Xitoy nimani istayapti? «Bir makon, bir yo‘l» loyihasidan umidlar va xavotirlar (ikkinchi maqola)

Iqtisodiyot 22:15 / 24.05.2019 41667

Nagoya iqtisodiyot universiteti (Yaponiya), Biznes huquqi fakulteti professori, «Buyuk kelajak» ekspertlar kengashi a'zosi Alisher Umirdinov ikki qismdan iborat maqolasining birinchi qismida xitoylik hamkorlarning rejalarini tahlil qilgan bo‘lsa, mazkur ikkinchi maqolasida «Bir makon, bir yo‘l» loyihasi bilan bog‘liq umid-istaklar haqida fikr yuritgan.    

«Bir makon, bir yo‘l» nimasi bilan bizni o‘ziga tortdi?

Aslini olganda, bundan avval ham «Ipak yo‘li» loyihalari doirasida Markaziy Osiyo mintaqasi turli katta davlatlarning e'tibori ostida bo‘lib keldi. AQSh, Rossiya, Hindiston, Yevropa Ittifoqi, Turkiya hududiy hamkorlik loyihalarini o‘rtaga tashlab kelyapti. Biroq bu loyihalar katta infrastruktura loyihalarini ko‘zda tutmagan. Ko‘plari qog‘ozda qolib ketgan desak, mubolaga qilmagan bo‘lamiz.  

Xo‘sh, Xitoy hukumati tomonidan o‘rtaga tashlangan bu safargi «Ipak yo‘li» loyihasini biz nega birinchilardan bo‘lib qo‘llab-quvvatladik? Mazkur loyiha quruqlikning qoq o‘rtasida joylashgan O‘zbekiston uchun nimasi bilan jozibali?

Avvalo shuni aytish kerakkki, 2013 yilda mazkur tashabbus e'lon qilinganidan keyin Xitoy o‘zining tashqi investitsiya va savdo aloqalarining hammasini «Bir makon, bir yo‘l» bayrog‘i ostida jamladi. BMBY Xitoyning rasmiy tashqi iqtisodiy siyosati maqomiga ko‘tarildi va hatto yaqinda o‘zgartirilgan XXR konstitutsiyasida ham o‘z aksini topdi. Endi O‘zbekiston-Xitoy iqtisodiy aloqalarini BMBY tashabbusi doirasida tahlil qilsa ham bo‘laveradi.

O‘zbekiston 1991 yildan boshlab XXR bilan iqtisodiy aloqalarni yuritib kelyapti. Xitoy O‘zbekistonning eng yirik tijoriy hamkorlaridan biri va mana bir necha yildirki, Xitoy O‘zbekiston uchun eng yirik xorijiy investor. 2017 yilning o‘zida savdo aylanmasi hajmi 5 milliard AQSh dollariga teng kelgan bo‘lsa, tomonlar bu hajmni 2020 yilga yetib ikki baravar oshirishni ko‘zlayapti.

Xitoy shirkatlari yurtimizda katta investitsiya bitimlari tuzishga erishishgan. Masalan gaz va uran qazib olish bo‘yicha jami 15 milliard AQSh dollarlik shartnomalar imzolangan. Qo‘shma korxonalar soni 700dan ko‘p bo‘lib, bunda Xitoy investitsiyasi jami 8 milliard AQSh dollaridan oshdi

O‘zbekiston hukumati BMBY loyihasi e'lon qilingan ilk kunlaridanoq uni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan. Natijada «Ipak yo‘li» Iqtisodiy makoni qurilishidagi hamkorlik O‘zbek-Xitoy xalqaro aloqalarining asosiy yo‘nalishiga aylandi. Shu sababli, Xitoy tashkil etgan ilk global moliya instituti – Osiyo infrastruktura banki va Investitsiya bankida O‘zbekiston tashkil etuvchi sifatida qatnashdi va uni faol qo‘llab-quvvatladi. 

Prezidentimiz 2017 yil may oyida BMBYning 1-Forumi uchun Pekinga davlat tashrifi bilan bordi va XXRning eng yirik davlat shirkatlari va banklari bilan muzokaralar olib bordi. Natijada jami qiymati 22 miliiard AQSh dollarlik 100dan ziyod bitimlarga erishilgandi. Tashrif doirasida taraflar qo‘shma deklaratsiya e'lon qilishgan va unda quyidagi muhim masalalar joy olgan:

  • O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida 2009 yil 14 oktyabrda imzolangan uzoq muddatli savdo bitimi doirasida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini, tabiiy resurslarini va energiya mahsulotlarini Xitoy bozoriga eksport qilishga tayyor;
  • tomonlar Xitoy taraqqiyot banki va Xitoy Eksimbanki O‘zbekistondagi turli infratuzilma loyihalarini moliyalashtirishni qo‘llab-quvvatlaydi;
  • tomonlar yuqori texnologiyali qo‘shma korxonalarni rag‘batlantirish va tabiiy resurslar bilan bog‘liq bo‘lmagan mahsulotlarni ishlab chiqarishni rag‘batlantirishga yo‘naltirilgan sarmoyaviy hamkorlik to‘g‘risida kelishib oldilar;
  • tomonlar xalqaro avtomobil transporti bitimi tuzilganini alohida e'tirof etish bilan birga, o‘rtadagi savdo munosabatlarini mustahkamlash uchun bitim ahamiyatini alohida ta'kidladilar;
  • tomonlar «O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy» temir yo‘l loyihasi bo‘yicha muzokaralarni tezlashtirish muhimligini ta'kidladilar.

Hamkorlikning amaliy natijasi o‘laroq, BMBY tashabbusining 1-Forumidan uch oy o‘tib, 2017 yilning avgust oyida prezident Shavkat Mirziyoyev Osiyo infrastruktura va investitsiya banki rahbari Jin Liqunni Toshkentda qabul qildi. Tomonlar O‘zbekistondagi bir qator loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni muhokama qildilar. 2,7 milliard AQSh dollari miqdoridagi ushbu loyihalarga suv xo‘jaligi obektlarini modernizatsiya qilish, energetika infratuzilmasini rivojlantirish, zamonaviy avtomobil yo‘llarini qurish, temir yo‘llarni elektrlashtirish, poytaxt metro tarmog‘ini kengaytirish kiradi.

O‘zbekistonning maqsadi nima?

Imtiyozli kreditlardan foydalanish, Xitoy ishbilarmonlik majmualarini ishga tushirish, mahalliy firmalarning ishlab chiqarish salohiyatini oshirish, o‘zbek mahsulotlari uchun muqobil bozorlarni topish – O‘zbekiston hukumatining asosiy maqsadlari. Bundan tashqari, tashqi savdoni rivojlantirish, qo‘shimcha qiymatli o‘zbek mahsulotlarini BMBY loyihasi yoqasida joylashgan mamlakatlarga yetkazishda loyiha resurslaridan foydalanish ham maqsad qilingan.

Transport infratuzilmasi bo‘lmagan, dunyo portlariga chiqish uchun kamida ikkita davlatni kesib o‘tishi lozim bo‘lgan O‘zbekiston uchun mazkur loyihada ishtirok etish Yevropa Ittifoqi, Yaqin Sharq va Xitoy kabi yirik global bozorlarga muvaffaqiyatli integratsiyalashuvga yordam beradi.

BMBYga qo‘shilish orqali O‘zbekiston hukumati savdo yo‘llarini diversifikatsiya qilish imkoniyatini qo‘lga kiritishi mumkin. Ayniqsa, «Ipak yo‘li» Iqtisodiy makonining uchta trans Yevroosiyo iqtisodiy yo‘laklari orasida Xitoydan Markaziy Osiyoga, keyin Rossiya orqali Yevropaga (Boltiq dengiziga qadar) olib boradigan iqtisodiy yo‘lagi va Xitoydan Markaziy Osiyo va G‘arbiy Osiyo orqali Fors ko‘rfazi va O‘rta Yer dengizga qadar cho‘zilgan yo‘llar ahamiyatlidir.  

«Bir makon, bir yo‘l» tashabbusi doirasida qurilgan Qamchiq tunneli:

Boshqa muhim nuqtalar:

1. Infratuzilma. O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy temir yo‘l loyihasi

O‘zbekiston 2016 yilda Xitoy Eksimbankidan 455 million AQSh dollari miqdorida infratuzilma kreditini jalb qilgan holda sharqiy O‘zbekistonning tog‘li qismida 19,2 km uzunlikdagi Kamchiq tunnelini qurishga muvaffaq bo‘lgandi. 2016 yil iyunida O‘zbekiston va XXR rahbarlari ishtirokida Angren-Pop elektrlashtirilgan temir yo‘li va Qamchiq tunnelining ochilish marosimi o‘tkazildi. Uni XXRning China Railway Group kompaniyasi amalga oshirgan. Ish bu bilan to‘xtamagan, O‘zbekiston qo‘shni Qirg‘iziston bilan birga XXRga «O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy» temir yo‘l loyihasini BMBY doirasida qurish taklifi bilan chiqdi

Ta'kidlash joizki, ushbu loyiha Xitoy tomonidan emas, balki O‘rta Osiyo davlatlari tomonidan, BMBY e'lon qilinishidan oldin taklif qilingan. O‘zbekiston-Xitoy o‘rtasidagi qo‘shma bayonotga ushbu loyihaning qo‘shilishi Prezident Mirziyoyevning diplomatik yutug‘i sifatida ko‘rilishi mumkin. Biroq Xitoy va sobiq sovet ittifoqi respublikalari temir yo‘llari relslari enining turliligi ushbu temir yo‘li liniyasi qurilishi 20 yilga kechiktirilishiga sabab bo‘lmoqda.

Yuqoridagi loyihalardan tashqari, davlatimiz Osiyo Infratuzilma va investitsiya bankiga o‘tgan yili boshida Buxoro-Urganch-Xiva temir yo‘li elektrlashtirilishi bo‘yicha loyihani moliyalashtirish uchun ariza topshirgan. Loyiha 3 bosqichdan iborat bo‘lib, Buxoro-Miskan, Miskan-Urganch va Urganch-Xiva yo‘nalishlari uchun jami 340 million AQSh dollari so‘ralgan. Agar u amalga oshsa, ushbu shaharlar orasidagi qatnov tezlashadi, turistlar harakati yengillashadi va yuk tashish ishlari osonlashadi. Hozircha ushbu loyihani bank kengashi qachon tasdiqlanishi noma'lumligicha qolmoqda. Bundan tashqari, Xitoy tomonidan o‘rtaga tashlangan va O‘rta Osiyo davlatlari ham qo‘llab-quvvatlagan Xitoy-O‘rta Osiyo gaz quvurining 4-liniyasi bo‘lgan D-liniyasini qurish so‘nggi yillarda ortga surilmoqda. Tojikistonlik do‘stlarimiz bu liniyaga katta umid bilan qarashayotgan bo‘lsa-da, ba'zi bir noaniq sabablarga ko‘ra ushbu katta loyiha amalga oshmay turibdi.

Nima bo‘lganida ham, taklif etilayotgan loyihalarimiz iqtisodiy jihatdan o‘zini oqlashi, uzoqni ko‘zlashi, loyiha amalga oshiriladigan hududlardagi aholi turmush sharotini yaxshilashi, barqaror rivojlanishni (sustainable development) yuzaga keltiradigan bo‘lishi shart. Yo‘qsa loyihalar Afrika o‘lkalaridagi kabi ko‘pchilik tomonidan ishlatilmaydigan yoki atrofdagi aholi uchun foydasi tegmaydigan infratuzilmadan iborat bo‘lib qoladi. Bunday bo‘lmasligi uchun xalqimiz, ayniqsa hududlardagi manfaatdor fuqarolarimiz va ekspert-mutaxassislarimiz BMBY loyihalari haqida yetarlicha ma'lumotga ega bo‘lishlari lozim. Xitoy bilan tuzilayotgan barcha shartnomalar iloji boricha oshkor etilishi, izohlanishi, ekspertizadan o‘tkazilib, ommaga taqdim etilishi darkor. Shundagina Xitoy bilan bo‘ladigan xalqaro aloqalarimiz o‘zini oqlashi, har ikki tomon uchun manfaatli bo‘lishi mumkin.  

2. Xitoy banklari bizga berayotgan qarzlar

Oxirgi ikki yilda Xitoyning ommaviy banklaridan yurtimiz banklari olgan kreditlar hajmi sezilarli darajada oshdi, bu esa ba'zi akademik doiralarda tashvish uyg‘otdi. 2018 yil aprel va iyun oylari orasida O‘zbekistonning bir qator banklari Xitoy banklari bilan «ramochniy» bitim tuzib, 1 mlrd. AQSh dollaridan ortiq kredit shartnomalar imzolandi va moliyalashtirishning katta qismini SINOSURE (Xitoyning eksport kreditlarini sug‘urtalash korporatsiyasi) sug‘urtasi bilan qoplandi. O‘zbekiston banklari ushbu hamkorlik doirasida bundan keyin 3 yildan 10 yilgacha bo‘lgan muddatga kredit mablag‘lari olishlari mumkin. Har bir loyiha uchun yakuniy shartlar alohida belgilanadigan bo‘ldi. Ushbu kredit liniyalari Xitoy pudratchilari tomonidan texnologik uskunalar va xizmatlarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi. Bundan tashqari, «Ipak yo‘li» Fondi O‘zbekistonning qadimiy shaharlarida qurilishga oid bir qator loyihalarni faol rag‘batlantirishni maqsad qilgan.

Ko‘ryapmizki, davlatimizning XXR va uning ommaviy banklaridan tashqi qarzlari xavotirlanadigan darajada katta emas. Shunday bo‘lsada, qarz miqdori yil sayin ortib boryapti. Bunday vaziyatda, avvalambor, qo‘shni Qirg‘iziston va Tojikiston respublikalaridagi holat bizga o‘rnak bo‘lishi, tashqi qarzlarimiz diversifikatsiya qilinishi lozim, toki XXRga haddan ortiq bog‘lanib qolmaylik.

Nafaqat Xitoydan, balki har qanday moliyaviy institutlardan katta qarzlarni olishda ehtiyotkorona yondashish lozim. Men tanish bo‘lgan ma'lumotlarga ko‘ra, davlatimiz Osiyo taraqqiyot banki, Jahon banki, Yevropa taraqqiyot va tiklanish banklaridan qarz olishda multi-vektor siyosat yuritayotgani uchun hozircha katta xavotirga o‘rin yo‘q.

Prezident Shavkat Mirziyoyev vaqtinchalik prezident vazifasini bajarishga kirishish paytidagi Oliy Majlis qo‘shma palatalari majlisidagi nutqida alohida ta'kidlaganidek, «chetdan qarz olish bo‘yicha konservativ yondashuv siyosatini davom ettirish, davlatning tashqi qarzi haddan ziyod oshib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik muhim ahamiyat kasb etadi». Tashqi qarzimiz, ayniqsa davlat himoyasi ostida olinadigan suveren qarzlar yalpi milliy mahsulotimizning 30 foizidan oshmasligiga jiddiy ahamiyat bersak, foydadan xoli bo‘lmaydi. Bu o‘rinda so‘z navbati – Moliya vazirligi va iqtisodchilarimizga.

3. O‘zbekiston va Xitoy manfaatlarining ba'zida mos kelmasligi

Ochiq tan olish kerak – tomonlarning ustuvor yo‘nalishlarda manfaatlari o‘zaro mos kelmasligi holatlari ham kuzatiladi. Xitoy O‘rta Osiyodagi qo‘shnilariga infratuzilma loyihalarini eksport qilishga yo‘nalgan, mahsulotlarni ishlab-chiqarishni esa o‘zida qoldirishni afzal biladi. Xususan, sanoat markazi sifatida Shinjon viloyatini rivojlantirishga harakat qilmoqda. O‘rta Osiyo mamlakatlari, shu jumladan, O‘zbekiston o‘z hududlarida ishlab chiqarish komplekslarini qurishni istaydi.

O‘zbekistonning BMBY bo‘yicha holati qo‘shni mamlakatlardagidan farq qiladi. Agar Turkmaniston va Qozog‘iston uchun Xitoydan kelgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning katta qismi uglevodorodlar bilan bog‘liq bo‘lsa, ishsizlik darajasi yuqori bo‘lgan, 33 millionlik davlatimiz esa:

  • sanoat hududlarini faollashtirishga intilmoqda;
  • Xitoy kompaniyalarining mahalliylashishini qo‘llab-quvvatlash orqali xitoylik tadbirkorlarni O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishga va mahalliy aholini ish bilan ta'minlashga undayapti;
  • xitoylik sayyohlarni jalb qilishni o‘ylayapti; prezident Shavkat Mirziyoyev Shanxay hamkorlik tashkilotining (ShHT) 17-yig‘ilishida ushbu tashkilotning Turizm universitetini O‘zbekistonda tashkil etishni taklif etgani va buning amalga oshgani bunga dalil.

Yuqorida aytilganlarning barchasi O‘zbekiston hukumati Xitoy bilan savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarini erkinlashtirgandan ko‘ra, to‘g‘ridan-to‘g‘ri Xitoy investitsiyasini olishni afzal ko‘rayotgani va nazarimda, shu bois Xitoy bilan yaqin orada chuqurlashtirilgan erkin savdo bitimini imzolamasligini bildiradi.

Xulosa

«Bir makon, bir yo‘l» tashabbusi haqida qancha munozara qilinmasin, uning foyda taraflarini hech kim inkor eta olmaydi. Davlatimizning ushbu tashabbusdagi faol ishtiroki mantiqan to‘g‘ri. Biroq BMBY doirasidagi har bir loyihaning qanday amalga oshirilishiga qarab manfiy natijalar yuzaga chiqishi ehtimoli ham yetarlicha.

Xulosa o‘rnida BMBY tashabbusining yurtimizda muvaffaqiyatli amalga oshishi omillarini sanab o‘tsam.

Birinchidan, Xitoydan qarz va texnologiya olayotgan davlatlardan «ko‘zga qarab» ish qilish tavsiya etiladi. O‘zbekiston uchun BMBY loyihasi manfatli bo‘lishi uchun olinayotgan qarz va infrastruktura loyihalari qay darajada foydali ekanini baholay bilishimiz lozim.

Ikkinchidan, ma'murchiligimizni isloh etmasdan, SSSRdan qolgan meros – korrupsiyalashgan eski tizimni isloh etmasdan turib olingan qarz mablag‘lari suiiste'mol etilib, bir qismi talon-toroj bo‘lib, boshqa qismi samarasiz sarflanib ketishi aniq. Zero, davlat mulkiga bo‘lgan bunday munosabat avvalgi tuzumda «yaxshi» shakllangan bo‘lib, undan qutulmasak oldinga siljiy olmaymiz. Boshimizga yuzlab milliard dollarlik qarz ustida o‘tirib qolgan ba'zi mamlakatlar holi tushishi mumkin.

Uchinchidan, «Ipak yo‘li» turizmi va temir yo‘l loyihalari kabi tashabbuslar bilan O‘zbekiston tomoni Xitoy bilan muvaffaqiyatli diplomatik aloqani davom ettirishi, holat Xitoyning biz bilan bir tomonlama monologi emas, balki dialog shaklida olib borilishi lozim. Loyihalar faqatgina yo‘l-ko‘priklarni barpo etishni emas, balki ishlab chiqaruvchi fabrika va zavodlar kabi sanoat komplekslarini rivojlantirishga qaratilishi muhim. Bunda e'tibordan qochirib bo‘lmaydigan nuqta – ko‘chirib keltiriladigan zavod yoki fabrika tabiatimizni ifloslantirmasligi, insonlar salomatligiga xavf solmasligi zarur.

Adliya vazirligi qoshidagi Huquqiy siyosat institutida ishlab chiqilgan, BMBYga oid loyihalar soha mutaxassislari tomonidan yaxshi o‘rganilishi va muhokamadan o‘tkazilishini yo‘lga qo‘yish lozim. Buning uchun yurtimiz universitetlarida Xitoyni o‘rganadigan erkin shakldagi tadqiqot institutlari faoliyat olib borishi lozim. Bu yerda Xitoy va boshqa dunyo tillarini yaxshi biladigan va turli sohalarda mutaxassislikka ega bo‘lgan yoshlarimiz ishlashi va doimiy ravishda hisobotlarni e'lon qilgan holda, bo‘layotgan yangiliklarni ilmiy tahlil etib borishlari lozim. Shu bilan birga, xitoyshunos olimlar (sinolog) va ekspertlarni yetishtirish kerak.

Hozirda Xitoyda Markaziy Osiyo davlatlarini o‘rganuvchi 20tadan ortiq tadqiqot institutlari, universitet fakultetlari va kafedralar o‘z faoliyatini yuritmoqda. Qisqa qilib aytganda, Xitoy bizni o‘rganishni allaqachon boshlashgan. Maqola va kitoblar to‘xtovsiz chiqyapti. Bizda-chi?

Ko‘proq yangiliklar: