Tadbirkorlar qanday muammolarga duch kelmoqda?

O‘zbekiston 12:09 / 18.05.2019 11575

O‘zbekistonda tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan shaxslar asosan mulk huquqi bo‘yicha muammolarga duch kelishadi. Bu haqda «Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident farmoni yuzasidan o‘tkazilgan Adliya vazirligi matbuot anjumanida ma'lum qilindi.

Anjumanda ishtirok etgan prezident huzuridagi biznes ombudsman yetakchi inspektori Jamshid Hasanovning bayon qilishicha, tadbirkorlar asosan bino qurilishi va buzilishi, yer uchastkasini olish singari mulk huquqi bilan bog‘liq muammolar yuzasidan murojaat qilishadi. “Shuningdek, litsenziya olish, uni rasmiylashtirish bilan bog‘liq jarayon yuzasidan ham tadbirkorlar muammolarga duch kelishmoqda”, ─ deydi inspektor.

Anjumanda respublikada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub'yektlari egalari ham ishtirok etishdi. Ular o‘z faoliyatlarida ro‘baro‘ bo‘layotgan muammolarni bayon etishdi.

Chingiz Mutalov, tadbirkor:

Davlat tashkilotlari va tadbirkorlar o‘rtasida muloqot yaxshi yo‘lga qo‘yilmagan. Yangi qonunlar, farmonlar chiqyapti, lekin hali eskilari hazm qilingani yo‘q. Idoralarga biron muammo yuzasidan murojaat qilsangiz, u yerda o‘tirganlar yangi chiqqan hujjat u yoqda tursin, eskisini hali to‘liq o‘rganib, mohiyatiga tushunmagan bo‘ladi.

Birdaniga hamma narsada erkinlik berilgani uchun fuqarolar hamma narsaga davlat javobgar, deb o‘ylamoqda. Davlat esa ustma-ust qonun chiqarish bilan band.

Olmaliq shahar va Olmaliq metallurgiya qo‘shma korxonalari direktor muovini:

─ Ilgari davlat idoralariga biron masala bilan kirish amri mahol edi. Hozir mutasaddilarning vakillari o‘z oyoqlari bilan kelib, muammolarni o‘rganishyapti, davlat xizmatlari agentligi tashkil etildi. Lekin u yerda o‘tirgan vakillar tadbirkorlar va investorlarning savollariga qoniqarli javob bera olmaydi. Sarmoya ko‘tarib kelgan investorning juda ko‘p savollari bo‘ladi, lekin u aniq va batafsil javob ola bilmasa, hafsalasi pir bo‘ladi. Chunki shunaqa idoralarda o‘tirganlarning aksariyati investorga to‘g‘ri tushuntirish bera oladigan salohiyatga, bilimga ega emas. Iqtisodiyotni tushunadigan huquqshunos yo‘q hisob. Biron masala bo‘yicha tugal xulosa aytib, javobgarlikni o‘z bo‘yniga olishni birontasi istamaydi. Hali u vakilning, hali bu mutaxassisning eshigini taqillataverib ovora bo‘lgach, investor qaytib ketadi, uni hech qanaqasiga ham qaytara olmaysiz.

Shuningdek, tadbirkorlar kelayotgan investorlarning hujjatlarni rasmiylashtirish bilan muammolarga duch kelishi, kiritilayotgan sarmoya uchun banklar kafolatni o‘z bo‘yniga olmayotgani, banklar tomonidan ishonchsizlik bildirilayotganini ta'kidlab o‘tishdi.

Ko‘proq yangiliklar: