Huawei’ga berilgan yangi zarba. Kompaniya smartfonlari WhatsApp, Instagram va Facebook’dan mahrum bo‘ldi

Fan-texnika 17:44 / 07.06.2019 17540

Huawei amerikalik yana bir hamkori – Facebook kompaniyasidan ayrildi. Endi Xitoy kompaniyasiga Facebook va Instagram ilovalari, WhatsApp messenjerini o‘rnatish taqiqlandi.

Taqiq mazmuni

Facebook kompaniyasi Huawei va uning Honor brendi bilan hamkorlikni to‘xtatganini ma'lum qildi. Ushbu rusumdagi smartfonlardan kompaniyaning barcha servislari, jumladan messenjerlar va Instagram g‘oyib bo‘ladi.

Foto: Chesnot via Getty Images

Huawei o‘z gadjetlariga Facebook ilovasi, WhatsApp, FB Messenger va boshqa ilovalarni o‘rnata olmaydi.

Taqiq ishlab chiqarishda bo‘lgan yoki yaqin vaqt ichida sotuvga chiqariladigan Huawei va Honor telefonlariga tegishli. Foydalanuvchilar qo‘lida yoki magazinlarda bo‘lgan qurilmalar uchun bu taqiq taalluqli emas, ilgari o‘rnatilgan Facebook ilovalari ishlashda davom etadi.

Yuklab olish mumkin

Facebook kompaniyasining Huawei’ga nisbatan yangi siyosati uning mobil dasturlaridan foydalanishni to‘liq taqiqlashni ko‘zda tutmaydi. Qurilmalar egalari bu dasturlarni Google Play internet-magazinidan yuklab olishlari mumkin.

Ammo bu imkoniyat tez orada yo‘q bo‘lishi mumkin –Google kompaniyasi Huawei bilan hamkorlikni avvalroq to‘xtatgan. Dastlab Android operatsion tizimi va Play Store magaziniga kirish yopildi, so‘ngra unga vaqtinchalik litsenziya berildi. Ushbu litsenziya muddati yoz oxirida yakuniga yetadi hamda Huawei va Google murosaga kela olmasa, Huawei smartfonlariga odatiy usul bilan ilovalar o‘rnatishning iloji qolmaydi.

Siyosat qurboni

Foto: Thomas Peter/Pool/Getty Images

Facebook, Google, Intel va boshqa qator Amerika kompaniyalarining Huawei bilan hamkorlikni to‘xtatishi Donald Trampning Xitoyga nisbatan siyosati natijasidir. Amerika prezidenti savdo urushida g‘alaba qozonish uchun qator choralarni ko‘rmoqda. Xususan, uning ma'muriyati buyrug‘i bilan 2018 yil dekabrda Huawei asoschisining qizi hibsga olindi.

Trampning siyosati boshqa davlatlar kompaniyalariga ham ta'sir qilmoqda – birgina may oyida Huawei avvaliga SD Association assotsiatsiyasidan chiqarib yuborildi, bu bilan u o‘z smartfonlarida microSD xotira kartalaridan foydalanish imkoniyatidan mahrum bo‘ldi, so‘ngra Wi-Fi Alliance va JEDEC kabi yirik tashkilotlardan ham quvildi. Ayniqsa, Britaniyaning ARM kompaniyasi Huawei’dan o‘z protsessorlaridan foydalanish litsenziyasini olib qo‘yishi qattiq zarba bo‘ldi.  

Bularning bari Huawei’ning moliyaviy holatiga ta'sir ko‘rsatdi – Yevropada Huawei va Honor brendidagi smartfonlar sotuvi chorak qismga pasaydi. Operatsion tizimda yangilanishlar bo‘lmasligi, Google Play’ning yopilishi esa kompaniya smartfonlarini katta ekranli va kuchli kamerali oddiy telefonlarga aylantiradi.

Ko‘proq yangiliklar: