Poroshenko unga nisbatan boshlangan tergovlarga munosabat bildirdi

Jahon 23:03 / 22.05.2019 29121

Ukrainaning sobiq prezidenti Pyotr Poroshenko unga nisbatan boshlangan tergovlarni parlamentga saylov kampaniyasi boshlanishi deb tushuntirgan. Jumladan, Poroshenko tergovlarga “Men javob berishga tayyorman”, deb munosabat bildirgan. 

Poroshenkoning fikricha, Ukraina hukumatining Kerch bo‘g‘ozidagi voqea vaqtidagi harakatlari bo‘yicha tergov ishi Rossiya ig‘vosi sababli aziyat chekkan mamlakat armiyasiga hujumdir. “Hozir beshinchi kolonna buni Ukraina hukumati zimmasiga yuklamoqchi. Shuni aytmoqchimanki, bu uchun javob berishga tayyorman va biz buni qilishga yo‘l qo‘ymaymiz”, deb ta'kidlab o‘tgan sobiq prezident.

Poroshenko, shuningdek, siyosiy dushmanlari unga qarshi yana qanday tergovlar boshlashlari mumkinligi haqida o‘z taxminlarini aytgan. “Tomos bo‘yicha jinoiy ish – dinga hujum, til haqidagi qonun bo‘yicha jinoiy ish – tilga hujum. Hammasi dastur bo‘yicha (kuchli armiya, yagona din va yagona til haqidagi tezislar Poroshenkoning saylovoldi dasturining bosh tezislari bo‘lgan – tahr.), biroq ular hech narsa qila olishmaydi”, deb aytgan Ukrainaning sobiq rahbari.  

Siyosatchi davlat prezidenti lavozimida qabul qilgan barcha qarorlari Ukraina uchun to‘g‘ri bo‘lganini va shu sababli barcha ayblovlarga javob berishga tayyorligini aytib o‘tgan.

22 may kuni Ukrainaning ixtisoslashgan aksilkorrupsion prokuraturasi “Tsentrenergo” energetika korxonasi va Davlat mulki jamg‘armasida o‘g‘riliklar va suiiste'molliklar aniqlangani bilan bog‘liq holda Poroshenkoning harakatlari qonuniyligini tergov qila boshladi.

21 may kuni esa Poroshenkoga nisbatan davlatga xiyonat ayblovi bo‘yicha tergov boshlagan. Ish 2018 yil noyabrda Kerch bo‘g‘ozida rossiyalik chegarachilar tomonidan Ukrainaning bortida 24 nafar dengizchi bo‘lgan 3 ta harbiy kemasi ushlanishi bilan bog‘langan.  

Umuman olganda, ayni vaqtda Poroshenkoga nisbatan noqonuniy boyish, pora berish, yashirin turmalar borligi va boshqa ayblovlar bo‘yicha 10 ta jinoiy ish  qo‘zg‘atilgan. Tergov ishlari Poroshenkoning prezidentlik vakolatlari tugashigacha ochila boshlangan.

Ko‘proq yangiliklar: