Promes vs Ronaldu. Yevropaning eng kuchlisi kim bo‘ladi?

Sport 13:30 / 09.06.2019 17547

Bugun, 9 iyun kuni Millatlar ligasida final uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Portugaliya va Niderlandiya turnir tarixidagi ilk chempion kim bo‘lishini aniqlab olishadi.

Ronaldu qachon va qancha kerak bo‘lsa o‘shanda va shuncha gol uradi

Millatlar ligasi yakuniga yetmoqda. Turnir g‘olibligi uchun yaqqol favorit yo‘q. G‘olib jamoa turnir tarixidagi ilk g‘olib maqomi va mukofot pullaridan tashqari, 2020 yilgi Yevropa chempionatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmani qo‘lga kiritadi. Millatlar ligasining avvalgi bahslari shunchaki o‘rtoqlik maqomida kechgan bo‘lsada, final o‘yini butunlay boshqa miqyosda - o‘rtaga haqiqiy sovrin tikilgan.

O‘yinga FIFA referisi, 45 yoshli Alberto Undiano Malenko hakamlik qiladi. Ispaniyalik hakam uchun bu faoliyatidagi oxirgi o‘yin bo‘ladi - u endi pensiyaga chiqmoqda. Bu arbitr faoliyati davomida 348 o‘yinda ishladi, shu jumladan 2010 yilgi jahon chempionatida ham.

Portugaliyaliklar yarimfinalni Portuda Shveytsariyaga qarshi o‘tkazishdi. Fernandu Santush bu o‘yinga yoshlik va tajribani uyg‘unlashtirgan tarkibni tushirdi, Krishtianu Ronaldu esa het-trik qayd etib, jamoasini finalga olib chiqdi. Bu uning faoliyatidagi 53-het-trik bo‘ldi.

E'tiborli jihati, portugaliyalik yulduz o‘tgan yil yozida Rossiyada bo‘lib o‘tgan jahon chempionatidan buyon ilk marta terma jamoa uchun gol urdi. Shu bilan birgalikda qachon va qancha kerak bo‘lsa shuncha. Shveytsarlarga qarshi o‘yin yakunlanayotgan pallada tabloda 1:1 hisobi porlab turganida Ronaldu ikki daqiqa ichida ikki gol urib, g‘alabani ta'minladi.

Enli u portugallarning Yevropa chempioni maqomi yoniga Millatlar ligasi g‘olibi maqomini ham qo‘shib qo‘yishi mumkin. Yana bir qadam qoldi.

Krishtian Ronaldu - albatta niderlandlar xavfsiraydigan yagona raqib futbolchisi emas. Portugallarning yangilangan tarkibidan 19 yoshli Joau Felish ham o‘rin olgan. U hali terma jamoa bilan sovrin yutmagan va uning sovrin uchun ishtiyoqi boshqalarnikidan yuqoriroq, deyish mumkin. U bu ishni bugunoq amalga oshirishga harakat qiladi.

Promes yana yetakchi

Portugallarning raqibi alohida tarix. Niderlandiya terma jamoasini barcha hisobdan chiqarganda bu jamoa uyg‘ondi. Ayniqsa shu mavsumda «qizil lolalar yurti» vakillari barcha darajada o‘zini ko‘rsatdi - «Ayaks» Chempionlar ligasida, Niderlandiya terma jamoasi Millatlar ligasida. Ronald Kuman shogirdlarining yarimfinalda inglizlar ustidan irodali g‘alabaga erishishi «Ayaks»ning yevromavsumda qilgan ishlari takrori kabi bo‘ldi.

Endi hamma Niderlandiya katta kuch ekanini anglab turibdi. Bu terma jamoa 2020 yilgi Yevropa chempionatida ham, 2022 yilgi jahon chempionatida ham asosiy favoritlar qatorida sanaladi. Ularning amaldagi Yevropa chempionlariga qarshi o‘yinini kuzatish qiziq bo‘ladi. Bu o‘yin amalda Yevropaning ayni vaqtdagi eng kuchli jamoasi kim ekanini aniqlab beradi. 

«Bu mavsum biz uchun hayratomuz kechmoqda. Biz Chempionlar ligasi yarimfinalida yutqazdik, ammo chempionatda va mamlakat kubogida g‘olib chiqdik. Endi esa bizda yana nimadir yutish imkoni bor», dedi «Ayaks» va «apelsinranglar» yarimhimoyachisi Frenki de Yong o‘yindan oldin.

To‘g‘ri, Angliyaga qarshi kechgan yarimfinal o‘yinining asosiy qahramonlari amsterdamliklar jamoasi vakillari emasdi. «Sautgeyt bolalari»ni Kvinsi Promes va Memfis Depay tandemi «ko‘mishdi». «Spartak»ning sobiq hujumchisi overtaymlarda g‘alaba goli muallifi bo‘ldi, sobiq «qizil iblis» esa uch golda ham ishtirok etdi. Promes ham, Krishtianu ham bir qanotda o‘ynaydi va bu o‘yin bu ikki futbolchining o‘zaro qarama-qarshiligiga aylanishi mumkin.

Bugun Angliya va Shveytsariya terma jamoalari o‘rtasida uchinchi o‘rin uchun bahs ham o‘tkaziladi. Uchinchi o‘rin uchun bahs Gimaraynshda (Toshkent vaqti bilan soat 18.00), final o‘yini – Portuda (Toshkent vaqti bilan soat 23.45) o‘tkazilishi belgilangan.

Ko‘proq yangiliklar: