Halima Xudoyberdiyeva zamondoshlari xotirasida: «Boshida qora bulutlar kezgan yillarda ham yozishdan to‘xtamadi»

O‘zbekiston 21:53 / 17.05.2019 13341

Bugun, 17 may kuni Yozuvchilar uyushmasida O‘zbekiston xalq shoirasi Halima Xudoyberdiyeva xotirasiga bag‘ishlangan «Qancha shoning bo‘lsa vatanni ko‘tar» nomli tadbir tashkil qilindi.

Xotira tadbirida shoir va yozuvchilar, san'at va ilm-fan sohasi vakillari, shoiraning oila a'zolari va muxlislari, yoshlar, OAV xodimlari ishtirok etdi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, so‘z olganlar Halima Xudoyberdiyevaning ijodiy va mehnat faoliyati, o‘zbek she'riyatiga qo‘shgan hissasi haqida o‘z fikrlarini bildirishdi, shuningdek, shoiraning she'rlaridan o‘qildi.

— «Ijodning mahsuli ijodkordan baland bo‘lolmaydi. Kishining shaxsi qanchalik butun bo‘lsa, uning ijodi ham butun, shaxsiyati butun bo‘lmagan kishining esa ijodi ham nomukammal bo‘ladi. 
Halima Xudoyberdiyeva o‘zbek adabiyotida shaxsi butun ijodkorlardan biri edi. Shoira juda yirik tuyg‘ular egasi edi. U kishi nafaqat o‘zi, balki dunyolarga sig‘may ketgan tuyg‘ularini she'rlarida aks ettirishga va o‘sha tuyg‘ulari orqali jamiyatni, millatni yuksaltirishga, yerning balchiqlari va yerning kirlaridan uni uzishga, sen ham insonsan, sen ham buyuk ishlarga munosibsan, degan tuyg‘uni ularning ko‘ngliga sig‘dirishga harakat qilgan va buning uddasidan chiqqan shoira edi.
To‘g‘risini aytsam, biz va bizning adabiyotshunosligimiz hali Halima Xudoyberdiyevaning ijodi suvlangan manbaalarini, qaynoqlarini va uning aynan shu tarzda yozishiga sabab bo‘lgan omillarni, ildizlarni topa olganimiz yo‘q. 
Shoiraga faqat Abdulla Oripovgina o‘zining dohiyona balandligidan turib, «Turkiston onasi» deb bergan ta'rifi qoldi», – deydi pedagogika fanlari doktori, professor Qozoqboy Yo‘ldoshev. — Halima Xudoyberdiyeva – yuragida yo‘lbars o‘kirib, sirtdan mayin jilmaygan, yirik shaxsiyat egasi edi. Ammo shunday kuchli tuyg‘ularini ham o‘zbek ayoliga xos tarzda, andisha bilan aytardi.

Xotira tadbirida shoiraning she'riyatga bo‘lgan sadoqati ham e'tirof etildi. Jumladan, Halima Xudoyberdiyevaning singlisi Rahima Xudoyberdiyevaning aytishicha, shoira «boshida qora bulutlar kezgan yillar» davomida ham she'riyatdan voz kechmagan, yozishdan to‘xtamagan.

Xotira tadbirida shoira tavalludining 72 yilligi munosabati bilan «Sharq» nashriyoti tomonidan nashr qilingan to‘plami haqida ham ma'lumot berildi. O‘quvchilar ushbu to‘plamda Halima Xudoyberdiyevaning she'rlari bilan tanishishlari mumkin.

Tadbirda bir guruh ijodkorlar, Halima Xudoyberdiyevaning oila a'zolari ham so‘zga chiqib, u kishi bilan bog‘liq xotiralarini bo‘lishdilar.

O‘zbekiston xalq shoiri - Halima Xudoyberdiyeva

Ma'lumot uchun, Halima Xudoyberdiyeva «Saodat» jurnalida adabiy xodim, bo‘lim mudiri (1972—75), bosh muharrir o‘rinbosari va bosh muharrir (1982—94), Yoshlar nashriyotida bo‘lim mudiri (1978—82), O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi (1990—94), «Yozuvchi» nashriyotida yetakchi muharrir (1996—98), «Sanam» jurnalida bosh muharrir o‘rinbosari (1998—2003), 2004 yildan «XXI asr» gazetasida bo‘lim muharriri bo‘lib ishlagan.
Halima Xudoyberdiyevaning ilk she'rlari o‘quvchilik yillarida Yangiyer tumani gazetasida bosilgan (1964). Shundan keyin uning «Ilk muhabbat» (1968), «Oq olmalar» (1973), «Chaman» (1974), «Suyanch tog‘larim» (1976), «Bobo quyosh» (1977), «Issiq qor» (1979), «Sadoqat» (1983), «Muqaddas ayol» (1987), «Bu kunlarga yetganlar bor», «Hurlik o‘ti» (1993), «To‘marisning aytgani» (1996) «Yo‘ldadirman» (2005) va boshqa she'riy kitoblari nashr etilgan.
Halima Xudoyberdiyevaning she'rlari ko‘plab xorijiy tillarga tarjima qilingan. To‘fon Minnullinning «Alla» p'yesasi uning tarjimasida O‘zbek Milliy akademik drama teatri sahnasida qo‘yilgandi. Fazu Aliyeva, Silva Kaputikyan, Ibrohim Yusupov ijodidan tarjimalar qilgan.

Quyidagi bag‘ishlov Halima Xudoyberdiyevaning shogirdi Ahror Bayzo tomonidan 2009 yilda, shoiraga atab yozilgan:

                   MILLAT ShARAFIGA KeTDI XAYoLIM...

                      Yashil tilaklardan ko‘ngillar to‘lsin,
                      Qarang, qanday go‘zal Turon jamoli.
                      Ozod elda davron muborak bo‘lsin
                      Arslon yetaklagan Turkning ayoli!
               
                      Kuyunib tolmadim, kuyub tolmadim,
                      Muhabbat hurmati, hijron hurmati.
                      Ishoning, shunchaki qalam olmadim,
                      Haqiqat hurmati, vijdon hurmati!
                     
                      Ko‘hna Turku Turon ko‘targusi qad,
                      Tark etmagay g‘urur, o‘zligim, orim.
                      Sizni el duosi asragay abad,
                      Yassaviylar yoqib ketgan chirog‘im.

                      Qanday yaxshi tunlar xayol surishlar,
                      Top-toza yuraklar she'r, deb o‘rtansa.
                      Qaniydi vatanxo‘r, vatanfurushlar
                      Vatan neligini sizdan o‘rgansa.

                      Vatan, hurlik o‘ti ko‘chgan tilakka,
                      Ko‘ksimizni chuqur-chuqur o‘ygaymiz.
                      Yurtning bayroqlari ko‘chgan yurakka,
                      Yurakni yotlarga berib qo‘ymaymiz!

                      Endi toshlar aslo turib ketmagay,
                      Har kasu nokasga yon bermagaymiz.
                      Tansiz boshlar boshqa yurib ketmagay,
                      Basdir, osonlikcha jon bermagaymiz.

                       Chorlang, Tumarisday buyugim kelar,
                       Jaloliddin, Temur Malik – pahlavon.
                       Nodirai davron – suyugim kelar,
                      «Turkistonda o‘ksuk o‘lmas qahramon»!
                      
                       Chorlang, chorlayvering, jonim opajon
                       Quchoq ochib kelgay qadimiy xalqim.
                       Ismini o‘zbekning Halimasini
                       Bu qiz — Jasorat, deb qo‘yadi balkim...

                       Chorlang, kelgusidir Zebunisolar
                       Chorlang, Uvaysiylar davra qursinlar.
                       Jangu jadal yo‘qdir va na nizolar
                       Davomlari — daryo, bir bor ko‘rsinlar.

                       Sanchilib yillarning armonlariga,
                       Chorlang, chorlasangiz ne beklar kelar.
                       Sarbon bo‘lib ko‘ngil karvonlariga
                       Usmon Nosir, Cho‘lpon, Elbeklar kelar...

                        Birlari shoiru, birlari olim,
                        Necha ming jild bo‘lur bu ulug‘ ro‘yxat.
                        Millat sharafiga ketdi xayolim,
                        Netay, bitolmadim bir go‘zal to‘yxat!..

                        Bir shirin, bi-ir yaxshi niyyatlar qilib
                        To‘ylarga chorlagum yaqin-yiroqni.
                        Jonimni yayratib, dilimni tilib
                        Chalgim kelayapti  cho‘li  iroqni...

                       Nonu tuzni bergan, xudoga shukr,
                        Tilga so‘zni bergan, xudoga shukr,
                        Elga sizni bergan, xudoga shukr,
                        Turon malikasi – yurt yagonasi
                       Arslon yetaklagan Turkning onasi!                                                          
 

Ko‘proq yangiliklar: