Tug‘ma yurak nuqsonini jarrohlik amaliyotisiz davolasa bo‘ladimi?

Light 12:10 / 09.06.2019 24577

Keyingi paytda tahririyatimizga ko‘plab ota-onalar tomonidan tug‘ma yurak nuqsoni (yurak porogi) kasalligi bilan bog‘liq (xayriya aksiyasini uyushtirib berishni so‘rab qilingan) murojaatlar soni ko‘paydi. Shundan kelib chiqqan holda tug‘ma yurak nuqsonlari to‘g‘risida ma'lumot berib o‘tamiz. Tug‘ma yurak porogi qanday xastalik? Kasallikning kelib chiqishi, uni tashxislash, davolash va oldini olish yo‘llari nimalardan iborat?

Bu savollarga javob olish uchun bugun malakali shifokor-kardioxirurg Jamshidjon Pirnazarov bilan suhbat uyushtirdik.

Tug‘ma yurak nuqsoni kasalligi haqida umumiy tushuncha berib o‘tsangiz.

— Tug‘ma yurak nuqsoni, ya'ni yurak porogi homilaning dastlabki 3 oyligida, bolaning yuragi rivojlanishida ma'lum bir tashqi yoki ichki faktorlar sababli yurakning morfologik o‘zgarishidir. Ya'ni, yurakning rivojlanishida turli buzilishlar paydo bo‘ladi. Shu sababli farzand tug‘ma yurak nuqsoni bilan tug‘ilish ehtimoli bor.

Tug‘ma yurak nuqsonlarining kelib chiqish sabablari qanday?

— Tug‘ma yurak nuqsonlari kelib chiqishi bo‘yicha nevrologik tug‘ma nuqsonlar va suyak-mushak tizimi nuqsonlaridan keyin 3-o‘rinda turadi. U bolalarning erta o‘limiga sabab bo‘ladigan kasalliklar qatorida turadi.

Juda ko‘pchilikni bu kasallik qanday kelib chiqishi qiziqtiradi. Ota-onalarning birinchi savoli «nima sababdan bolam bunaqa holatda tug‘ildi?» degan savol bo‘ladi.

Tug‘ma yurak nuqsonining kelib chiqish sababi hali to‘liq o‘rganilmagan. Olib borilgan izlanishlar kasallikka 30dan ortiq sababni ko‘rsatadi. Birinchi o‘rinda homila paydo bo‘lgandan keyin bolaga infeksiya yuqishi. Ya'ni onadan infeksiya o‘tishi. Bundan tashqari, tashqi muhit, zararli ob-havoning ta'sir qilishi natijasida ham bu kasallik kelib chiqishi mumkin. Homilador ayolning nevrologik holati ham ta'sir qilishi mumkin. Hozirgi kunda eng ko‘p sababchi bo‘layotgan omillardan yana biri bu homilador ayolning spirtli ichimliklar yoki tamaki mahsulotlarini iste'mol qilishidir.

Ota-onalarni ko‘p qiynaydigan savollardan yana biri - kasallikka ota sabab bo‘ldimi yoki ona? Bu hali to‘liq isbotlanmagan, lekin ma'lum bir foizda gen orqali o‘tadi, degan taxmin ham bor.

Tug‘ma yurak nuqsonlarining qanday turlari (guruhlari) bor?

— Ularni ikkita katta guruhga bo‘lsak bo‘ladi:

Birinchi guruh: kichik qon aylanish doirasida qon aylanish miqdorining kamayib ketishi bilan kechadigan poroglar. Bular «ko‘k poroglar» ham deyiladi.

Ikkinchi guruh: kichik qon aylanish doirasida qon aylanish miqdorining (bosimi) oshib ketishi orqali kechadigan poroglar. Bular «oq poroglar» deyiladi. Aynan oq poroglarning diagnostikasi, aniqlanishi kech qoladi. Sababi, bu kasalliklar yashirin kechadi. Natijada ko‘p holatlarda vaqt o‘tib ketadi. Operatsiyaga kech qolishimiz ham mumkin. Yana kardiologiyada ko‘plab uchrovchi yurak nuqsonlariga qorinchalararo to‘siq yetishmovchiligi, bo‘lmachalararo to‘siq yetishmovchiligi, aorta stenozi, aorta koarktatsiyasi, o‘pka arteriyasining stenozi kabilar kiradi.

Kasallikning belgilarini nimalarda ko‘rishimiz mumkin?

— Ko‘k porogli bolalarda tirnoqlarining uchi ko‘karishi, lablar atrofining ko‘karishi, yurganida hansirab, charchab va o‘tirib qolishi kabi belgilar kuzatilishi mumkin. Asosiy belgilari terining oqarishi, ko‘karish belgilari, yurak shovqinlari, rivojlanishdan ortda qolish, nafas va yurak yetishmovchiligi belgilaridir. Agar tug‘ma yurak nuqsoniga gumon bo‘lsa, EKG, rentgen, exoKG, yurak kateterizatsiyasi, aortagrafiya, kardiografiya, yurak MRsi o‘tkaziladi. Bo‘lmachalararo nuqsonlar hech qanday belgi bermasligi, yurakni eshitganda shovqin sezilmasligi mumkin.

Agarda ota-ona o‘z farzandida tug‘ma yurak nuqsoni borligini gumon qilsa, birinchi navbatda pediatrga yoki bolalar kardiologiga murojaat qilishi lozim. Ko‘p holatlarda ota-onalar ertaga yoki indinga, keyingi yilga boramiz deyishadi va kech qolishadi. Bunda kasallik asoratlangan va jarrohlik amaliyoti o‘tkazib bo‘lmaydigan holatga kelib qoladi. Tug‘ma yurak nuqsonini qancha erta aniqlab, jarrohlik amaliyoti o‘tkazilsa, bolaning reanimatsiya holatidan chiqishi, o‘zini tiklashi oson kechadi. Kasallikni erta aniqlash juda muhim. Agar vaqt o‘tkazib yuborilsa birinchi navbatda bolaning holati qiyinlashadi. Ikkinchidan, shifokorlar uchun ham murakkablik paydo bo‘ladi. Shuning uchun vaqtida aniqlab, oldini olish zarur.

Foto: Shutterstock

Tug‘ma yurak nuqsonini jarrohlik amaliyotisiz davolasa bo‘ladimi?

— Xalqimizda tug‘ma yurak nuqsoni yopilib ketadi degan tushuncha mavjud. To‘g‘ri, yopilib ketadigan nuqsonlar ham bor. Faqatgina shifokorlar «kutamiz» deb aytishsa kutish kerak. Masalan, bo‘lmachalararo tug‘ma yurak nuqsoni yopilib ketishi mumkin. Tug‘ma yurak nuqsoni aniqlangandan so‘ng, uni kutib, asorati chuqurlashib, operatsiya qilib bo‘lmaydigan holga olib kelgandan ko‘ra, vaqtida aniqlab, doimiy nazoratda bo‘lish maqsadga muvofiqdir. Turli tabiblarga borish tavsiya etilmaydi. Faqat jarrohlik amaliyoti bilan davolash mumkin.

Bugungi kunda respublikamizda bir yilda 9 minga yaqin bolada tug‘ma yurak nuqsoni aniqlanmoqda. Porog bilan tug‘ilayotgan bolalarni operatsiya qilishga markazlarimiz yetarli emas. Respublika bo‘yicha 2-2,5 mingta operatsiya qilishga imkoniyatimiz bor, xolos.

Tug‘ma yurak nuqsonlarini davolash, oldini olishga qaratilgan tadbirlar mavjud bo‘lib, bu sog‘lom turmush tarziga rioya qilish va kasallikni belgilariga qarab davolashdan iborat. Jarrohlik yo‘li bilan davolash zaruriyati tug‘ilganda, ko‘pincha tug‘ma yurak nuqsonlari bilan kasallangan bolalar 3-10 yoshligida operatsiya qilinadilar. To‘laqonli parvarish qilish orqali kasallik asoratsiz kechishiga erishish mumkin. Ularni tez-tez shamollaydigan kishilardan uzoqda tutish, har qanday nafas yo‘llari infeksiyalariga chalinsa, zudlik bilan davolash kerak. Sog‘lom farzand ko‘rish uchun avvalo ayollarning o‘zlari sog‘lom bo‘lishlari, spirtli ichimlik ichish va tamaki chekishdan voz kechib, qandli diabet kabi xastaliklardan saqlanishlari, yaqin qarindoshlik nikohlariga yo‘l qo‘ymaslik, homiladorlikning dastlabki uch oyida esa virusli infeksiyalarga chalinmasliklari lozim.

Rahmatullo Isroilov suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: