Buxoroda xalqaro kurash musobaqasi boshlandi. Chempionlar 3 000 dollardan olishadi

Sport 17:30 / 09.06.2019 4857

Buxoroda kurash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun xalqaro kurash musobaqasi boshlandi. Musobaqada 21 davlatdan kelgan 135 nafar polvon qatnashadi. Kurashchilar jami 10ta vazn toifasida gilamga chiqadi.

Musobaqaning ochilish marosimidan so‘ng OAV xodimlari uchun matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda qatnashgan Xalqaro kurash federatsiyasi faxriy vitse-prezidenti, O‘zbekiston kurash federatsiyasi prezidentining birinchi o‘rinbosari Komil Yusupov o‘zbek milliy sporti hisoblangan kurash so‘nggi yillarda ommaviyligini yo‘qotgani haqida gapirdi.

«So‘nggi yillarda kurashga e'tibor biroz susaydi. Endi biz bunday ishlamaymiz va o‘zbek kurashiga yanada kuchli e'tibor berib, uning nafaqat xalqaro maydonda shu paytgacha erishgan obro‘sini tiklash, balki oldingidan ham yuqoriroq darajaga ko‘tarishga harakat qilamiz. Bugun Buxoroda ilk marta o‘tkazilayotgan ushbu xalqaro turnir shu ishlarning debochasi bo‘ladi.

Biz ushbu turnirni ham doimiy o‘tkazamiz. Shuningdek, dunyoning turli davlatlarida o‘tkazilishi to‘xtab qolgan xalqaro turnirlarni tiklaymiz. Qisqasi, oldingidanda shijoat bilan ishlaymiz.

O‘zbekistonda xalqaro kurash maktabini ochamiz. U Xalqaro kurash akademiyasi deb nomlanadimi yoki Xalqaro kurash instituti debmi farqi yo‘q. Muhimi, bu maktabda butun dunyodan kurash ixlosmandlari bo‘lgan yoshlar kelib kurash sir-asrorlarini, texnikasini, shuningdek hakamlikni o‘rganishlari mumkin bo‘ladi», deydi Yusupov.

Bu xalqaro musobaqaning sovrin jamg‘armasi 70 ming AQSh dollarini tashkil qiladi va 10ta yo‘nalishda g‘olib bo‘lgan polvonlar 3 000 ming AQSh dollar, kumush medal sohiblari 2 000 ming AQSh dollar, uchinchi o‘rinni olganlar esa 1 000 AQSh dollaridan mukofot olishadi.

Ko‘proq yangiliklar: