«Oq soqolli ustoz». Bo‘z tumanida boks to‘garagi ochib, bolalarni shug‘ullantirayotgan 70 yoshli otaxon haqida

Sport 18:10 / 30.05.2019 24462

Ba'zida ko‘rib turgan narsaga qarab o‘zingiz ishonmaysiz. Tasavvur qiling, 70 yoshga kirgan ota. Bu yoshda odam o‘z qaddini tik turib yurishi, yugurishi, faol harakat qilishi noodatiy hol.

Andijon viloyati, Bo‘z tumani, «G‘olib» qishlog‘ida yashovchi Shermuhammad ota qilayotgan ishlar bilan tanishib, hayratdan yoqa ushladik.

Video: Youtube

Video: Mover (tas-ix)

Ko‘ksidagi oppoq soqoli yarashib turgan 70 yoshli faxriy - Eshmatov domlani o‘z qishlog‘idagi 6-sonli umumta'lim maktabi sport maydonchasida mahalla bolalari bilan mashg‘ulot o‘tayotganida uchratdik. U 25-30 chog‘li o‘quvchi bilan zarbalar ustida ishlayotgan ekan.

Darsga xalaqit bermay 20 daqiqa maydon chetida jarayonni kuzatib turdik. Otaning yosh yigitlardek chaqqon harakat qilishi, shijoati tahsinga, hayratga loyiq.

«50 yil maktabda adabiyot o‘qituvchisi bo‘lib ishladim. Hozir yoshim 70da. Nafaqaga chiqqanman. Sportga yoshligimdan mehr qo‘yganim uchun undan uzoqlasha olmadim. E'tibor bersam mahalla bolalarida sportga boksga qiziqish katta. O‘zim boks bilan uzoq yillar davomida shug‘ullanganim uchun, ko‘chada bolalarni to‘plab, ochiq havoda mashg‘ulot o‘ta boshladim. Avvaliga o‘g‘limning chekida (Andijonda uy qurish uchun berilgan yer maydoni «chek» deyiladi) shug‘ullandik. Asta-sekin bolalar soni ko‘payib ketdi. Chekka sig‘may qoldik. Mana 6-sonli umumta'lim maktabi sharoit qilib bergan. Maktabda bolalarga boks sirlarini o‘rgatyapman. Bolalarning sportga qiziqishini esa o‘zingiz ko‘rib turibsiz. Juda katta intilish bor ularda. Natijalarimiz ham yomon emas, shogirdlarim viloyat birinchiliklarida g‘olib bo‘lishyapti. To‘garagimizga qizlarimiz ham kelib shug‘ullanadi. Ular orasida ham viloyat chempionati sovrindorlari bor.

Balandparvoz gaplardan yiroqman. Lekin men bolalarga urishishni emas, balki o‘z tanasi va ruhiyati tarbiya topishi kerakligini uqtiraman. Ko‘cha-ko‘yda bekor vaqt o‘tkazganidan sport, ilm bilan shug‘ullangan yaxshi», deydi ota.

Otaning chaqqon harakatlanishi, energiyasi 40-45 yoshli kishilarni eslatadi. O‘quvchilari uning aytganlarini so‘zsiz bajarayotgani uning bolalar o‘rtasida hurmati juda baland ekanligidan dalolat.

Maktab direktori Mahliyoxon Begnazarova ota va uning to‘garagi haqida so‘zlab berdi.

«Har kuni ishdan qaytayotganimda otaning bolalar bilan yugurib, shug‘ullanayotganini ko‘rib, kuzatib yurdim. Keyin orqalaridan borsam, ustozimiz o‘z o‘g‘lining chekida har xil yog‘ochlardan ring yasab, tepasini salafan bilan yopib, qo‘lbola mashg‘ulot zali paydo qilibdi. Domla bizga adabiyotdan dars berganlar. Bolalar bilan astoydil mashg‘ulot o‘tayotgan domla bilan uzoq suhbatlashib o‘tirib, otaga, «Maktabimizga kelib, mening o‘quvchilarimni ham o‘z shogirdlaringizga qo‘shib shug‘ullantiring», deb iltimos qildim. Domla rozi bo‘ldi. Hozir mana sharoitlarni o‘zimiz qilyapmiz. Ring keltirdik. Oppoq soqolli, nuroniy domla-murabbiy bilan maktabimizga o‘zgacha fayz kirdi», deydi u.

Turli vazirliklar, jamoat tashkilotlari, «Yoshlarning vaqtini mazmunli o‘tkazish, ularni vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash maqsadida», degan shiorlar bilan ko‘plab loyihalar tashkil qilishadi. Yoshlar o‘sha tadbirlarda nomiga qatnashishadi.

Bo‘zda esa boshqacha... Oqsoqol murabbiy va uning shogirdlari ana shunday qarorlarni chin dildan o‘z xohishi bilan tashkil qilishgan. Maqsadlari ham aniq, sog‘lom va aqlli bo‘lish.

O‘tgan hafta, aynan mana shu 6-maktabda Olimpiya chempioni Muhammadqodir Abdullayevning boks maktabi ish boshladi.

Endi 30-35 yoshga kirib, «Sport bilan shug‘ullangani vaqt yo‘q. Semirib ketyapman. U yerim og‘riydi, bu yerim nosog‘», deydigan yoshlar andijonlik Shermuhammad otani ko‘rib o‘rnak olsinlar. 70 yoshga kirgan ota, ba'zi qorin solgan yigitlardan baquvvat va epchil.

Kinochilar, adiblar «Bugunning qahramoni» prototipini topish qiyin», deyishadi. Bo‘zga keling. Bugunning asl qahramoni ham mana shu – Shermuhammad ota bo‘lsa kerak.                                                     

Elmurod Ermatov, Andijon
Kun.uz muxbiri
Tasvirchi: Ahrorbek Yoqubjonov

Ko‘proq yangiliklar: