Poroshenko o‘z prezidentligiga yakun yasadi

Jahon 23:21 / 19.05.2019 21179

Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko 2014 yildan beri bosib o‘tgan yo‘lini xolis baholay olishi murakkabligini aytdi.

“Vaqt hammasini joy-joyiga qo‘yadi. Ertami-kechmi u gunohni savobdan, boshoqni begona o‘tdan va haqiqatni yolg‘ondan ajratadi”, deb aytgan o‘z lavozimini tark etayotgan prezident Ukraina xalqiga murojaatida.

Poroshenko Ukraina hozirda 2014 yildagidan yaxshiroq holatda ekanini, bunga jamiyatning faol qismi ko‘magi va ko‘pchilikning tushunishi evaziga erishilganini aytib o‘tgan.

Shu bilan birga Ukraina prezidenti “umidlarini oqlay olmaganlardan, islohotlar juda og‘riqli bo‘lganlardan, shu yillar ichida yolg‘onga duch kelib, haqiqatni topa olmaganlar”dan uzr so‘ragan. 

“Hattoki prezident barchasini qila oladi, deb ishonilsa ham, u barchasini birdaniga qila olmaydi”, deb ta'kidlab o‘tgan Ukraina yetakchisi.

Poroshenkoning aytishicha, u uchun eng alamlisi mamlakatda tinchlik o‘rnata olmagani hisoblanadi.

Ukraina rahbari mamlakatda “Rossiya tajovuzidan so‘ng yuzaga kelgan iqtisodiy inqirozdan keyin turmush darajasini tiklash ancha kechikish bilan boshlanganini” tan olgan.

Jumladan, Poroshenko yangi saylangan prezident Vladimir Zelenskiyga muvaffaqiyat tilab qolgan. 

“Bir oygina oldin biz ashaddiy raqiblar edik. Biroq ertagayoq, u yurtim prezidenti bo‘ladi. Men sevadigan va men yevropacha kelajagiga ishonadigan davlatning. Tangri Ukrainani asrasin, uning yangi rahbarini qo‘llab-quvvatlasin”, deb ta'kidlab o‘tgan Poroshenko. 

Poroshenko mamlakatning Yevropa Ittifoqi va NATOga a'zo bo‘lish yo‘nalishidan og‘ishishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun siyosatdan ketmasligini aytgan. Uning ta'kidlashicha, u qandaydir bir lavozim uchun emas, balki “davlat qurilishida erishilganlarni himoya qilish” uchun qoladi.

Ko‘proq yangiliklar: