Ektor Kuper: «Futbolchilar mening falsafamga ishonishmasa, men qo‘l beraman, quchoqlayman va ketaman...»

Sport 19:13 / 10.06.2019 30269

O‘zbekiston – Suriya o‘yinidan oldingi matbuoti anjumanining ikkinchi qismida Ektor Kuper OAV xodimlarining savollariga javob berdi. Murabbiy futbolchilar uning falsafasiga ishonishmasa, ketishini aytdi.

«Avvalo olimpiya terma jamoasini g‘alaba bilan tabriklayman. Ertangi o‘yin JCh saralashidan oldingi oxirgi o‘yin bo‘ladi. Bizning o‘ylab qo‘ygan rejalarimiz bor. Ular kichik detallar, lekin sinab ko‘rish uchun arzirli. Ertaga imkon boricha ko‘proq futbolchilarni sinab ko‘rmoqchiman. Ko‘proq futbolchilarni o‘rganishim kerak. Raqibni hurmat qilgan holda faqat g‘alaba haqida o‘ylayotganimizni aytmoqchiman.

Biz pozitiv bo‘lishimiz kerak. Hozirgacha qilgan ishlarimiz samara berishiga umid qilaman. Suriya bilan o‘yinda biz uchun natija muhim emas, asosiysi o‘yinlarni shakllantirishiz kerak. Umid qilaman, saralash boshlanganda bizning o‘yinimiz shakllangan bo‘ladi.

Zoteyev va To‘xtaxo‘jayev o‘ynamayapti? Men ularning imkoniyatini yaxshi bilaman, lekin bu futbolchilarga ham imkon berishga harakat qilamiz. Vaziyatdan kelib chiqib, yig‘inga kelgan hammani o‘ynatishga urinamiz. Yig‘in davomida faqat futbolchilarni sinab ko‘rish bilan cheklanishim ham mumkin edi, lekin men natija haqida ham o‘ylashim kerak. Har ikkisini uddalash esa murakkab.

Turkiya Fransiyani ham 2:0 hisobida yengganidan so‘ng xursand bo‘lish haqida o‘ylaganim ham yo‘q. Turkiya Fransiyani yenggani bizga hech narsa bermadi. Turkiya – Fransiya o‘yinini ko‘rgach, men turklarga qarshi juda yomon o‘ynamaganimizni angladik. Bilasizmi, Turkiya Fransiyaga 4 ta gol urishi mumkin edi.

Yaqinda bir odam bilan Igorning KXDRga urgan goli haqida gaplashdim. U Igor darvozabonning xatosidan keyin gol urganini aytdi. Ha, darvozabon xato qildi, lekin Igor o‘sha vaqtda tayyor bo‘lib turgani uchun gol urdi. Futbolda hamma narsani e'tiborga olish kerak. O‘sha vaqtda Igor bo‘shashganda, gol ura olmasdi.

Milliy jamoada «A» reja «B» reja, «S» reja degan narsa yo‘q. Bizning o‘z planimiz bor. Ha, biz katta jamoalarni mag‘lub etishimiz kerak. Bu uchun bizda ijobiy o‘zgarishlar bo‘lganini ko‘ryapman. Asosiysi biz o‘yin davomida o‘zgarish qila olyapmiz.

Futbolda doim muammo bo‘ladi. Biz kelgan vaqtimizda ham muammo bor edi, ishlash davomida ham bo‘lishi mumkin. Murabbiyning ishi o‘sha muammolarni tuzatish. Agar qaysidir murabbiy o‘z jamoasida muammo yo‘qligini aytsa, unga havasim keladi. Muammosi yo‘q murabbiy yo‘q deb o‘ylayman. Biz yiqilgandan keyin ham o‘rnimizdan turib harakatda davom etishimiz kerak. Mening falsafam shunday. Agar futbolchilar ham mening g‘oyalarimga, rejalarimga ishonishsa, nimagadir erishish mumkin. Agar bunday bo‘lmasa, ular mening falsafamga ishonishmasa, men hammaga qo‘l beraman, quchoqlayman va ketaman»,- deb murabbiyning so‘zlarini keltirmoqda Tribuna.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: