O‘zbekiston ta'lim tizimi hamda kadrlarni tayyorlashda Xitoy bilan hamkorlik qiladi

O‘zbekiston 17:17 / 22.05.2019 3055

O‘zbekiston va Xitoy Xalq Respublikasi (XXR) ta'lim tizimi hamda kadrlarni tayyorlash yo‘nalishida hamkorlik qiladi, deya xabar beradi Kun.uz muxbiri. 

Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov 21 may kuni XXR ta'lim vaziri o‘rinbosari Tyan Syuetszyun boshchiligidagi Xitoy delegatsiyasini qabul qildi. Tashrifdan maqsad – O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida ta'lim hamda kadrlarni tayyorlash sohalarida hamkorlik qilishga oid dolzarb masalalarni muhokama qilish. 

XXR delegatsiyasi tarkibidan XXR Ta'lim vazirligi huzuridagi Ta'limni rivojlantirish tadqiqotlar markazi rahbari Cheng Tszidzi va XXRning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Tszyan Yan o‘rin olgan. 

Tomonlar O‘zbekistonda xitoy tili va XXRda o‘zbek tili ta'limi, talabalar va o‘qituvchilar almashuvi, Toshkent hamda Samarqand shaharlaridagi Konfutsiy institutlari faoliyatiga doir masalalarni muhokama qilishdi. Shuningdek, O‘zbekiston va Xitoy oliy ta'lim muassasalari o‘rtasida qo‘shma ta'lim dasturlarini tuzish, xitoy va o‘zbek tili sinxron tarjimonlarini tayyorlash masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi. 

Ikki mamlakat oliy ta'lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish va O‘zbekistonda Xitoy OTM filiali faoliyatini yo‘lga qo‘yish imkoni masalasi ko‘tarildi. 

Bundan tashqari, tomonlar xalqaro tashkilotlar, jumladan YuNeSKO bilan ham hamkorlik istiqbollarini muhokama qilishdi. 


   
Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, ham ta'lim tizimida, ham madaniy-gumanitar yo‘nalishidagi hamkorlikni rivojlantirishga oid rejalar belgilab olindi.  

22 may kuni XXR delegatsiyasi Samarqandga tashrif buyurib, "Ipak yo‘li" Xalqaro turizm universiteti faoliyati bilan tanishdi. 

Ko‘proq yangiliklar: