Bizning asosiy muammomiz
Jamiyatda liberal-demokratik prinsiplarning yo‘qligi – bu birinchi va asosiy muammo! G‘arbda odamlar shunday o‘ylaydilar: “qonun tomonidan taqiqlanmaganmi, demak mumkin”, va shundan kelib chiqib o‘z manfaatlarini himoya qiladilar. Bizda esa bu masalaga boshqacharoq yondoshiladi: “Ruxsat berilmaganmi, demak qonun tomonidan taqiqlangan!”. “Orel i reshka” ko‘rsatuvidagi no photo, no video esingizdadir!? Ko‘chada, binolar oldida, xiyobonlarda, umuman hamma joyda suratga olish taqiqlanadi. Ko‘chalardaki shunday holat ekan, binolar ichini gapirmasa ham bo‘ladi. Aytaylik, inson o‘z g‘oyasini amalga oshirmoqchi, ammo davlatda albatta unga qarata no photo, no video deydigan odam topiladi. Rivojlangan davlatlarda esa g‘oyalar qonunlarga zid kelmasa, ularni hayotga tatbiq etishga shitob bilan kirishiladi.
Bizda esa odamlar hatto urinib ko‘rishga ham hayiqadilar.
Bunga yorqin misol – Uber. U juda ko‘p davlatlarda deyarli qonuniy tus olgandi. Bir tarafdan qarasang qonuniy ishlayotgan taksi, boshqa tomondan esa yo‘q. Bahsli holat, to‘g‘rimi? Ular nima qildilar? O‘zlarining va mijozlarining manfaatlarini himoya qiluvchi kampaniya boshladilar. Sababi Uber hamma uchun qulay edi-da. Masalan mening mashinam bor va uning yordamida taksichilardek daromad qilmoqchiman. Uber menga ishlash bo‘yicha standartlar va tushunchalar berayapti. Xo‘sh, nega endi bu amalga oshmasligi kerak?
O‘zbekistonda Yandex bilan nima bo‘ldi? “U ham nolegal ishlamoqda. Keling, uni ham javobgarlikka tortib, faoliyatini to‘xtatib qo‘yamiz”.
Mana shunday. Liberalizm yo‘q. Bu bizning hammamizning, butun jamiyatning muammosi. Ammo masalaning boshqa tomoni ham bor: mana, biz siz bilan shu mammo haqida ochiq gaplashib o‘tiribmiz, demak bu ham yutuq, o‘ziga xos ijobiy siljish bor.
“UZTELECOM” MONOPOLIYaSI HAQIDA
“UZTELECOM” yana bir muammo. Biz o‘zimizning “skayp”imizni ishga tushirmoqchi bo‘ldik va kirish-chiqish qo‘ng‘iroqlarini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirdik. Taklif tayyor bo‘lganidan so‘ng sinov tariqasida ishlatib ko‘rib, yo‘lga qo‘yish bo‘yicha murojaat qilganimizda ma'lum bo‘ldiki, alohida qarorga ko‘ra bu bo‘yicha ham “UZTELECOM” monopoliyasi mavjud ekan. Hatto siz Beeeline yoki Ucell kabi yirik operator bo‘lsangiz ham respublika bo‘yicha har qanday qo‘ng‘iroqlar shu kompaniya orqali o‘tishi shart ekan.
Men “UZTELECOM”ga xat yo‘lladim, loyiha ko‘pchilik uchun manfaatli bo‘lishini tushuntirishga harakat qildim. Meni uchrashuvga taklif qildilar va shunday tushuncha berdilar – to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa bo‘lmaydi. “O‘z loyihangni amalga oshirmoqchimisan, biz bilan ishlaysan. Bizning o‘z tariflarimiz bor”. Men bu narxlarni o‘rgandim va amin bo‘ldimki, ular raqobatbardosh emas hamda mening loyihamga mos kelmaydi. Sababi bu loyiha birinchi navbatda o‘z odamlarimizga, ish izlab xorijga ketgan yurtdoshlarimizga yoki o‘zimizda ish qidirayotganlarga mo‘ljallangandi. Ular xorijdan turib o‘z yaqinlariga juda qimmat narxda qo‘ng‘iroq qiladilar, chunki o‘z narxini o‘rnatgan monopolist bor. Aynan monopoliya tufayli bizda yuqori texnologiyalar bo‘yicha aytarli yutuqlarga erishilmayapti. Nega bizning mamlakatda yana bir yoki bir necha telekom-kompaniya tashkil etish va narxlarni bozorga muvofiqlashtirish mumkin emas?
DAVLAT APPARATIDA IShLASAM NIMANI O‘ZGARTIRARDIM?
Davlat biznesga xalal bermasligi, aksincha samarali, halol va shaffof ishlashini ta'minlab berishi lozim.
Birinchi o‘rinda amaldorlarning maoshini ko‘targan bo‘lardim. Hozir amaldorlar ko‘pi bilan qancha olishyapti? 5 millionmi? Balki 15 million so‘mdir? Baribir kam. Yirik amaldor – bu top-menejyer. Unga 2 ming dollar to‘lagan holda samarali ishlashini talab qilish mumkinmi? Axir u oilasiga vaqt ajratmay sutkalab ishlaydi va ishlashi kerak. Men 2 ming dollarga ishlaydigan bunday odamni tasavvur qila olmayman. Axir IT-ishbilarmonlar oyiga 3-4 ming dollar ishlaydigan davr hozir.
Murakkab jarayonlarni avtomatlashtirish zarur. Yirik amaldorlar yaxshi tahlilchi bo‘lishlari kerak va turli jarayonlarni tahlil qilib, istiqbolli rejalarni tuzishi va vazifalarni belgilab olishi lozim. Ulardan top 10tasini avtomatlashtirishi va inson faktorini yo‘qotishi kerak. Agar buning iloji bo‘lmasa, ishlash jarayonini butunlay o‘zgartirishi kerak.
Va nihoyat amaldorlarning o‘zlari. Ularni imkon qadar bilimli va biznes bilan real shug‘ullangan insonlar orasidan tanlab olish zarur. Shundan so‘ng xorijga o‘qish va tajriba orttirish uchun bir yillik yo‘llanma berish kerak. Bir hafta, bir oyga emas, aynan bir yilga. Ular har bir sohani solishtirib ko‘rishlari zarur, shunday emasmi?
BOR-YO‘G‘I IKKI NARSA BIZDAGI BIZNeSGA KATTA YoRDAM BeRIShI MUMKIN
Agar hammani yuqori tezlikdagi internet bilan ta'minlab, ko‘proq data-markazlar tashkil qilsak, IT sohamiz tezroq va osonroq rivojlanadi. Ana shundan keyin blokcheyn, sun'iy ong kabi tushunchalar haqida o‘ylasak bo‘ladi. Eng muhimi – ana shu ikki vazifani amalga oshirish.
O‘ZBeKISTONDA IT IShBILARMONLAR ASSOTsIATsIYaSINI TUZISh ZARUR
IT sohasi ishbilarmonlari va mutaxassislari assotsiatsiyasi biz uchun juda kerak. Bu tashkilot sohaning og‘riqli masalalarini ko‘tarishi va hal qilishi zarur.
Masalan, kiberbulling. Bu nima degani? Bu internet orqali qo‘rqitish, tahdid qilish. Yorqin misol: yaqinda Nargiza Rahimovaga (Nargiza Rahimova – jurnalist, AOKA rahbari o‘rinbosari bo‘lgan) 2019 yilning mart oyida ehtiyotsizlik tufayli aytgan gaplari uchun ko‘pchilik unga o‘lim bilan tahdid qildi. Vaziyat shu darajaga borib yetdiki, ayol uchun maxsus soqchilar ajratildi. Xo‘sh, internet orqali o‘lim bilan tahdid qilishga javobgarlik ko‘zda tutilganmi?
Ikkinchi masala– shaxsiy ma'lumotlar. Butun dunyoda bu masala ko‘tariladi va muammolar hal etiladi. Bizda esa shaxsiy ma'lumotlarni himoyalash bo‘yicha qonun hatto muhokamaga qo‘yilgani ham yo‘q.
Kompyuter o‘yinlari reytingi. O‘yinlarni biz hozir umuman nazorat qilmayapmiz.
Qotillik, zo‘ravonlik, qon to‘la sahnalarga ega ko‘plab o‘yinlar bor. Bularni tadqiq qilish bilan kim shug‘ullanadi?
Yana bir muammo – «ishlamaydigan» saytlar. Bu masalani ko‘tarishning ham ayni vaqti. Chunki biz kimningdir sahifalarimizni titkilashidan aziyat chekyapmiz. Bu muammo tufayli ma'lumotlar bizga yetib kelmayapti yoki jo‘natganlarimiz yetib bormayapti. Hamma bu muammoni biladi, keling, shunday ekan ko‘pchilik oldida muhokama qilaylik. Hech bo‘lmaganda “ishlamaydigan” saytlarning shaffof ro‘yxatini tuzaylik va ommaga taqdim etaylik.
IT sohasida ayollar. Erkaklar bu sohada bir necha barobar ko‘pligi hech kimga sir emas. Bu to‘g‘ri emas va ayollarni ham jalb qilish zarur.
Va nihoyat, IT sohasidagi standartlar. Kim IT bo‘yicha yetakchi mutaxassisni akkreditatsiya qila biladi? Mamlakatda bunday tashkilot yo‘q. Axir biznes tahlilchi, tizim ma'muri kabi sohalarni kim baholay oladi? Bunday standartlarni kimdir tuzishi kerakku?!
Bu savollar bo‘yicha o‘zining faol pozitsiyasiga ega tashkilot juda zarur va bu tashkilot bir nechta rahbar hamda faol xodimlarga ega bo‘lishi kerak. Bu xodimlar sohga oid barcha masalalarni ko‘tarishlari va o‘z takliflarini bildirishlari lozim. Axir IT jamiyatga o‘zgarishlar olib keluvchi muhim soha ekanligini anglab yetishimiz shart.
IT – HAYoTNING BARChA QIRRALARIDA ISh BeRUVChI SOHA
Oxirgi ikki yilda ulkan yutuqlarga erishildi. Davlatning o‘zi yuqori texnologiyalarni tatbiq eta boshlagani ko‘p narsadan dalolat beradi. Qolganlar ham shunga muvofiq harakat qilishlari lozim. IT sohasini faqat video tomosha qilish, internet orqali nimadir o‘rganishga sarflash to‘g‘ri bo‘lmaydi. Soha real yutuqlarga va natijalarga erishishi lozim. Investorlar buni kuzatib turishadi. Ular ko‘proq investitsiya kiritishlari uchun nima qilish kerak? Jamiyatdagi muhim masalalarni kengroq yoritish, yechimlar izlash, IT sohasida standartlarni yangilash zarur.
NeGA IT-STARTAPLAR BUTUN JAMIYaT UChUN ZARUR?
Startaplar investitsiyalarni jalb qiladi, yirik kompaniyalarni asabiylashtiradi va shu orqali sog‘lom raqobat muhitini hosil qiladi. Ish o‘rinlari yaratadi, yirik biznesdan farqli ravishda mijozlariga quloq soladi. Ularning tuzilmasi oddiy, oddiylikda esa samara ko‘proq. Startaplar shunday tushunchalarni yaratadilarki, ular yordamida jamiyat va umuman dunyo yaxshilik sari intiladi.
Manba: muic.uz