O‘zbekiston | 18:05 / 21.05.2019
6795
2 daqiqa o‘qiladi

Aholi nega qimmat dori vositalarini sotib oladi? Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi rahbari izoh berdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi rahbari Sardor Kariyev Milliy matbuot markazida tashkil qilingan anjumanda fuqarolar nega aynan qimmat dorilarni sotib olishi yuzasidan izoh berdi.

«Ayni vaqtda odamlar xorijning yetakchi farmatsevtik kompaniyalarida ishlab chiqarilgan qimmat dorilarni mahalliylaridan ko‘ra samaraliroq, deb o‘ylashadi. Bitta dori 30 xil nomga ega bo‘lishi mumkin. Farmatsevtlar uni turli nomda ishlab chiqaraverishadi va ularning ta'sir darajasi bir xil bo‘lishidan hamma ham xabardor emas.

Nima uchun xorij preparatlariga ko‘p ishonch bildiriladi? Chunki chetdan kelgan kompaniyalar marketing imkoniyatlaridan unumli foydalanishadi.  Aholiga mahalliy dori vositalari, ularning ta'sir doirasi bo‘yicha yetarli ma'lumot taqdim etilmayapti. Marketingdagi jiddiy kamchiliklar bunga asosiy to‘siq bo‘lmoqda. Respublikadaga mavjud 162ta korxonaning atigi 15tasida tarmoqli marketing rivojlangan», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Kariyev farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha qilinayotgan ishlar yuzasidan ham ma'lumotlarni taqdim etdi.

Ma'lum qilinishicha, respublikaning turli viloyatlarida 8ta erkin iqtisodiy hudud tashkil etildi. Bu hududlarda farmatsevtik korxona tashkil qilmoqchi bo‘lgan investorlarga turli imtiyozlar beriladi. Unga ko‘ra, investitsiya summasiga qarab 3 yildan 10 yilgacha boshlang‘ich to‘lovlar va barcha turdagi soliqlardan ozod qilinish imkoniyati yaratilgan.

Mavzuga oid