Krishtianu Ronaldu milliy jamoada o‘ynash baxti, yoshi va Millatlar ligasi finali haqida

Sport 09:44 / 08.06.2019 5145

Portugaliya milliy jamoasi hujumchisi Krishtianu Ronaldu Millatlar ligasining Niderlandiyaga qarshi kechadigan final o‘yini oldidan UYeFA rasmiy saytiga intervyu berdi.

– Milliy jamoaga qaytishingiz bilan darrov gol urdingiz. Taassurotlar qanday?
– Terma jamoada o‘ynash men uchun doim katta sharaf. Bu – mening milliy jamoam, uning formasini kiyish – ulkan faxr. Bunday musobaqada qatnashish o‘ziga xos tajriba, unda gol urish esa – nur ustiga a'lo nur.

– Yoshingiz o‘tib borayotganiga qaramay, hamon cho‘qqida turishni qanday uddalayapsiz?
– Hamma gap tayyorgarlikda – mening ishlash etikam shunaqa. 34 yosh bo‘lishimga qaramay o‘zimni a'lo his etyapman. Eng muhimi – sening o‘y-xayollaring. Asosiysi motivatsiya va baxtni his etish, yo‘ldan chalg‘imaslik. Hali futbolga yetarlicha foyda keltira olaman, deb o‘ylayman. O‘zimni juda yaxshi his etyapman!

– Tez orada Niderlandiyaga qarshi final bo‘lib o‘tadi. Raqib haqida nima deysiz?
– Niderlandiya milliy jamoasi rosa kuchli. Juda yaxshi o‘yin ko‘rsatishadi. Oxirgi o‘yinlarini ko‘rdim. Jamoada juda zo‘r o‘yinchilar – ham yosh, ham tajribali futbolchilar yig‘ilgan. Bu jihat ularning kuchini oshiradi.

– Yevro-2006 va Yevro-2016 musobaqalaridan keyin milliy jamoalar miqyosida ilk marta yirik turnir finalida o‘ynayapsiz. Bu musobaqaga qanday kayfiyatda keldingiz?
– Aytib o‘tganimdek, milliy jamoa libosini kiyishdan doim faxrlanganman. Klubdagi o‘yinlar bilan solishtirganda bu mutlaqo boshqacha hissiyot. Bu – bizning yurtimiz. Oilam Portugaliyadan, do‘stlarim ham. Portugaliyada o‘sib ulg‘ayganman, shunday ekan o‘z vataning sharafini himoya qilish – bu hisni taqqoslab bo‘lmaydi. Va, albatta, sovrinlar uchun kurashish milliy jamoadagi o‘yinlarga yana ham o‘zgacha kayfiyat beradi. Yevro-2004 va Yevro-2016 ham xuddi shunday kechgandi, hozir ham milliy jamoadagi ruhiyatim o‘shanday.

Bu – bizning uchinchi finalimiz. Unda ikkinchi sovrinimizni qo‘lga kirita olishimizga umid qilaman. Ajoyib natija bo‘lardi. Menda umid bor – jamoada ham. Kayfiyatimiz yuqori, o‘z uyimizda o‘ynaymiz. Muxlislarimiz qoyilmaqom muhitni yaratib, o‘zlaridagi ijobiy energiyani bizga ham ko‘chirishsa kerak. Hammamiz birgalikda chempion bo‘lish qo‘limizdan keladi.

Ko‘proq yangiliklar: