«Yo‘limizni ochib bering!» - Urganch tumani aholisi yo‘l noqonuniy yopib qo‘yilganidan aziyat chekmoqda

Jamiyat 10:54 / 17.05.2019 23035

Davlat mulkiga nisbatan bo‘lgan hurmat bu umumxalq manfaatiga xizmat qiladigan muhim omildir. Afsuski so‘nggi yillarda bunga e'tibor pasayib ketdi. Odamlar yashaydigan hududlarda qatnov yo‘llari, piyodalar yo‘lkasi, ariqlar noqonuniy qurilmalar, panjaralar bilan to‘sildi, umumxalq mulki o‘zboshimchalik bilan egallab olinishi holatlari ko‘paydi. Mahalliy hokimiyat idoralarining bunga panja ostidan qarashi, ba'zan o‘zi chiqargan g‘alati qarorlari natijasida aholi orasida ko‘plab qarama-qarshiliklar, noroziliklar kelib chiqdi.

Bu maqolamizda fuqaro tomonidan katta yo‘lakning yopib qo‘yilishi va buning oqibatida kelib chiqqan ziddiyatlar haqida ma'lumot beramiz.

Urganch tumani, Oq-Oltin qishlog‘i, Bog‘dorchi mahallasidagi Bog‘iravon ko‘chasida istiqomat qiluvchi fuqarolar mahalladoshi tomonidan yo‘lning «noqonuniy qurilma» bilan to‘sib qo‘yilganidan aziyat chekishayotganini ta'kidlab, uni ochib berishda ko‘maklashishni so‘rab murojaat qilishdi. Bir necha yillardan beri davom etayotgan ziddiyatga tuman hokimligi tomonidan chiqarilgan qarorlar sabab bo‘lgan. Bu borada bir necha sud mahkamalari o‘tkazilgan bo‘lsa-da, hozirgacha muammo yechilmagan va qarama-qarshilikka barham berilmagan.

Mahalla aholisi bilan uchrashib, ularning fikri va tafsilotlarni o‘rgandik. Hujjatlar bilan tanishib, vaziyat haqida baholi qudrat xulosa chiqarishga urinib ko‘rdik.

2001 yili Bog‘dorchi mahallasida istiqomat qiluvchi Umida Jumaniyazovaga yakka tartibda turar-joy qurish uchun 700 kv.m. yer ajratib berish haqida Urganch tumani hokimligi qaror chiqadi. Unga Oq-Oltin jamoa xo‘jaligi vakillari umumiy yig‘ilishining 1998 yil 18 avgustdagi 3-sonli, 1999 yil 26 fevraldagi 1-sonli, 2000 yil 27 iyuldagi 3-sonli (shuni esda saqlab qoling) va 2001 yil 1 martdagi bayonnomalari asos qilib olingan.

2013 yili Umida Jumaniyazova 700 kv.m. yerga egalik qilish huquqini Shonazar Sapayevga sotadi. Bu haqda Shonazar Sapayevning Urganch tumani prokuraturasiga o‘z qo‘li bilan yozib bergan tushuntirish xati bor.

2013 yil fevral oyida Urganch tumani hokimligi Shonazar Sapayevga 700 kv.m. yer maydoniga egalik huquqini berish to‘g‘risida qaror chiqaradi. Biroq, bunga Yuqoribog‘ qishloq fuqarolari yig‘inining Shonazar Sapayevga yer maydoni ajratish haqidagi 1998 yil 3 fevraldagi №2/1 sonli bayonnomasi asos qilib olinadi.

Qizig‘i shundaki, Shonazar Sapayev 2013 yilga qadar bu qishloqda umuman yashamagan (bu haqda mahalla fuqarolar yig‘ini raisi bergan ma'lumotnoma mavjud). Demak fuqarolar yig‘inining unga yer ajratish haqidagi bayonnomasi bo‘lmasligi kerak edi. Bu esa rasman o‘z tasdig‘ini topdi. Yangibozor tumani davlat arxivi bergan ma'lumotnomaga ko‘ra, Yuqoribog‘ qishloq fuqarolari yig‘inining 1998 yil 3 fevraldagi №2/1 sonli bayonnomasi mavjud emas. Urganch tumani hokimligi esa o‘z qarorida negadir mana shu «hujjat»ga asoslangan.

Xo‘sh, 2013 yilgacha bu mahallada umuman yashamagan Shonazar Sapayevga nega mavjud bo‘lmagan bayonnomani asos qilib, 700 kv.m. yerga egalik qilish huquqi haqida qaror chiqarib berildi? Qo‘limizdagi boshqa hujjatlar bu savolga javob topishga yordam beradi.

2013 yil iyun oyida Urganch tumani hokimligi Umida Jumaniyazovaga 473,28 kv.m. yer maydoniga egalik qilish huquqini tan olish haqida qaror chiqaradi. Bunga Oq-Oltin jamoa xo‘jaligi vakillari umumiy yig‘ilishining 2000 yil 27 iyuldagi 3-sonli bayonnomasi asos qilib olinadi. Ammo yuqorida keltirganimizdek, bu bayonnomaga asosan, avvalroq Umida Jumaniyazovaga 700 kv.m. yer ajratilgan edi.

Xo‘sh, nimaga 700 kv.m. yer maydoni birdan 473,28 kv.m.ga aylanib qoldi? Gap shundaki, Umida Jumaniyazovaning egalik huquqini Shonazar Sapayevga sotgan 700 kv.m. yer yonidagi yo‘lakning maydoni aynan 473,28 kv.m.ga teng. Ya'ni Urganch tumani hokimligi o‘z qarori bilan mahalla aholisi yo‘l sifatida foydalanib kelayotgan yerni Umida Jumaniyazova nomiga rasmiylashtirgan.

Bu yer yo‘l bo‘lgani haqida Xorazm viloyati arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi mutaxassislarining xulosasi ham bor. Unga ko‘ra, bu yer uchastkasi shu shirkat xo‘jaligida yer tuzuvchi bo‘lib ishlagan O‘rinboy Rajabov va Xudoyor Qo‘ljonov tomonidan aholining kirib-chiqishi uchun qoldirilgan yo‘l deb ko‘rsatilgan.

Urganch tumani prokuraturasi 2016 yil fevral oyida voqea tafsilotlarini o‘rganib chiqib, Urganch tumani hokimligining 2013 yil iyun oyidagi Umida Jumaniyazovaga 473,28 kv.m. yerga egalik huquqini berish haqidagi qaroriga protest keltirgan va uning bekor qilinishiga erishgan.

Shundan so‘ng, Umida Jumaniyazova Urganch tumani hokimligini sudga bergan. Ammo, 2016 yil sentabr va dekabr oylarida o‘tkazilgan Fuqarolik ishlari bo‘yicha Urganch tumanlararo sudi Umida Jumaniyazovaning 473,28 kv.m. yer maydonidagi qurilishi tugallanmagan imorati «noqonuniy qurilma» deb topgan. Natijada u buzib tashlangan va yo‘l ochilgan.

Oradan 2 yil o‘tib, vaziyat tubdan o‘zgaradi. 2018 yilning dekabr oyida Urganch tumani ma'muriy sudi va 2019 yilning aprel oyida Xorazm viloyati ma'muriy sudining kassatsiya instansiyasi sudi Umida Jumaniyazovaning Urganch tumani hokimligiga nisbatan da'vo arizasini qanoatlantiradi. Ya'ni, uning 473,28 kv.m. yer maydoniga egalik qilish huquqi bor deb tan oladi.

Shundan so‘ng, Urganch tumani hokimligi 2018 yil 15 mart kuni Umida Jumaniyazovaga 473,28 kv.m. yer maydoniga egalik qilish huquqini tan olish haqida yana bir qaror chiqaradi. Vaholanki, kassatsiya instansiyasi sudi bu ish bo‘yicha keltirilgan shikoyatni hali ko‘rib chiqmagan edi.

Hozirgi kunda yopilgan yo‘lakda imorat qurilishi davom etmoqda. Bundan 50dan ortiq oilalar, ularning farzandlari aziyat chekyapti: ular uzoq bo‘lgan noqulay aylanma yo‘llar orqali ishga, o‘qishga, maktabga borishga majbur. Bundan tashqari, tez yordam mashinasining mahallaga borishi ham ancha qiyinlashgan. Aholi so‘zlariga ko‘ra, yo‘l yopib tashlanganidan beri chiqindi yig‘uvchi mashinalar ham mahallaga bormay qo‘ygan.

Urganch tumani hokimligining 2013 yilda chiqargan qarori mana shunday salbiy oqibatlarga olib kelgan. Dastlab Umida Jumaniyazovaga 700 kv.m. yer maydoni ajratib berilganidan so‘ng, bu yer maydoni Shonazar Sapayev nomiga mavjud bo‘lmagan bayonnoma asosida rasmiylashtirilgan. Umida Jumaniyazovaga esa aholi foydalanib turgan yo‘lakdan qo‘shimcha ravishda 473,28 kv.m. yer maydoni ajratilgan. Natijada yo‘lak yopilib, unga fuqaro tomonidan imorat qurib yuborilgan.

Mahalliy hokimiyat odamlarning davlat mulkiga, ya'ni umumxalq foydalanadigan mulkka nisbatan hurmatini tiklashi, qatnov yo‘llari, piyodalar yo‘lkasini noqonuniy qurilmalar, panjara va to‘siqlardan tozalashi, o‘zboshimchalik bilan davlat mulkiga zarar yetkazayotgan shaxslarga nisbatan qonuniy choralarni qo‘llashi kerak bo‘lgan vaziyatda, afsuski o‘z qarorlari bilan vaziyatni chigallashtirib yuborganini ko‘rmoqdamiz. Bir narsani yaxshi tushunib olishimiz kerak, agar davlat mulkiga bo‘lgan hurmat tiklanmas ekan, bunda nafaqat davlatning, balki barcha aholining manfaati ham toptalgan bo‘ladi.

Nurmuhammad Said

Ko‘proq yangiliklar: