Davlat soliq qo‘mitasi: «Instagram'da reklama joylashtirish orqali pul topayotganlar soliq to‘lashi shart»

O‘zbekiston 15:55 / 12.06.2019 11201

12 iyun kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi mutasaddilari ishtirokida «Qo‘shimcha qiymat solig‘i va boshqa yangi soliqlar implementatsiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmuni va mohiyati» mavzusida brifing va jurnalistlar bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.

Muloqotda internetdagi maxsus sahifalar va Instagram, Telegram, Facebook kabi ijtimoiy tarmoqlarda reklama e'lonlarini joylashtirish orqali daromad olish va bundan soliq to‘lanishi shart yoki shart emasligi haqida savol berildi.

«Daromad olishga yo‘naltirilgan har qanday faoliyat turi tadbirkorlik hisoblanadi. Qanday yo‘l bilan daromad topishingizning ahamiyati yo‘q. Davlat ro‘yxatidan o‘tishingiz shart. Agar siz daromad topish faoliyati bilan shug‘ullanayotgan bo‘lsangiz, yo yakka tartibdagi tadbirkor sifatida yo yuridik shaxs sifatida albatta davlat ro‘yxatidan o‘tgan bo‘lishingiz kerak», — dedi Davlat soliq qo‘mitasi Matbuot xizmati vakili Muzaffar-Yusuf Nazarov.

Soliq organi vakillari blogerlarning ijtimoiy tarmoqlardagi kanallar, shaxsiy sahifalarda reklama joylashi va shu yo‘l bilan daromad orttirishiga «noqonuniy faoliyat» deya ta'rif berishdi.

«To‘g‘ri, qonunda blogerlik degan tushuncha yo‘q. Blogerlik faoliyat turi emas, bunga qonunchilikda ta'rif berilmagan. Lekin siz kimdandir pul olib, xizmat ko‘rsatayapsiz-ku. Bu xizmat ko‘rsatish evaziga haq olish hisoblanadi. Va xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq holat sifatida qayd etiladi. Qonunda blogerlik tushunchasi mavjud bo‘lmasa-da, xizmat ko‘rsatish degan tushuncha bor», — dedi Davlat soliq qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Aydos Qoshanov.

Davlat soliq qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Ahmadjon Suyunov ijtimoiy tarmoqda reklama joylab pul topayotgan blogerlar patent, ya'ni yakka tartibdagi tadbirkorni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida guvohnoma olishi kerakligini ta'kidladi.

Muloqotda qayd etilishicha, yangi tahrirdagi Soliq kodeksida elektron tijorat sohasida soliqlarning joriy etilishi ko‘zda tutilgan. Yaqin kunlarda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi.

Kun.uz jurnalisti ushbu masaladagi o‘z surishtiruvida ijtimoiy tarmoqlarda reklama tarqatuvchi mashhurlarning akkauntlarini tahlil etib, reklama mazmunidagi axborot mavjud qonunga muvofiq tarqatilmasligini ta'kidlagandi.

Ko‘proq yangiliklar: