Neymar va Mbappe orasiga sovuqchilik tushgan

Sport 10:20 / 24.05.2019 11951

«PSJ» hujum chizig‘idagi Neymar – Kilian Mbappe tandemi keyingi mavsumda bo‘lmasligi ehtimoli yuqori, deb xabar tarqatdi Sport.es.

Manbaga ko‘ra, Parij klubining ikki yetakchisi o‘rtasida kelishmovchilik bor. Ziddiyat Neymar jamoadagi yosh o‘yinchilarni tanqid qilgani ortidan boshlangani aytilmoqda.

«Bizda ko‘plab yosh futbolchilar bor. Ular kamroq gapirib, ko‘proq kattalarni eshitishi kerak. Ba'zida tajribaliroq futbolchilar nimadir deya boshlasa, ular e'tirozlarini bildira boshlashadi. Xuddi shunday holat murabbiy bizga nimanidir tushuntirmoqchi bo‘lganida ham takrorlanadi», – degandi Neymar Fransiya kubogi finalidagi mag‘lubiyatdan keyin.

Ma'lum bo‘lishicha, Mbappe braziliyalikning ushbu so‘zlarini o‘ziga ham qarata aytilgan, deb hisoblamoqda.

Qolaversa, Kilianni olayotgan maoshi ham qoniqtirmayapti – uning oyligi Neymarnikidan taxminan uch barobarga kam. 20 yoshli fransuzning fikricha, u joriy mavsumdagi o‘yinlari va mahsuldorligi bilan jamoaning eng ko‘p maosh oladigan futbolchisi darajasida ish haqi olishga loyiqligini isbotlagan.

Shu tariqa, Neymar va Mbappe o‘rtasidagi munosabatlarning sovuqlashgani yozda ulardan biri jamoani tark etishi ehtimolini oshiradi.

Avvalroq braziliyalik hujumchi bosh murabbiy Tomas Tuxeldan beruxsat mashg‘ulotlarga kelmagan, undan oldin fransiyalik jamoadoshi klubdan ketishi mumkinligiga ishora qilgan edi.

«Hozir hayotimning juda muhim pallasi. Menimcha, faoliyatimdagi birinchi yoki ikkinchi burilish nuqtasiga yaqinlashyapman. Endi mas'uliyatni yelkamga oladigan payt kelganini his qilyapman. Bu «PSJ»da yoki boshqa joyda, yangi loyihada bo‘lishi mumkin», – degandi Mbappe. 

Ko‘proq yangiliklar: