Toshkentda Atom texnologiyalari axborot markazi ish boshladi

O‘zbekiston 18:08 / 22.05.2019 2658

Toshkent shahrida Atom texnologiyalari axborot markazi o‘z faoliyatini boshladi. Bu yerga tashrif buyurgan kishilar maxsus eksponatlar yordamida atom texnologiyalariga doir ma'lumotlardan xabardor qilinadi.

Ta'kidlash joizki, "VVER -1200" reaktorlariga ega AES maketi nafaqat maktab yoshidagi bolalar, balki kattalarda ham haqiqiy atom elektr stansiyasiga oid tasavvurni hosil qila oladi. Bu yerda yadroviy inshootning ishlash tamoyili, tarkibiy qismlari va o‘ziga xos xususiyatlari haqida ma'lumotlar taqdim etiladi.

Foto: "O‘zatom" agentligi

"O‘zatom" agentligi matbuot xizmatidan xabar berilishicha, markaz o‘z ishini boshlaganidan buyon bu yerga atom texnologiyalariga oid bilimga ega bo‘lishni istagan kishilar va maktab o‘quvchilari o‘qituvchilar bilan tashrif buyurmoqda.

"Fizika o‘qituvchisi sifatida ayni soha naqadar murakkabligini yaxshi bilaman. Shunday ekan, har bir kishiga atom va u bilan bog‘liq texnologiyalarni yaxshiroq tushunish imkonini beruvchi markaz o‘z vaqtida tashkil etildi. O‘quvchilarning ko‘zida har bir yo‘nalishga bo‘lgan qiziqishni ko‘rdim, chunki reaktorlardagi jarayonlar, yadro energiyasining tibbiyot va qishloq xo‘jaligida qo‘llanilishiga doir stendlar hech kimni befarq qoldirmaydi. Bu yerga boshqa sinf o‘quvchilari bilan ham albatta kelamiz“ - deydi, 211-maktabning fizika fani o‘qituvchisi Galina Jyestovskix.

Muqobil energiya manbaalari, inson harakati natijasidagi 1 daqiqalik quvvat va shu vaqt ichida AESdan ishlab chiqariladigan energiya hajmi bo‘yicha taqqoslovlar ham bolalar uchun yangilik bo‘ldi.

Foto: "O‘zatom" agentligi

"Biz velosipedda harakatlanib, bir daqiqada olgan energiyamizni mobil telefonning bor yo‘g‘i 60 soniya ishlashiga sarflay olar ekanmiz. Xonadondagi boshqa elektron vositalarni ishlatish uchun yana qancha harakat kerak, tasavvur qilyapsizmi? Shu vaqtda esa atom elektrostansiyasida 20 megavatt elektr quvvati ishlab chiqarilar ekan. Solishtirib ko‘rganda, bu – bir necha yuz lampochkaning birdan yonishi degani ekan. Hayratlanarli faktlarga duch kelyapmiz. Bugun birinchi marta 3D printerni o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. Aytishlaricha, uning yordamida samolet, kosmik apparat, atom stansiyalari, protez va implantlar tayyorlanar ekan”, - dedi mazkur maktab o‘quvchisi Alixon Oripov.

Bunday ekskursiyalar atom energetikasi bilan bog‘liq yanglish stereotiplarga barham bermoqda. Sababi - ma'lumotlar chuqur tahlil va ko‘plab mamlakatlarning tajribasiga asoslanib tayyorlangan. 

"Men avvallari AES qurilishi tabiatga ham, odamlarga ham zarar keltiradi, deb o‘ylardim. Chunki ota – onamdan Chernobl voqealari haqida ko‘p eshitganman. "Agar shunday stansiya O‘zbekistonda ham qurilsa, boshqa yerga ko‘chib ketaman", derdim hazillashib. Bugun olgan ma'lumotlardan atom stansiyasining tabiatga zarari yo‘qligini tushunib oldim”, - deydi yana bir o‘quvchi Ayana Axmedova.

Foto: "O‘zatom" agentligi

“Atom gorizontlari” hamda “Atom jumboqlari” kabi interaktiv filmlar o‘quvchilarni yadro energetikasi olami bilan chuqurroq tanishtirmoqda. Filmda keltirilgan faktlar asosidagi tanlov esa, yangi bilimlarni o‘zlashtirishda qo‘l keldi. Kasb tanlovi arafasida turgan o‘spirinlarga Toshkentda ochilayotgan Moskva muhandislik-fizika instituti filiali haqida ham to‘liq ma'lumot berildi. Ta'kidlash lozimki, mazkur oliygohga qabul shu yildan boshlanadi. Ta'lim grant asosida tashkil etiladi. Institut bitiruvchilari “O‘zatom” agentligining tarkibiy bo‘linmalarida ish bilan ta'minlash kafolatlanadi.

Atom texnologiyalari axborot markazi “O‘zatom” agentligining Toshkent shahri, Oybek ko‘chasi 26/1 manzilida joylashgan.

Ko‘proq yangiliklar: