Fuqarolar Konstitutsiyaviy sudga masala kiritish va uning majlislarida ishtirok etish huquqiga ega bo‘ladi

O‘zbekiston 09:47 / 24.05.2019 3317

“O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi qonunning 25- va 27-moddalariga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritiladi, deb yozmoqda “Advokat” nashri.

O‘zlarining konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq bo‘lmagan normativ-huquqiy hujjatlar bilan buzilgan deb hisoblovchi jismoniy va yuridik shaxslar Konstitutsiyaviy sudda ko‘rib chiqish uchun masalalar kiritish, Konstitutsiyaviy sud majlislarida ishtirok etish va ko‘rib chiqilayotgan barcha masalalar yuzasidan o‘z fikrlarini bayon etish huquqiga ega bo‘ladi. Tegishli qonun loyihasi muhokamalar portalida e'lon qilingan.

2017 yil 31 mayda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi qonunning 25-moddasiga ko‘ra, hozirda quyidagilar Konstitutsiyaviy sudda ko‘rib chiqish uchun masalalar kiritish huquqiga ega: 

Oliy Majlis palatalari; 
Prezident; 
Vazirlar Mahkamasi; 
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman);
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi; 
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining kamida to‘rtdan bir qismidan iborat deputatlar guruhi; 
Senat a'zolari umumiy sonining kamida to‘rtdan bir qismidan iborat senatorlar guruhi; 
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi; 
Bosh prokuror.

Konstitutsiyaviy sudning kamida uch nafar sudyasi tashabbusi bilan ham Konstitutsiyaviy sudda ko‘rib chiqish uchun masala kiritilishi mumkin.

Konstitutsiyaviy sud majlisida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Spikeri, uning o‘rinbosarlari, Senat Raisi, uning o‘rinbosarlari, Bosh vazir, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), Jo‘qorg‘i Kenges Raisi, Oliy sud raisi, Sudyalar oliy kengashining raisi, Bosh prokuror va adliya vaziri ishtirok etishi mumkin (27-modda).

Ko‘proq yangiliklar: