Rossiyada ilk marotaba o‘yinning kelishilgan ekani rasman tan olindi

Sport 17:28 / 07.06.2019 8904

Rossiya Futbol Ittifoqining (RFI) Nazorat intizom qo‘mitasi «Chayka» (Peschanokopskoye) – «Chernomorets» (Novorossiysk) o‘yinini kelishilgan ekanini aniqladi.

Rossiyada nufuzi jihatidan uchinchi o‘rinda turuvchi Professional Futbol Ligasi doirasida o‘tkazilgan o‘yinda «Chayka» 3:1 hisobida g‘alaba qozongan edi.

O‘yin  va uning atrofidagi tafsilotlar o‘rganib chiqilganidan so‘ng, RFI tomonidan bir qancha qoidabuzarliklar aniqlangan.

Birinchidan, «Chayka» klubi bilan yuqori ligaga chiqish uchun kurashayotgan «Urojay» klubining rahbari Gradilenko «Chernomorets» klubiga g‘alaba uchun 500 ming rubl mukofot va'da qilgan. Bu taklifni «Chernomorets» bosh murabbiyi Dishekov o‘yindan oldin futbolchilarga e'lon qilgan.

Biroq, 1-bo‘limdan keyin, hisob 1:1 bo‘lib turganida, «Chernomorets» himoyachilari Pulyayev, Reznikov va Yudin xatolarga yo‘l qo‘yib, raqibning osonlikcha 2ta gol urishiga imkon yaratib berishgan. Bu bilan «Urojay» klubi bilan kelishuvni buzishgan. Natijada, o‘yin paytida va o‘yindan keyin Pulyayev, Reznikov va Yudin bilan «Chernomorets»ning boshqa futbolchilari orasida nizo kelib chiqqan. O‘z maqsadiga erisholmagan Gradilenko esa ijtimoiy tarmoqlarda o‘yinning kelishilgan ekani haqida jar solgan.

«Chernomorets» futbolchilari RFI tomonidan o‘tkazilgan surishtiruv jarayonida Pulyayev, Reznikov va Yudinning o‘yinni boy berish evaziga kimdandir 1-2 million rubl olishi kerakligini (bu hali aniqlanmoqda) ta'kidlashgan. Pulyayev, Reznikov va Yudin buni tasdiqlab, keyinchalik pulni hamma bilan bo‘lishib olishni maqsad qilishganini aytishgan.

RFI aniqlangan faktlar bo‘yicha quyidagicha qaror chiqardi: 

-  Gradilenko o‘yin natijasiga ta'sir qilishda aybdor deb topilib, 1 yilga futboldagi faoliyatdan chetlatildi.
-  Dishekov o‘yin natijasiga ta'sir qilish uchun «Chernomorets» futbolchilariga bosim o‘tkazganlikda aybdor deb topilib, 1 yilga futboldagi faoliyatdan chetlatildi.
-  «Chernomorets» futbolchilaridan Reznikov, Yudin va Pulyayev 3 yilga diskvalifikatsiya qilindi.
-  O‘yin natijasi o‘zgarishsiz qoldirildi, chunki qo‘shimcha surishtiruv ishlari davom etmoqda.

RFI ma'lumotiga ko‘ra, hozirgi kunda o‘yin va uning atrofidagi tafsilotlar huquqni himoya qilish idoralari tomonidan ham o‘rganilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: