Italiyadagi avtofalokatda Qozog‘istonning 9 fuqarosi jabr ko‘rdi

Jahon 10:51 / 23.05.2019 4218

Qozog‘istonning 9 fuqarosi Italiyaning Siyena shahri yaqinida turistik avtobus bilan yuz bergan yo‘l-transport hodisasida jabr ko‘rdi. Bu haqda Qozog‘iston tashqi ishlar vazirligi ma'lum qildi.    

Yo‘l-transport hodisasi 22 may kuni ertalab Siyena-Florensiya trassasida yuz bergan. Avtobus trassadan chiqib ketib, o‘ng tomoniga ag‘darilgan. Guvohlarning aytishicha, yo‘ldan chiqib ketgan avtobusni yo‘l chetidagi qiyalikda o‘sgan daraxtlar to‘xtatib qolgan. YTHga nima sabab bo‘lgani aniqlashtirilmoqda.

Ta'kidlanishicha, jabrlanuvchilardan 5 nafari shifoxonaga olib ketilgan, 4 nafari mehmonxonaga joylashtirilgan.     

Ma'lum qilinishicha, YTHda jabrlangan qozog‘istonliklarda umurtqa, o‘mrov suyagi, qovurg‘alar sinishi va ko‘plab lat yeyishlar aniqlangan. “Yaqin kunlarda mahalliy shifokorlar to‘liq tibbiy ko‘rik o‘tkazib, keyingi davolanish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini beradilar”, deb aytilgan matbuot bayonotida.

Avtofalokatda umumiy hisobda 37 kishi jabrlangan. Ular Italiyaga san'at tarixi bilan bog‘langan shaharlarga tashrif buyurgani kelishgan. Rossiyalik diplomatlarning ma'lumotlariga ko‘ra, jabrlanuvchilar orasida Rossiya, Armaniston, Ukraina, Belarus, Moldova, Gruziya va Ruminiya fuqarolari ham bo‘lgan.  

Ko‘proq yangiliklar: