Xitoyning Xiaomi kompaniyasi jurnalistlar nisbatan arzon narxi uchun "flagmanlar qotili" deb atayotgan Redmi K20 Pro smartfonini namoyish etdi, deb xabar berdi Phone Arena portali.
Smartfon Qualcomm kompaniyasining kuchli Snapdragon 855 protsessori bilan jihozlangan. Galaxy S10, OnePlus 7 Pro va LG G8 ThinQ smartfonlariga ana shu protsessor o‘rnatilgan.
Smartfonning bazaviy versiyasi 6 Gb tezkor va 64 Gb doimiy xotiraga ega. Shuningdek, 128 Gb flesh-xotirali va 8 Gb tezkor hamda 256 Gb doimiy xotiraga ega versiyalari ham bor. Akkumulyator hajmi 4000 mAs. Smartfon 80 daqiqa ichida to‘liq quvvatlanadi.
K20 Pro diagonali 6,4 dyuymli AMOLED-displey bilan jihozlangan. Qurilmaning selfi kamerasi 20 megapiksel bo‘lsa, asosiy kamerasi 48 megapikselga teng. Shu bilan birga, asosiy kamera bloki ikkita qo‘shimcha obektivga ega.
Portalning yozishicha, yangi smartfon Xitoyda 1 iyundan sotuvga chiqadi. Uning narxi 361 dollardan boshlanadi, eng qimmat versiyasi esa 434 dollarga tushadi.