«Manchester Yunayted» yozdagi ilk transferini tasdiqladi

Sport 19:25 / 07.06.2019 9030

«Suonsi» yarimhimoyachisi Deniel Jyeyms «Manchester Yunayted»ning yozgi transfer mavsumidagi birinchi xaridi bo‘lishi to‘g‘risidagi xabarlar tasdiqlandi.

«MYu»ning Instagram`dagi rasmiy sahifasida ma'lum qilinishicha, ayni paytga kelib 21 yoshli uelslik vinger transferi bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Kelishuv shartlari hozircha noma'lum.

Avvalroq xarid qiymati 15 mln funt bo‘lishi taxmin qilinayotgan edi.

«Suonsi» rasmiy saytiga ko‘ra, bitim xalqaro transfer oynasi ochiladigan 11 iyundan keyin rasmiylashtiriladi.

OAVdagi ma'lumotlarga qaraganda, kelishuv haqida mavsum yakunlanishi bilanoq e'lon qilinishi kutilayotgandi. Ammo bu may oyida Denielning otasi vafot etgani sabab kechiktirilgan, mankunianliklar uning oilasiga vaqt berishga qaror qilgan.

Jyeyms o‘tgan mavsumda Chempionshipning 33ta o‘yinida maydonga tushib, 4+7 samaradorlik natijasini qayd etgan. «Suonsi» esa 24 jamoa orasida 10-o‘rinni egallagan.

Qayd etish kerak, Daniel yanvarda «Lids Yunayted»ga o‘tishga yaqin bo‘lgan va hatto yangi jamoada tibbiy ko‘rikdan ham o‘tgandi. Ammo transfer oynasi yopilishiga bir necha soat qolganda xarid bekor qilingan.

U 2018 yil kuzida Uels milliy jamoasida debyut qilib, 2019 yil martida Slovakiya bilan uchrashuvda (1:0) g‘alaba golini urgan va bu o‘yinning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan.

Ko‘proq yangiliklar: