolis” savdo kompleksi faoliyatini 10 kunga qadar to‘xtatib turishi, MChJ rahbariga aniqlangan qonun buzilishlarini bartaraf etish choralarini ko‘rish belgilab qo‘yilgan. Bundan tashqari, hujjatda savdo kompleksi hududida faoliyat yurituvchi yuridik va jismoniy shaxslar o‘rtasida tushunmovchilik, norozilik va boshqa salbiy holatlar kelib chiqmasligi uchun tushuntirish profilaktika ishlarini olib borish uchun ishchi guruh tuzilishi ham qayd etilgan. Ishchi guruh rahbari A. Hoshimovga tadbirkorlarga qaror mohiyatini tushuntirish bilan birgalikda, tadbirkorlarga o‘n kun davomida savdo bilan shug‘ullanishni hududga yaqin bo‘lgan boshqa bozorlarda davom ettirish uchun zarur bo‘lgan choralarni ko‘rish yuklatilgan.

Viloyat hokimligi guruhi tomonidan yozilgan taqdimnomada bozor binosida arxitektura talablariga rioya qilinmayotganligi, sanitar-gigiyenik, yong‘in xavfsizligi bo‘yicha turli kamchiliklar, soliq tushumi bo‘yicha salbiy holatlar aniqlangani bayon etilganligini ko‘rdik.

Taqdimnomada “Xolis” MChJ tomonidan yo‘l qo‘yilayotgan bir qator kamchiliklar ham ko‘rsatib o‘tilgan.                                              

Tadbirkorlar nimadan xavotirda?

Yuqorida keltirganimizdek, “Xolis” bozorida  mingdan ziyod kishi faoliyat yuritadi. Bugun shahar hokimi boshchiligidagi guruh bozorga kelib, uchrashuv o‘tkazib, tadbirkorlarga ushbu yangilikni yetkazdi. Mutasaddilarga juda ko‘p savollar berildi. Javoblar tadbirkorlarni qoniqtirmagani aniq. Ular  bozorni ta'mir qilish va yangilash ishlari olib boriladigan bo‘lsa tadbirkorlarni birdaniga chiqarib yubormay, bosqichma-bosqich olib borilishi kerakligini so‘rashyapti. Ko‘pi esa bozordan chiqarib yuborilgach, qaytib kiritilmasligidan xavotirda.

 “Bizga o‘n kun davomida “Yangi bozor” va “Uzum bozori”da sharoit yaratilib, savdo qilib turishimiz aytilmoqda. Lekin har ikkala bozordagi do‘konlarni sotib olgan o‘z egalari bor. Bu biz uchun savdo qilgani joy yo‘q, degani. “Xolis” bozorimizda shuncha kamchilik bor ekan, shu paytgacha birin-ketin hal qilib yurishsa bo‘lmasmidi? Hozir rosa boshimiz qotdi”, deydi bozorda kiyim-kechak savdosi bilan shug‘ullanuvchi, o‘zini Akmaljon deb tanishtirgan tadbirkor.

 

 “Bozor ta'mirlanishiga o‘n kun vaqt yetarmikin? Oldimizdagi mashinalar qo‘yish maydonchasida savdo qilishga ruxsat berishsa yaxshi bo‘lardi. Tirikchilik o‘tkazib turardik. Shahar mutasaddilari bilan muzokaralar oxiriga yetmadi”, deydi yana bir sotuvchi ayol.

Andijonning “Yangi shahar” hududidagi “Uzum bozor” savdo kompleksi ko‘p yillar oldin qurilgan bo‘lsa-da, savdo yurmay kimsasiz joyga aylangan. “Xolis” bozoridagi tadbirkorlarning aytishlaricha, bo‘sh turgani bilan u yerga borib savdo boshlansa, har bir do‘konning egalari yetib keladi.

O‘tgan yillarda buzilgan “Yangi bozor” dehqon bozori o‘rnida qad ko‘targan yangi qurilib, foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilayotgan “Bozor” savdo majmuasi asosan oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga moslashgan va u yerda ortiqcha joy yo‘q.

Shahar hokimligi qarorida “Xolis” savdo kompleksi faoliyati 10 kun davomida to‘xtatib turilishi qayd etilgan. Ishchi guruh tadbirkorlarga xavotirga o‘rin yo‘qligini savdo kompleksi muddat oralig‘ida ishga tushishini bildirmoqda.

KUN.UZ voqealar rivojini kuzatib boradi.

Elmurod Ermatov, Andijon

Ko‘proq yangiliklar: