Qishloq xo‘jaligi vazirligi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanadi 

O‘zbekiston 09:07 / 16.05.2019 6855

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Nizomga ko‘ra, vazirlik qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi sohasida yagona davlat siyosatni amalga oshiruvchi davlat boshqaruvi organi hisoblanadi va o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga bo‘ysunadi.

Vazirlik tizimiga quyidagilar kiradi:

Vazirlik markaziy apparati;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, viloyatlar qishloq xo‘jaligi boshqarmalari, tumanlar (Quvasoy shahar) qishloq xo‘jaligi bo‘limlari;

Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat ta'minoti ilmiy-ishlab chiqarish markazi;

Uzumchilik va vinochilikni rivojlantirish agentligi;

Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi;

Toshkent davlat agrar universiteti;

Urug‘chilikni rivojlantirish markazi;

Qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini sinash markazi;

Qishloq xo‘jaligi texnikasi va texnologiyalarini sertifikatlash va sinash davlat markazi;

“Agroinnovatsiya” davlat unitar korxonasi;

“Qishloq xo‘jaligini standartlashtirish markazi” davlat unitar korxonasi;

“Ma'muriy-xo‘jalik xizmati” davlat muassasasi;

Monitoring xizmati.

Quyidagilar vazirlikning asosiy vazifalari hisoblanadi:

birinchi navbatda qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish, qishloq xo‘jaligi sub'yektlari o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarda bozor tamoyillarini joriy etish, ilg‘or tajriba va fan yutuqlarini, zamonaviy resurs tejovchi va intensiv agrotexnologiyalarni joriy etishni nazarda tutuvchi qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish;

qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, saqlash, qayta ishlash va sotishda zamonaviy kooperatsiya munosabatlarini kengaytirish orqali qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarining qo‘shilgan qiymati zanjiri yaratilishini rag‘batlantirish;

agrobiznesning klaster modelini keng joriy etish chora-tadbirlarini amalga oshirish, klasterlash jarayonining tashkiliy-huquqiy va iqtisodiy asoslarini takomillashtirish, qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida klasterlarni tashkil etish va rivojlantirish bo‘yicha investitsiya loyihalarini amalga oshirishga ko‘maklashish;

agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida moliyalashtirishga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarining moliyaviy barqarorligiga, hosildorligi past yerlar unumdorligini oshirishga, oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashga va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini oshirishga ko‘maklashadigan qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarini muvofiqlashtirish;

keng ko‘lamli zamonaviy moliyaviy xizmatlarni rivojlantirish va sifatli qishloq xo‘jaligi texnikasidan foydalanish imkoniyatini oshirish orqali qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlashni rag‘batlantirish;

qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘larini tayyorlash, foydalanish va eksport qilishning zamonaviy tizimini shakllantirish, mahalliy va xorijiy seleksiya navlari, shu jumladan biotexnologik navlarning birlamchi urug‘chiligini tashkil etish va rivojlantirish;

o‘simliklarni himoya qilish sohasida yagona davlat siyosatini yuritish, zararkunandalar va begona o‘tlarga qarshi kurashish, agrokimyoviy xizmat ko‘rsatish va tuproqni muhofaza qilish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish;

ta'lim, fan va qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini tizimli asosda uzviy integratsiyalashni, qishloq xo‘jaligi tarmoqlarining yuqori malakali soha mutaxassislariga bo‘lgan joriy va istiqboldagi ehtiyojlarini hisobga olgan holda kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni ta'minlash.

Ko‘proq yangiliklar: