Ozarboyjon Armanistonni Mxitaryandan o‘z maqsadlarida foydalanishda aybladi

Sport 08:21 / 22.05.2019 9141

Ozarboyjon tashqi ishlar vazirligi Bokuda o‘tadigan Yevropa ligasi finalidagi xavfsizlik borasida xavotir bildirgan Armaniston tashqi ishlar vazirligining bayonotiga javob qaytardi. Ozarboyjon versiyasiga ko‘ra, final ishtirokchilaridan biri – Londonning “Arsenal” klubining arman o‘yinchisi Genrix Mxitaryanning finalda ishtirok etishdan bosh tortishi ig‘vo hisoblanadi.

“Armaniston tashqi ishlar vazirligining “Arsenal” klubining arman millatiga mansub o‘yinchisining Bokuga tashrifiga to‘sqinlik qiluvchi omillar borligi haqidagi bayonoti ichki siyosiy muammolar sababli sportni siyosat vositasiga aylantirishga urinishdan darak beradi. Armaniston tashqi ishlar vazirligining bunday ig‘voda ishtirok etishi afsuslanarli holat. Afsuski, Armaniston “Arsenal”ning arman o‘yinchisini o‘zining ig‘vogar maqsadlarida qo‘llamoqda”, deb aytgan rasmiy Boku.   

Avvalroq Armaniston Ozarboyjonni arman millatiga mansub muxlislarning xavfsizligini kafolatlay olmaslikda ayblab chiqqandi va buni irqchilik hamda ksenofobiya alomati deb atagandi. Avvalroq 18 mayda “Bi-bi-si” telekanali Ozarboyjon Yevropa ligasi finaliga arman muxlislarini qo‘ymayotganini ma'lum qilgan. Telekanal muxlislar so‘zlariga iqtibos keltirgan holda, ular Yevropa davlatlari fuqaroligiga ega bo‘lsalar ham ularga viza berish rad etilayotganini yozgan.

Buning fonida 21 may kuni futbolchi Genrix Mxitaryan Bokuga “Chelsi” bilan o‘yinga bormaslikka qaror qildi. “Men Yevropa ligasi finaliga jamoa bilan bormaslik kabi bu og‘ir qarorni qabul qildim. Futbolchilar bunday o‘yinlarda kamdan-kam hollarda o‘ynaydilar va shuni ta'kidlab o‘tishim lozimki, bu o‘yinni o‘tkazib yuborish men uchun juda og‘riqlidir”, deb yozgan futbolchi Instagram’da.

Final uchrashuvi 29 may kuni Ozarboyjon poytaxtidagi Olimpiya stadionida bo‘lib o‘tadi.

Ko‘proq yangiliklar: