Moldovada parokandalik: prezidentning vakolati bekor qilingan, Konstitutsion sud parlamentga qarshi

Jahon 20:40 / 09.06.2019 16128

Moldovada siyosiy inqiroz hukm surmoqda. Mamlakatning hukmron partiyasi hisoblangan Moldova demokratik partiyasi prezident Igor Dodon Konstitutsion sudning qarorini bajarmagani uchun iste'foga chiqishini talab qilgandi. Oxir-oqibat Dodon vaqtincha bo‘lsa ham «ishdan ketdi».

Moldova Konstitutsion sudi mamlakat prezidentining vakolatini vaqtincha bekor qildi. Moldovaning eng yuqori sud organi mamlakat bosh vaziri Pavel Filipni vaqtincha prezident etib tayinladi.

Konstitutsion sud bu qarorni Demokratlar partiyasi talabiga ko‘ra qabul qildi. Dodon 3 oy ichida parlamentni tarqatib yuborishi kerak edi va prezident bu ishni amalga oshirmaganini iddao qilgan demokratlar Konstitutsion sudga murojaat qilishdi. Sud esa talabni qanoatlantirib, Dodonni vaqtincha vakolatlaridan mahrum qildi.

Konstitutsion sud Moldovaning vaqtincha prezidenti etib tayinlagan Pavel Filipga mamlakat parlamentini tarqatib yuborish vakolatini yukladi va yangi prezident shunday qildi ham: «Biz boshqa partiyalarni ham jim turmasdan xalq oldida hisob berishga chaqiramiz. Moldova prezidentidan ham shuni so‘raymiz»,- dedi Filip. Mamlakatning vaqtinchalik prezidenti ayni damdagi inqirozdan chiqib ketishning muddatidan oldin saylovlarsiz imkoni yo‘qligini qo‘shimcha qildi.

Igor Dodon Rossiyaning «RIA Novosti» nashriga intervyu berar ekan (u rus nashrlarida tez-tez chiqish qilib turadi) mamlakatdagi holatlar hukumatni tortib olishdan boshqa narsa emasligini aytdi. Dodon feysbukdagi sahifasida odamlardan Demokratik partiya o‘tkazadigan aksiyalarda qatnashmaslikni so‘radi va hukumatning tinch yo‘l bilan topshirilishida vositachi bo‘lishga tayyorligini ma'lum qildi. Mamlakatning tarqatib yuborilgan parlamenti esa Moldovani «egallab olingan davlat» deb e'lon qildi.

Moldova Konstitutsion sudi prezidentga 3 oy ichida parlamentni tarqatib yuborish talabini qo‘ygandi va 8 iyun kuni bu vaqt tugadi. Shu bois Dodonning vakolatlari vaqtincha bekor qilindi. Moldova parlamenti deputatlari YeI tarafdori bo‘lgan ACUM bloki hamraisasi Mayya Sanduni bosh vazir etib saylashdi. Uning rahbarligidagi yangi hukumat tarkibi ham aniqlandi. Konstitutsion sud esa bu qarorni chiqishi bilan noqonuniy deb e'lon qildi.

Moldova parlamenti (yangi prezident tomonidan tarqatib yuborilgan parlament) Konstitutsion sudning chekloviga qaramay, yig‘ilish o‘tkazib, qarorlar chiqarishni ko‘zlamoqda. Fevralda o‘tkazilgan saylovlarda Igor Dodon yetakchiligidagi Sotsialistlar partiyasi parlamentning uchdan bir qismini egallagan bo‘lishsa-da, bu ularga hukumatni shakllantirish uchun yetarli bo‘lmagandi.

Ko‘proq yangiliklar: