OChL pley-offiga chiqish O‘zbekiston klublari uchun uddalab bo‘lmas vazifaga aylanmoqda

Sport 09:54 / 21.05.2019 6871

Dushanba kuni «Paxtakor» OChL guruh bosqichining 6-turi doirasida «Al-Ahli» mehmoni bo‘lib, 1:2 hisobida mag‘lubiyatga uchradi va guruhda uchinchi o‘rinni band etdi.

Bunga qadar, 5-turdan keyin «Lokomotiv» pley-off yo‘llanmasini boy bergandi. «Temiryo‘lchilar» bugun Qatarning «Ar-Rayyan» klubini qabul qilishadi.

Shu tariqa, Osiyo Chempionlar ligasining qatorasiga 3-mavsumida O‘zbekistondan birorta ham klub pley-offda qatnashmaydigan bo‘ldi. Oxirgi marta 2016 yilda «Lokomotiv» chorak finalga qadar yetib borgandi.

Umuman, OChLda guruhdan chiqish O‘zbekiston klublari uchun tobora uddalab bo‘lmas vazifaga aylanib bormoqda. 2009-2010 yillarda O‘zbekistonning 2tadan klubi («Bunyodkor» va «Paxtakor») pley-offda qatnashgan bo‘lsa, 2011-2014 yillarda faqat 1ta o‘zbek jamoasi («Bunyodkor») guruhdan chiqa oldi. 2015 yildan keyingi davrda esa, ya'ni oxirgi 5 mavsumdan 4tasida o‘zbek klublari guruhda qolib ketdi.

So‘nggi uch mavsumda O‘zbekiston klublari OChL guruh bosqichida jami 35ta o‘yin o‘tkazib, ularda 10ta g‘alaba, 7ta durang va 18ta mag‘lubiyat qayd etdi. To‘plar nisbati 43-57ni tashkil etmoqda. Bu bir o‘yinda o‘rtacha 1,2tadan gol urilgani, 1,6tadan gol o‘tkazib yuborilganini bildiradi.

Oxirgi uch yilda faqat bir klub – «Lokomotiv» faqat bir marta turnirni ijobiy to‘plar nisbati bilan yakunladi. 2018 yilda «Loko»da bu ko‘rsatkich +4 bo‘lgandi. Qolgan 6ta holatdan 4tasida o‘zbek jamoalarining o‘tkazib yuborgan gollari soni urgan gollaridan ko‘proq bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Paxtakor» OChLdagi 15ta ishtirokidan 10tasida guruhda qolib ketib, musobaqa antirekordini o‘rnatgani ma'lum bo‘lgandi.

Ko‘proq yangiliklar: