«Oltin avlod»lar bahsi. Niderlandiya vs Angliya: Kimning yoshlari kuchli?

Sport 15:20 / 06.06.2019 13504

Bu ikki terma jamoaning qarama-qarshiligi keyingi yillarda Yevropadagi eng asosiy to‘qnashuvga aylanishi mumkin.

Millatlar ligasi. A divizion. 1/2 final.
6 iyun. Niderlandi - Angliya (Toshkent vaqti bilan soat 23:45).

Ketma-ket ikki marta jahon chempionatida kuchli to‘rtlikka kirgan terma jamoa keyingi ikki yirik turnirni o‘tkazib yuborishi - inqiroz demakdir. Qolaversa, Yevro-2016 turnirida ishtirokchilar soni oshirilib, 24taga yetkazilgandi. Bu turnirda Albaniya va Vengriya kabi terma jamoalar ishtirok etdi, ammo Niderlandiya emas. Bu shunchaki inqiroz emas, tub edi.

Ammo hozirgi Niderlandiya so‘nggi 12 uchrashuvidan faqat 3tasida yutqazdi - +5=4-3. Bu o‘yinlardagi raqiblar orasida Angliya, Portugaliya, Germaniya, Fransiya va Italiya (bu halqadan Slovakiya va Belarus tushib qoladi) kabi terma jamoalar ham bo‘lgani hisobga olinsa - jamoa uyg‘onish davrini boshdan kechirdi, deyish mumkin. Millatlar ligasida esa hollandlar Fransiya va Germaniyani ortda qoldirgan holda guruhda birinchi bo‘lishdi.

«Kapalak effekti»
Bunday tarixlarga nazar tashlar ekanmiz, tizimli inqirozlar keng ko‘lamli islohotlar o‘tkazish orqali hal qilinganiga guvoh bo‘lamiz. Misol sifatida, nolinchi yillar boshida Germaniya futbolidagi deyarli afsonaga aylangan o‘zgarishlarni keltirish mumkin.

Ammo Niderlandiyada boshqacha holat. Bolalar va o‘smirlar futbolidagi holat bu yerda hamisha maqtovga arzigulik bo‘lib kelgan. Buni ayni vaqtda «Vitess»da bosh murabbiy bo‘lib ishlayotgan rossiyalik mutaxassis Leonid Slutskiyning so‘zlari ham dalil bo‘la oladi: «Bu yili 2010 yilda tug‘ilgan bolalar chaqirildi. Arnemda 100 ming kishi yashaydi. Nima deb o‘ylaysiz, «Vitess» ko‘rigiga qancha bola keldi? 450 nafar! Menimcha, bu shaharda 2010 yilda tug‘ilgan bolalarning barchasi ko‘rikka keldi-yov. Barcha maktab yoshidagilar futbol bilan shug‘ullanadi yoki futbol maktablarida tahsil oladi. Bu yerda to‘rt yoshdan futbolga qatnay boshlashadi. Men yashaydigan joy atrofida 6ta havaskor jamoa bor. Bu jamoalarning turli yoshlardagi jamoalarida minglab yoshlar futbol bilan shug‘ullanadi. Bularning barchasi uchun davlat to‘laydi», degandi murabbiy.

Niderlandiyaning asosiy termasidagi holat esa bir qaror bilan bog‘liq va bu qaror «kapalak effekti»ga olib kelgan va 2017 yil kuzida jamoa tushkunlik tubiga yetgan. JCh-2014 dan keyin Lui van Gaal o‘rniga terma jamoa bosh murabbiyligini Ronald Kuman egallashi kerak edi. Barchasi amalda kelishib olingandi, ammo oxirgi daqiqalarda keksa, lekin shirin va chiroyli gapiradigan Guus Hiddink bosh murabbiylikka tayinlandi. U bilan niderlandlar Yevro-2016 saralashini muvaffaqiyatsiz boshladi - Chexiya va Islandiyadan mag‘lub bo‘lindi. Zudlik bilan terma jamoa boshqaruviga Danni Blind olib kelindi, keyin uni Dik Advokat almashtirdi. 
Ammo barbod bo‘lish mexanizmi ishga tushib bo‘lgandi. JCh-2018 saralashida ham muvaffaqiyatsizlikka uchragan Niderlandiya o‘rtoqlik uchrashuvlarida Shotlandiya (1:0) va Ruminiyani (3:0) mag‘lub etdi, ammo Advokat iste'foga chiqarildi. Bu jarayon federatsiya rahbariyatidagi bir qator amaldorlar ishdan bo‘shatilishi va 2018 yil fevralida terma jamoa Kumanga topshirilishi bilan yakunlandi.

Hollandcha uyg‘onish

Albatta, Kumanning omadi keldi: yangi murabbiyning ixtiyorida «Ayaks»ning yosh yulduzli avlodi to‘plandi - Frenki de Yong, Matteys de Ligt, Donni van de Bek. Shu bilan birgalikda, e'tirof etish kerakki, murabbiy bu yoshlarni tarkibga jalb etishda ikkilanmadi, qolaversa o‘yinni qura oldi. Kuman 2018 yilning martida, Angliyaga qarshi debyut o‘yinida de Ligtni terma jamoaga chaqirdi va uni avvalgi o‘yinlaridagi xatolariga qaramay asosiy tarkibda tushirdi (De Ligt terma jamoada 2017 yilning 25 martida, Bolgariyaga qarshi o‘yinda debyut qilgandi. Danni Blind «Ayaks»da endigina ikki marta asosiy tarkibda maydonga tushgan futbolchini saralashdagi muhim o‘yinda asosiy tarkibga qo‘ygandi. Ammo yosh futbolchining terma jamoadagi ilk o‘yini falokatga aylangan, u 5-daqiqada jarima maydonida to‘p uchun kurashda yutqazib, darvozaboni bilan to‘qnashib ketgan, Spas Belev gol urayotganda tomoshabinga aylangan, 20-daqiqada esa qanotdan kirib kelgan Delevni o‘tkazib yuborib, ikkinchi golda ham aybdor bo‘lgandi. Blind esa uni tanaffusda almashtirib tashlagandi. Bu holat yosh futbolchini sindirib qo‘ymadi va keyingi yillarda u van Deyk bilan birga himoya qo‘rg‘oniga aylandi).

Kumanda van Deyk, Veynaldum va Depay kabi - holland futbolining avvalgi avlodiga mansub bo‘lgan boshqa tajribali futbolchilar ham bor. Ammo ular Blind davrida, yumshoq qilib aytganda, terma jamoaning arzimas murvatlari bo‘lishgan. Xuddi, hozir «Ayaks»ning terma jamoada zaxirada o‘tiradigan vakillari kabi. Qolaversa, Kuman Propper, Vilen yoki Bergvayn kabi futbolchilarni tarkibda o‘ynata olmoqda.

Bu ko‘tarilish davri uzoq vaqt saqlanib qoladimi? Frenki de Yong va van de Bek - 22 yoshda, De Ligt - 19, van Deyk - 27, Veynaldum 28, Depay - 25, Promes - 27, Blind - 29 yoshda. Ular deyarli ideal tarkib hosil qilishgan. Agar bu futbolchilarga jarohatlar yoki faoliyatdagi boshqa noxushliklar xalal bermasa, bu banda 2020 yilgi Yevropa chempionatida ham, 2022 yilgi jahon chempionatida ham katta shov-shuv ko‘tara olishadi. Kumanning federatsiya bilan shartnomasi ham 2022 yilgi mundial yakuniga qadar tuzilgan.

Angliya konveyeri

Niderlandlarning yangi avlodi haqida ko‘pchilik faqat shu mavsumga kelib bilib olgan bo‘lsa, Angliya termasi so‘nggi yillarda barqaror o‘yin ko‘rsatib kelmoqda va bu yerda ham Belgiyadagi kabi «oltin avlod» barcha turnirlarda asosiy favoritlar qatorida sanalmoqda. Bu jamoaning yuqori imkoniyatlari haqida ilk bor JCh-2014 arafasida gapirila boshlangandi. O‘shanda nufuzli FourFourTwo jurnali turnir startida Uilsher, Uelbek, Starrij, Barkli va Sterling kabi yosh futbolchilar tasvirlangan muqova bilan chiqqandi. Lekin aslida ular keyingi to‘lqin darakchilari bo‘la olishdi, xolos. Ulardan uch nafarining faoliyati jarohatlar tufayli barbod bo‘ldi, Barkli esa «Everton»dagi bir yorqin mavsumdan keyin o‘sishdan to‘xtab qoldi va hozirda «Chelsi»ning zaxira futbolchisiga aylangan. Faqat Sterling rivojlanishda davom etib, haqiqiy yulduz darajasiga yetishdi.

Yevro-2016 turniriga esa Angliya Keyn, Alli va Reshford kabi yosh yulduzlar bilan tashrif buyurdi. Braziliyadagi mundialda ham, Fransiyadagi Yevropa chempionatida ham inglizlar muvaffaqiyatga erisha olishmadi, turnirdagi o‘yinlarda burchakdan to‘p uzatib berishga mas'ul qilingan hujumchi Keyn esa memga aylandi - hech kim nega Hojson bu baland bo‘yli hujumchini standart vaziyatda jarima maydonida yuqoridan uzatiladigan to‘p uchun kurashish pozitsiyasiga emas, standartni ijro etish ishiga qo‘yganini tushunmadi. Keyn uzatgan to‘plar esa aksar hollarda jarima maydonining qaysidir uzoq chizig‘iga yo‘nalavergandi. Angliya nimchorak finalda Islandiyaga sensatsion ravishda mag‘lub bo‘lib, Yevropa chempionatini tark etdi.

Yulduzlar oqimi nihoyat 2018 yilgi jahon chempionatida natija keltirdi, 1990 yilgi mundialdan buyon ilk marta Angliya yarimfinalga chiqdi - bu jamoada yangi nomlardan Stounz, Lingard va Loftus-Chik bor edi.

Millatlar ligasining final bosqichi uchun esa Aleksandr-Arnold (20 yosh), Chiluell (22 yosh), Rays (20 yosh) va Bundesliganing yakunlangan mavsumini «portlatgan» Sancho (ushbu 19 yoshli vunderkind «gol+pas» tizimida «12+18» ko‘rsatkichini qayd etdi) zayavka qilindi.

2017 yil bolalari
Bu yerda tizimlilik bor. 2017 yilda Angliya U-17 terma jamoasi jahon chempionatida g‘olib chiqdi va Yevropa chempionati finalida o‘ynadi; U-19 terma jamoasi Yevropa chempionatida g‘olib bo‘ldi; U-20 terma jamoasi ham jahon chempionatida va Tulondagi nufuzli turnirda tengsiz bo‘ldi; U-21 terma jamoasi Yevropa chempionatida yarimfinalgacha bordi. Bu jamoalarning g‘alabalarida ishtirok etgan ko‘plab nomlar klublardagi faoliyati orqali ham muxlislarga tanish - Foden «Manchester Siti»ning asosiy tarkibida, Meytland-Nayls «Arsenal»da, Kenni, Kalvert-Lyuin va Lukman «Everton»da javlon urmoqda. Yorqin o‘yinlari orqali «Chelsi»dan «Bavariya»ga o‘tishi kutilayotgan Hadson-Odoi agar jarohat olmaganida asosiy terma jamoaning asosiy futbolchisiga aylangan bo‘lardi.

Ularning barchasi qayerdan chiqdi? Qisqacha aytadigan bo‘lsak, Angliya top-klublari so‘nggi o‘n yillikda o‘z akademiyalarini rivojlantirishga katta ahamiyat qaratishdi, bu esa oxir-oqibat natijalar bera boshladi. 

Fransiya chempionlikdan sarmast bo‘lib turganida, Xorvatiya eng muvaffaqiyatli avlodi bilan cho‘qqidan qayta boshlaganida, Ispaniya va Germaniyada qayta qurish davri kechayotganida, Portugaliya esa Ronalduga izdosh qidirish bilan band bo‘lganida aynan Angliya va Niderlandiya Yevropa futbolidagi eng asosiy ikki terma jamoaga aylandi va bu keyingi yillarda ham saqlanib qolishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: