AQSh eng kuchli noyadroviy qurolini sinovdan o‘tkazdi (video)

Jahon 20:10 / 17.05.2019 18978

AQSh harbiy-havo kuchlari internetda oxirgi modifikatsiyadagi ikkita o‘ta kuchli GBU-57 aviabombasining navbatdagi sinovi tasvirlangan videorolikni e'lon qildi.  

Aviabombalar B-2 Spirit stels-bombardimonchilari tomonidan tashlangan. Videoda samolyot ikkita bombani birin-ketin tashlayotganini ko‘rish mumkin. Bombalar dastlab belgilangan joyda yerni yorib o‘tib, bir necha soniyadan keyin yer ostida kuchli portlagan.

GBU-57 yoki Massive Ordnance Penetrator (MOP) bombasi bunkerlarga qarshi aviatsiya bombasi hisoblanib, Boeing kompaniyasi tomonidan yaratilgan. Bomba portlashidan oldin yer ostiga 61 metr chuqurlikkacha kirib borishi yoki 19 metrlik temirbetonni teshib o‘tishi mumkin.

Bombaning og‘irligi 13,6 tonnani, kuchi esa 2,5 tonna portlovchi moddani tashkil qiladi. U AQShning eng kuchli noyadroviy quroli hisoblanadi.

GBU-57 bombasi 2007 yilda Eron va Shimoliy Koreyaning yer osti istehkomlarini yo‘q qilish uchun ishlab chiqilgan. 2018 yilda bombaning 4-modernizatsiyasi o‘tkazilgan. Buning evaziga uning qiyin yetib boriluvchi va chuqur joylashgan nishonlarni yo‘q qilish bo‘yicha ko‘rsatkichlari ancha oshgan.

Bombaning avvalgi sinovi 2018 yil dekabrda amalga oshirilgan.

Ko‘proq yangiliklar: