Buzish shart emas: turli mamlakatlarda panelli uylar qanday qilib zamonaviylashtirilgan?

Light 14:52 / 18.05.2019 20265

Toshkent shahrida uylarni buzish ishlarining olib borilishi ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi. Biroq aniqlanishicha, 50 yildan ortiq o‘z egalariga xizmat qilgan uylarni muvaffaqiyatli tarzda rekonstruksiya qilinishiga dunyoda yetarlicha misollar mavjud. Ularda modernizatsiya ishlari aholini uylaridan ko‘chirmasdan amalga oshirilgan. Fransiyaning Bordo shahri ana shunday joyga aylangan.

Foto: TravelAsk

O‘tgan asrning 50-70-yillari ko‘plab mamlakatlar aholisi uchun ko‘p qavatli panelli qurilishlar davri sifatida yodda qolgan. Aholining keng qatlami yashashi uchun mo‘ljallangan budjet uylarni qurish Yevropa mamlakatlari, AQSh, Xitoy va boshqa ko‘plab davlatlar davlat dasturining bir qismi bo‘lgan. Maydoni u qadar katta bo‘lmagan, biroq o‘z davri uchun qulay panel uylar yosh oilalar, badavlat bo‘lmagan fuqarolar va yolg‘iz nafaqaxo‘rlar muammolarini hal qilgan. Biroq 40 yoki 60 yil ilgari muvaffaqiyatli xarid qilingan uy bugun ancha eskirgan ko‘rinadi.

Foto: TravelAsk

Yevropaning ko‘plab mamlakatlarida bo‘lgani kabi Bordoda ham ko‘p qavatli panelli uylar soni yetarlicha. Ular hali ancha chidamli va xavfsizlik muhandislari tomonidan tanqidlarga sabab bo‘lmayapti, biroq zamonaviy talablarga javob bermaydi. Aynan shu sababli shahar hukumati ko‘p qavatli uylarni rekonstruksiya qilish loyihasini ishlab chiqishga tanlov tashkil etdi. 2017 yilda uchta panelli uy aholini ko‘chirmagan holda tanib bo‘lmas darajada o‘zgartirildi.

Foto: TravelAsk

Panelli uylar tashqi devorlarni buzmasdan, ularni suriladigan shisha eshiklarga o‘zgartirish va qo‘shimcha joy qurish orqali kengaytirildi. Paydo bo‘lgan maydon qishki bog‘ yoki oynavand xona vazifasini bajaradi. Muhimi, u xonadon maydonini kengaytiradi va yashashni qulay ko‘rinishga keltiradi. Shunday usulda jami 530 ta xonadon modernizatsiya qilindi.

Foto: TravelAsk

Panelli uylarni qayta ta'mirlash bo‘yicha loyihalar amalga oshirilgan mamlakatga Germaniya muvaffaqiyatli misol bo‘la oladi. Bu yerda Laynefeld shahrida o‘tgan asrning 90-yillarida 3-5 qavatdan iborat bir necha panelli uylar rekonstruksiya qilingan. Arxitektorlar yangi uylarning keng va yorug‘ bo‘lishi haqida qayg‘urdilar. Bunga Bordo uylarida bo‘lgani kabi qo‘shimcha modullarni qurish orqali erishildi. Uylar bilan bog‘liq bir necha holatlarda katta o‘zgarishlar yuz berdi – ularni qismlarga ajratib, qulay qasrlarga aylantirildi.

Foto: TravelAsk

Rossiyada ham eskirgan besh qavatli uylarni rekonstruksiya qilishga muvaffaqiyatli misollar mavjud. Moskva va Kaliningraddagi panel uylar xonadonlar maydonini kengaytirish va fasadni keskin o‘zgartirish hisobiga ikkinchi hayotga ega bo‘ldi. Kaliningraddagi panelli uylar tarixi, ayniqsa, qiziqarli. U qisqa vaqt ichida arxitekturaning haqiqiy durdonasiga aylantirildi.

Foto: TravelAsk

Bu kabi o‘zgarishlar nafaqat shahar budjetini tejaydi, balki ko‘plab ekologik muammolarni hal etish imkonini ham beradi. Axir uy-joylarni buzish elektr quvvati bilan bog‘liq xarajatlar, shuningdek, utilizatsiya qilinishi kerak bo‘lgan qurilish chiqindisining katta miqdorda bo‘lishiga olib keladi. Hozirgi kunda chiqindilarning yangi poligonlari uchun yerlarning yetishmasligi ko‘plab mamlakatlarning muammosiga aylandi, bu esa bahs talab etmaydigan afzallik sanaladi.

Ko‘proq yangiliklar: