Xavi «As-Sadd» bosh murabbiyi etib tayinlandi

Sport 17:38 / 28.05.2019 6767

O‘tgan hafta Qatarning «As-Sadd» jamoasida futbolchilik faoliyatiga yakun yasagan Xavi ushbu klub bosh murabbiyi etib tayinlandi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar bergan.

39 yoshli sobiq yarimhimoyachining Doha shahri klubi bilan shartnomasi ikki yilga mo‘ljallangan.

Xavi 2015 yil may oyida «As-Sadd» bilan uch yillik shartnoma imzolagan edi. Bu vaqt mobaynida Qatar chempioni bo‘ldi, mamlakat kubogi va amiri kubogi, shuningdek Shayx Jassim kubogini qo‘lga kiritdi.

Ispaniyalik sobiq xavbek bunga qadar 17 yil davomida «Barselona»da o‘ynab, klub uchun rekord darajada ko‘p – jami 769ta o‘yinda maydonga tushgan.

Avvalroq Xavi murabbiy sifatida tajriba to‘plab, so‘ng «Barsa»ga qaytishni istashi haqida aytgan edi.

«Tajriba orttirish maqsadida murabbiylik faoliyatimni Qatarda boshlamoqchiman. Keyin Yevropaga qaytish istagidaman. «Barselona»da ham ishlayman, deb umid qilaman, lekin hozircha buning uchun tajribam yetarli emas. O‘z maqsadlarimga bosqichma bosqich erisha borishim kerak.

Qo‘l ostimdagi jamoalarim ijrosida qanday futbol ko‘rish borasida menda turli xil g‘oyalar talaygina. Menga doimo «Barselona»ning o‘yin uslubi, o‘yinni nazorat qilishi yoqqan. Murabbiylik faoliyatimda shu yo‘nalishda ketmoqchiman», – degandi u.

Ko‘proq yangiliklar: