O‘zbekistonda Koreya tajribasi asosida zamonaviy farmatsevtika klasteri tashkil etiladi

O‘zbekiston 14:48 / 18.05.2019 2446

O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov boshchiligidagi delegatsiya farmatsevtika sanoatini rivojlantirishda ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida Koreya Respublikasida bo‘ldi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabariga ko‘ra, tashrif doirasida delegatsiya «Eulji» universiteti rahbariyati bilan uchrashdi. Muloqotda delegatsiya tomonidan so‘nggi yillarda mamlakatda amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlar, jumladan, tibbiy turizmni rivojlantirish, xorijiy investorlarni yurtimizga jalb etish borasida yaratilgan shart-sharoitlar haqida ma'lumot berildi. O‘z navbatida, Koreya tomoni mamlakatda «Eulji» universiteti filiali va klinikasini tashkil etishga qiziqish bildirdi. Ushbu loyihani muhokama qilish maqsadida yaqin vaqt ichida «Eulji University» rahbari Xong Song Xi O‘zbekistonga tashrif buyurishni rejalashtirayotganini qayd etdi. Muzokaralar yakunida tomonlar o‘zaro anglashuv memorandumini imzolashdi.

Delegatsiya a'zolari Osan shahrida 20 yildan buyon faoliyat yuritayotgan Biofarmklasterda ham bo‘lishdi. Bu yerda joylashgan farmatsevtika va bio-farmatsevtika kompaniyalari, ilmiy-tadqiqot institutlari, klinikalar, laboratoriyalar va venchur jamg‘armalari faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Uchrashuv chog‘ida mamlakatimizda farmatsevtika va tibbiyot rivoji borasida olib borilayotgan sa'y-harakatlar haqida atroflicha to‘xtalib o‘tildi. Jumladan, Koreya tajribasi O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirishda namuna bo‘layotgani ta'kidlanib, bu boradagi hamkorlik mamlakatimizda koreyalik hamkasblar bilan birgalikda tashkil etilishi rejalashtirilayotgan zamonaviy farmatsevtika klasteri faoliyatida ham qo‘l kelishi qayd etildi. 

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

Muloqot yakunida tomonlar O‘zbekistonda farmatsevtika klasterini tashkil etish borasida “Yo‘l xaritasi”ni tayyorlash bo‘yicha ishchi guruh tuzishga kelishib oldilar. Ushbu kelishuv O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov va Koreya Respublikasi Biofarmklasteri rahbari Pak Gusun o‘rtasida imzolangan o‘zaro anglashuv memorandumi bilan mustahkamlandi.

Umuman olganda, O‘zbekiston delegatsiyasining Koreya Respublikasiga tashrifi ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga zamin yaratdi.

Ko‘proq yangiliklar: