AQShda Guo O Dong ismli rassom va Deep Instinct kompaniyasi “dunyodagi eng xavfli noutbuk”ni sotuvga qo‘ydi. Noutbukning boshlang‘ich narxi 1,13 mln dollarni tashkil qiladi. Gap shundaki, qurilma o‘zida tarixdagi eng xavfli 6 ta kompyuter virusini saqlaydi. Auksion ortidan esa The Persistence of Chaos maxsus saytida kuzatish mumkin bo‘ladi.
Qurilmaga ta'rifda u 2008 yilda ishlab chiqarilgan 10 dyuymli Samsung noutbugi ekanligi va Windows XP operatsion tizimi ostida ishlashi aytilgan.
Qurilmaning o‘ziga xos jihati shundaki, unda umumiy qiymatda 95 mlrd dollar zarar keltirgan, tarixdagi eng xavfli 6 ta kompyuter virusi bor.
Noutbuk ILOVEYOU (15 mlrd dollar ziyon keltirgan), MyDoom (ziyon – 38 mlrd dollar), SoBig (ziyon - 37 mlrd dollar), WannaCry (ziyon - 100 mln dollar), DarkTequila va BlackEnergy viruslari bilan zararlangan.
Ta'kidlanishicha, gadjet san'at asari sifatidagina sotilmoqda, chunki AQShda zararli dasturiy ta'minotni tarqatish taqiqlangan.