Telegram messenjeri asoschisi Pavel Durov o‘z kanalida bir oy ovqat yemaslikka qaror qilganini ma'lum qildi.
Durovning aytishicha, u oxirgi 15 yil davomida spirtli ichimlik, kofein, go‘sht, tabletkalar va fast-fud iste'mol qilmay qo‘ygan, bundan uning salomatligida yaxshi natijalar kuzatilgan. Bir yil avval u “yuqoriroq samaradorlik va teranroq fikrlashga erishish”, irodasini mustahkamlash, intizomliligini oshirish uchun o‘z ratsionidan glyuten, sut mahsulotlari, tuxum va fruktozani istisno qilgan. Bundan tashqari, Durov may oyidan faqat baliq va dengiz mahsulotlari iste'mol qila boshlagan.
“Bu oy men tubdan yangiroq usulni sinab ko‘raman va umuman ovqat yemayman. Oxirgi 6 kun davomida faqat suv iste'mol qildim va hozircha o‘zimni yaxshi his qilmoqdaman”, deb yozgan Durov va bu chora unga teranroq fikrlash va yuqori samaradorlikka erishishga imkon berishini qo‘shimcha qilgan.
Telegram asoschisi bunday parhez natijasida mushak massasini yo‘qotishini, biroq messenjeri uchun unga yangi g‘oyalar kelishi mumkinligini aytgan.