O‘zbek sportida Umid Ahmadjonov davri: u nimalarga erisha oldi?

Sport 23:30 / 18.05.2019 29735

Yakunlanayotgan hafta O‘zbekiston sportidagi eng asosiy yangilik – rahbariyatdagi kutilmagan o‘zgarish bo‘ldi. 15 may kuni Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Umid Ahmadjonov ushbu lavozimdagi salkam bir yarim yillik faoliyatidan so‘ng iste'foga chiqdi.

Shu kuni qo‘mita Bosh assambleyasining navbatdan tashqari majlisi chaqirildi. Unda assambleyaning 32 a'zosi va mamlakat sporti mutasaddilaridan tashqari hukumat va prezident administratsiyasi mulozimlari ham qatnashdi. Majlisda bunga qadar Toshkent shahri hokimi, vazir va deputat sifatida faoliyat yuritgan, ayni paytda O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi raisi va Vazirlar Mahkamasida direksiya direktori lavozimida ishlayotgan Rustam Shoabdurahmonov MOQ yangi prezidenti etib saylandi.

Foto: Milliy olimpiya qo‘mitasi

«Anchadan beri shunga qarab kelayotgandi»

Ushbu o‘zgarish nafaqat sport jamoatchiligi uchun kutilmagan yangilik, balki hukumat uchun ham shoshilinch qaror bo‘lganini taxmin qilish mumkin. Chunki iste'fodan bir kun oldin, 14 may kuni Vazirlar Mahkamasining 401-sonli qarori imzolangan, ushbu qarorda yozgi Osiyo o‘yinlarini O‘zbekistonda o‘tkazishga tayyorgarlik bo‘yicha respublika ishchi guruhi raisining o‘rinbosari sifatida Umid Ahmadjonov ko‘rsatib o‘tilgandi.

Ammo 15 may kungi yig‘ilishda bosh vazir Abdulla Aripov vaziyat «anchadan beri» mazkur o‘zgarishni taqozo etib kelganini qayd etib o‘tdi.

«Bu ancha jiddiy masala. Anchadan beri shunga qarab kelayotgandi.

Oldimizda katta tadbirlar, sinovlar bor. Ochig‘ini aytsak, sizlar bilan sportimizning hozirgi kundagi ahvoli qanday, Olimpiadaga qanchalik tayyormiz, to‘g‘ri yo‘ldan ketyapmizmi, degan masalalarni gaplashadigan paytimizda, afsuski, tashkiliy masalani ko‘rib chiqyapmiz», – dedi hukumat rahbari.

Aripov Ahmadjonovning ishdan ketishini izohlar ekan, unda mazkur lavozimdagi shaxs uchun zaruriy fazilatlar kuzatilmaganini ta'kidladi:

«Prezidentimiz Milliy olimpiya qo‘mitasi oldiga katta va mas'uliyatli vazifalarni qo‘ymoqdalar. Mazkur topshiriqlarni bajarish uchun rahbar yaxshi boshqaruvchi bo‘lishi, sportchilar bilan yaqin va samimiy munosabatda bo‘lib, ularni yirik va nufuzli musobaqalarga tayyorlashi, moliyaviy-iqtisodiy masalalarni hal etish qobiliyatiga ega bo‘lishi lozim. Afsuski, Ahmadjonov faoliyatida bular ko‘zga tashlanmadi».

17 yillik karera cho‘qqisi

Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi prezidenti Tomas Bax bilan

O‘FFga prezident bo‘lgunicha Umid Ahmadjonov nomi ko‘pchilikka tanish emasdi. Uning ikki yil oldin O‘zbekiston futboli tepasiga kelishi qanchalik kutilmagan qaror bo‘lgan bo‘lsa, navbatdagi Olimpiadaga 14 oy qolganda mamlakatda olimpiya harakatining bosh yetakchisi postidan ketishi ham shunchalik tushunarsiz bo‘ldi.

Ahmadjonov sportdagi rahbarlik faoliyatini 2002 yilda O‘zbekiston nogironlar sport federatsiyasi bosh kotibi sifatida boshlagan. 2007 yildan keyin 10 yil davomida Milliy paralimpiya assotsiatsiyasida bosh kotib va rais o‘rinbosari lavozimlarida ishladi. Bu vaqtda O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi raisi o‘rinbosari sifatida ham faoliyat yuritdi. 2016 yilgi Rio Paralimpiadasi (31ta medal, 16-o‘rin) uning sohadagi karerasida burilish nuqtasi bo‘lgandi.

2017 yil boshida Umid Ahmadjonov Milliy olimpiya qo‘mitasida vitse-prezident etib saylandi. Ko‘p o‘tmay, u Dzyudo federatsiyasi vitse-prezidenti Bobur Shodiyev «Paxtakor» vitse-prezidenti etib tayinlanishi ortidan mazkur klubda bosh direktor sifatida ish boshladi. O‘sha yilning sentyabriga borib esa O‘zbekiston futbol federatsiyasi prezidentligiga yagona nomzod sifatida ushbu mansabni egalladi. Qisqa vaqtda o‘zini reformator sifatida ko‘rsatgan Ahmadjonov 2018 yil boshida Milliy olimpiya qo‘mitasi rais etib saylandi.

Foto: Milliy olimpiya qo‘mitasi

Ahmadjonov MOQning 27 yillik tarixidagi 8-prezident edi. U 16 oylik faoliyati bilan bu lavozimning o‘zidan oldingi egasi Alisher Sultonovdan keyin qo‘mita tarixidagi ikkinchi eng qisqa muddat ishlagan rahbarga aylandi. Darvoqe, u rasman O‘FF prezidenti sifatida bor-yo‘g‘i 4 oy ishlaganini, so‘ng vakolatlarini Ochilboy Ramatovga topshirganini eslab o‘tish joiz.

Shuni ham qo‘shimcha qilish o‘rinliki, 42 yoshli Umid Muhammadjonovich shu yilning mart oyida Osiyo Olimpiya Kengashiga vitse-prezident ham bo‘lgandi, OOK Bosh assambleyasida: «Asosiy maqsadim XOQ Ijroiya Qo‘mitasi a'zolari safidan o‘rin olishdir», deb ta'kidlagandi. Aprelda esa Markaziy Osiyo Futbol Assotsiatsiyasi rahbarligidan ketdi. Hozircha uning O‘FA birinchi vitse-prezidenti mansabida qolishi borasida aniq bir narsa deyish qiyin.

MOQda Umid Ahmadjonov davri: yutuq va kamchiliklar

Image result for Umid Ahmadjonov

Tanqidchilari uni o‘zini haddan ortiq piar qilishga, balandparvoz va bir-biriga zid bayonotlar bilan chiqishga moyillikda ayblashadi. Quyi bo‘g‘inlarga rahbar kadrlarni tayinlashda professional yondashmasligini iddao qiluvchilar ham topiladi.

Qolaversa, Umid Ahmadjonov biron marta televizion ko‘rsatuvlarga chiqmagani yoki video formatda intervyu bermagani ham bor gap. Uning davrida, avval ham bo‘lganidek, O‘zbekistonda jamoaviy sport turlari oqsashda davom etdi, mazkur tendensiyaning sabablariga chuqur kirib borish va ilmiy asosda tahlil etish tomon aniq qadamlar qo‘yilmadi. Bunda birgina hokkey istisno bo‘ldi xolos.

Ahmadjonovning futboldagi faoliyati ham kamchiliklardan xoli bo‘lmadi. Uning ayrim og‘zaki talablari, masalan sigareta chekkan futbolchilarni bir umrga futboldan chetlatish, futbol bo‘yicha milliy terma jamoani yoshartirish, o‘yin vaqtini cho‘zgan futbolchining jamoasiga texnik mag‘lubiyat yozish kabilar sport menejmentiga zid ekani bilan tanqidchilar e'tiborini tortdi.

FIFA prezidenti Janni Infantino bilan / Foto: O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi

Shu bilan birga, Samvel Babayan va Vadim Abramov bilan bog‘liq voqealar, Superliga klublari sonining beqarorligi kabilar faqat futbolda kuzatilgan bo‘lsa-da, umuman olganda u o‘zi boshqarayotgan tashkilotlarda vakolati qisman bo‘lsa-da cheklangani, u hali qaror qabul qilishda yuqoridan mustaqil bo‘lish, bosimlarga dosh berish darajasida nufuzga ega emasligini ham ko‘rsatgandek bo‘ldi.

Umid Ahmadjonov davri yutuqlari haqida gap ketganda esa, avvalo O‘zbekiston Jakartada o‘tgan Osiyo va Paraosiyo o‘yinlarida, shuningdek Buenos-Ayresdagi o‘smirlar Olimpiadasida medallar soni va sifatida bo‘yicha o‘z rekordlarini yangilaganini ta'kidlash o‘rinli.

Image result for Umid Ahmadjonov

Shuningdek, 2018 yilda futbol bo‘yicha mamlakat olimpiya terma jamoasi Osiyo chempioni bo‘ldi. Osiyo o‘yinlarida o‘zbek kurashi ilk marta dasturga kiritildi. Joriy yil boshida esa 2022 yilgi Osiyo o‘yinlarida kurash bo‘yicha medallar jamlanmasi 7tadan 17taga oshirilishiga erishildi. O‘zbekiston Osiyo o‘yinlari mezbonligi uchun da'vogarlik qila boshlagani ham MOQning sakkizinchi prezidenti boshqaruvi davriga to‘g‘ri keldi.

Umid Ahmadjonov, shuningdek, 2022 yilgi yozgi Olimpiadaga har bir yo‘llanma uchun 100 mln so‘m (medal emas, litsenziyaning o‘ziga salkam 12 ming dollar) mukofot puli, Tokiodan kamida 10ta oltin medal bilan (amaldagi rekorddan 2,5 barobar ko‘proq) qaytishni va'da qildi. Bu va'dalarni yutuqlar qatoriga qo‘shib bo‘lmasligi tayin albatta, ammo avvalgi rahbarlar bilan solishtirganda, garchi katta gapirilsa-da, aniq raqamlar bilan dangal maqsadlar qo‘yilganining o‘zini e'tirof etish mumkin.

Tanqidlarga qaramay, futbolda ham ijobiy o‘zgarishlar yo‘q emas. Milliy jamoaning Toshkentda o‘rtoqlik o‘yinlari o‘tkazishi yillar davomida noyob holatga aylanib qolgandi. Uzoq kutilgan tayinlov – milliy va olimpiya jamoalariga xorijlik murabbiylar olib kelindi va ularning ishiga hech kim aralashmasligiga kafolat berildi. O‘zbek futboli tarixida ilk marta konkret shaxsga kelishilgan o‘yinlarni tashkil qilish ayblovi qo‘yilib, ular chetlatildi. VAR`ni olib kirish bo‘yicha ilk qadamlar tashlandi. Klublarda ko‘tarma pullari bekor qilindi, o‘zbek futbolchisi eng ko‘p malomat qilinadigan jihat – jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha testlar joriy etildi.

Yangi rahbar haqida nimalar ma'lum

Rustam Shoabdurahmonov yangi lavozimdagi birinchi ish kunida olimpiya o‘yinlari oilasiga kirgan barcha sport federatsiya va assotsiatsiyalar mutasaddilari bilan uchrashuv tashkil qildi.

«Bungacha qilichbozlik federatsiyasida faoliyat olib borganim bois, sohadagi vaziyat menga ayon. Endi qolgan federatsiyalar bilan ham shug‘ullanib chiqamiz», – deya ta'kidladi u.

Rustam Mavzurovich 2017 yil iyul oyidan buyon O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasini boshqarib kelmoqda. Bu lavozimga saylanishidan bir necha kun oldin u Vazirlar Mahkamasi huzurida yangi tuzilgan O‘ta muhim ijtimoiy, madaniy va tarixiy ahamiyatga molik obektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta'mirlash direksiyasi rahbarligiga tayinlangan. 

Shoabdurahmonov, shuningdek, turli yillarda Makroiqtisodiyot va statistika vaziri va vazir o‘rinbosari sifatida ishlagan, 1999-2004 yillarda Oliy Majlis deputati, 2001-2005 yillarda Toshkent shahri hokimi bo‘lgan.

Ayrim OAVdagi ma'lumotlarga ko‘ra, Rustam Shoabdurahmonov poytaxt rahbari bo‘lgan vaqtda Toshkent propiskasiga ega bo‘lmagan fuqarolarni shahardan chiqarib yuborish haqida buyruq chiqargan. Tanqidchilari uni hukumat direksiyasiga rahbarlik davrida Samarqand va respublikaning boshqa shaharlaridagi tarixiy hududlarda binolarning buzilishiga yo‘l qo‘yib berganlikda ham ayblashadi.

Komron Chegaboyev

Ko‘proq yangiliklar: