G‘olib katta pul oladi. Millatlar ligasida yarim final o‘yinlari boshlanmoqda

Sport 21:00 / 05.06.2019 16249

Yozning birinchi haftasida Portugaliya, Niderlandiya, Angliya va Shveytsariya Millatlar ligasining 2018/2019 yilgi mavsumi g‘olibini aniqlashadi.

Turnirning finali qayerda bo‘lib o‘tadi?
O‘yinlar Portugaliyaning ikki shahrida bo‘lib o‘tadi: Portu va Gimaraynsh.

Portugaliya – Shveytsariya juftligidan iborat birinchi yarimfinal 5 iyun kuni Portudagi «Dragau» stadionida boshlanadi (Toshkent vaqti bilan 23:45). Niderlandiya – Angliya uchrashuvi 6 iyun kuni Gimaraynshdagi «Afonsu Enrikesh» stadionida bo‘lib o‘tadi (Toshkent vaqti bilan soat 23.45).

Qiziq tomoni, 1 iyun kuni holatiga ko‘ra ham Portugaliya terma jamoasi ishtirokidagi o‘yin uchun chiptalar hali to‘liq sotib bo‘linmagan va ularni 50 foizlik chegirma evaziga ham qo‘lga kiritish mumkin edi.

Uchinchi o‘rin uchun bahs va final 9 iyun kuniga belgilangan. Birinchisi – Gimaraynshda (Toshkent vaqti bilan soat 18.00), ikkinchisi – Portuda (Toshkent vaqti bilan soat 23.45).

Terma jamoalar nima uchun kurashadi?
Millatlar Ligasidagi g‘oliblik aytarli darajada jozibadorlikka ega emas. Ammo bu turnir tarixidagi ilk chempion sifatida tarixga kirish imkoniyatidir. Shu bilan birgalikda, yarim final ishtirokchilari bo‘lgan Portugaliya, Shveytsariya, Niderlandiya va Angliya Yevro-2020 turniriga guruh bosqichi orqali yo‘l ololmasa, saralash bosqichi pley-offida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi.

Millatlar ligasi to‘rtligi qancha mablag‘ ishlab oladi?
G‘olib – 6 million yevro
2-o‘rin – 4,5 million yevro
3-o‘rin – 3,5 million yevro
4-o‘rin – 2,5 million yevro
Ishtirok uchun – 4,5 million yevro

Ya'ni, Millatlar ligasi g‘olibi 10,5 million yevroga ega bo‘ladi.

Terma jamoalar
Portugaliya. Bosh murabbiy Fernandu Santush Rossiyadagi jahon chempionatidan keyin tarkibni yangiladi. Masalan, Millatlar ligasida 19 yoshli Joau Feliks o‘ynadi, unga ayni vaqtda Yevropa grandlari 100 million yevrodan ortiq pul to‘lashga tayyor. Yangi tarkibda mahalliylashtirilgan braziliyalik, 29 yoshli Diyegu Souza ham bor.

Bortdan tashqarida qolganlar haqida gap ketsa, birinchi navbatda yosh hujumchi Andre Silvani tilga olish mumkin. So‘nggi vaqtlarda 23 yoshli futbolchi Portugaliya termasida Krishtianu Ronalduning asosiy sherigi bo‘lib kelayotgandi. Ammo Silva jarohat tufayli turnirda ishtirok eta olmadi. Shu bilan birgalikda, «Sevilya» bosh murabbiyi Xoakin Kaparros (transfer huquqi «Milan»ga tegishli bo‘lgan Silva 2018-19 yilgi mavsumni ijara asosida «Sevilya»da o‘tkazdi) esa futbolchini o‘zini jarohat olgan qilib ko‘rsatishda aybladi. Santush esa forvardni terma jamoa shifokorlari tibbiy ko‘rikdan o‘tkazgani va u kerakli muddatda safga qayta olmasligini bildirgandi.

Jamoada Joau Mariu ham yo‘q. Sababi ma'lum: «Inter»da o‘yin amaliyoti bo‘lmagani va Portugaliya terma jamoasi yarimhimoyasidagi yuqori raqobat.

Qiziq tomoni, turnir mezbonlari tarkibida mamlakat chempioni «Benfika»dan 4 nafar va Angliya chempionatida shov-shuv ko‘targan «Vulverhempton»dan 4 nafar futbolchi bor. 

Tarkib bo‘yicha ikki savol bor: Hujum chizig‘ida Ronaldu bilan kim o‘ynaydi? Yevromavsumda eng ko‘p gol urgan yarimhimoyachi Brunu Fernandesh (u «Sporting» tarkibida mavsum davomida jami 32 gol urdi) bu jamoada qanday o‘ringa ega bo‘ladi?

Birinchi savolga javob o‘yin uchun tanlanadigan sxemaga bog‘liq. 4-4-2 sxemasida Joau Feliks, 4-3-3 sxemasida esa Gonsalu Gedesh va Bernardu Silva Ronalduga sherik bo‘lishi mumkin. Fernandesh esa jamoa maydonga 4-3-3 sxemasida tushib, 4-2-3-1 sxemasida harakatlanishga o‘tsa foydali bo‘lishi mumkin. Bu holatda Karvalyu va Moutinyu tayanch zonasida, Fernandesh esa hujumga yaqinroq o‘ynaydi. Lekin Fernandu Santushdan har qanday syurpriz kutish mumkin.

Shveytsariya. Final bosqichiga yo‘l olish arafasida shveysarlar terma jamoasi bosh murabbiyi Vladimir Petkovich uning jamoasi Portugaliyaga qarshi o‘yinda favorit ekani haqida gapirdi.

«Biz favoritmiz. Bizda talantli futbolchilar yetarlicha. Shunday ekan biz keng fikrlashimiz kerak. Bu turnir katta terma jamoalar bilan o‘ynashga imkoniyat yaratmoqda. Avvallari bu oson ish emasdi», dedi Petkovich matbuot anjumanida.

Terma jamoasiga oxirgi bo‘lib shu kunlarda «Liverpul» bilan YeChLda g‘olib bo‘lgan Sherdan Shaqiri kelib qo‘shildi. Lekin terma jamoa sardori Shtefan Lixshtayner zayavkaga kiritilmadi. Ushbu himoyachi ayni vaqtda Shveytsariya terma jamoasida o‘tkazilgan o‘yinlar soni bo‘yicha uchinchi o‘rinda - 105 o‘yin. Petkovichning izoh berishicha, Lixshtayner jarohat tufayli guruh bosqichi o‘yinlarida ishtirok eta olmagandi va endi jamoa o‘zgartirishlar qilmasdan turnirni yakunlab qo‘yadi.

Bu terma jamoaning asosiy yulduzi sifatida hujumchi Xaris Seferovichni aytish mumkin. «Benfika» a'zosi bo‘lgan bu futbolchi Portugaliya futboli bilan yaxshi tanish. Bir yil muqaddam u na klubida va na terma jamoada gol ura olmasdan, hamma joyda hushtakbozliklar ostida qolardi. Keyin esa unda qayerdandir kuch paydo bo‘ldi va «Benfika» safida bir mavsumda 27 gol urdi, Millatlar ligasidagi 5 uchrashuvda raqiblar darvozasini 4 bor ishg‘ol etdi.

Niderlandiya. Bir yilcha oldin niderlandlar bosh murabbiyi Ronald Kuman inqilobini boshlagandi va endi u o‘zi qurgan jamoa bilan sovrin yutishga harakat qilib ko‘radi.

Niderlandlar JCh-2018 saralashidagi omadsizlikdan keyin butunlay o‘zgarishdi. Dik Advokatdan keyin terma jamoani qabul qilib olgan Kuman jamoani avvalgi darajasiga qaytara oldi.

E'tiborli jihati, Kumanning debyuti hozirda Millatlar ligasi yarimfinalidagi raqib bo‘lmish Angliya bo‘lgandi. O‘shanda hollandlar 0:1 hisobida yutqazib qo‘yishgandi. Lekin so‘nggi bir yil ichida terma jamoa faqat ikki bor yutqazdi. Yoshargan Niderlandiya Millatlar ligasidagi «o‘lim guruhi»da barchani hayratga solgan holda Fransiya va Germaniyani ortda qoldirdi. Kumanning siri nimada? Asosiysi, u tarkibni yangiladi va boshqa futbolchilarga ishonch bildirdi. U «Ayaks»dan de Ligt va de Yongni, «PSV»dan Dyumfris va Bergveynni tarkibga jalb qildi. «Liverpul»dagi van Deyk va Veynaldum, «Atalanta»dagi de Ron hamda «Lion»dagi Depay esa jamoaning yetakchilariga aylantirildi. Natijalar ko‘p kuttirmadi.

Angliya. Terma jamoa bir necha yildan buyon barqaror o‘ynab kelmoqda. Garet Sautgeyt jamoasi JCh-2018 turnirini juda kuchli o‘tkazdi, inglizlar finalga chiqishiga bir baxya qoldi. Sautgeytning siri nimada? Bu yerda hollandlarda bo‘lganidan farqli ravishda barchasi murabbiy qarorlari bilan bog‘liq emas. Angliyada yosh futbolchilarni tayyorlash tizimi o‘zgardi. Asosiy e'tibor sifatli futbolchilar bilan birgalikda sifatli murabbiylar tayyorlashga ham qaratildi.

Endi terma jamoaga juda ko‘p futbolchilar da'vogarlik qila boshladi va Sautgeyt bu mavsumda «Tottenhem» bilan YeChL finaliga chiqqan Kiran Tripper hamda Harri Uinksga terma jamoadan joy topib bera olmadi.

«Uinks bizga juda yoqadi. Bu juda og‘ir qaror bo‘ldi. U jarohat tufayli ikki oycha vaqtni o‘tkazib yubordi. Men uni turnir startiga ikki kun qolganida mashg‘ulot maydonida ko‘rsam hayron bo‘lardim. Tripper masalasiga kelsak, u jahon chempionatida bizga ko‘p yordam bergandi. Ammo Aleksandr-Arnold va Uoker mavsumni juda kuchli o‘tkazishdi. Tanlov qiyin, raqobat katta», deydi Sautgeyt muhim o‘yindan oldin.

Ko‘proq yangiliklar: