O‘zbekiston va Qozog‘iston migrantlarni himoya qilish to‘g‘risidagi bitimni amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni imzoladi 

Jahon 20:51 / 16.05.2019 3960

O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev Qozog‘istonning Nur-Sulton shahrida bo‘lib o‘tayotgan XII Ostona iqtisodiy forumi doirasidagi qator xalqaro anjumanlarda ishtirok etdi.

Xususan, Kudbiyev “Ekspo” Kongress-markazida Qozog‘iston prezidenti ishtirokida o‘tkazilgan Ostona iqtisodiy forumi yalpi majlisida qatnashdi. 

Kunning ikkinchi yarmida Xalqaro mehnat tashkiloti 100 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan xalqaro konferensiyada Sherzod Kudbiyev asosiy spiker sifatida ishtirok etib, “Mehnat sohasi istiqboli” mavzusidagi yalpi sessiyada O‘zbekistonning Xalqaro mehnat tashkiloti bilan faol hamkorlik aloqalari, o‘tgan yillar davomida mehnat sohasi bo‘yicha O‘zbekistonda amalga oshirilgan islohotlar va erishilgan natijalar haqida to‘xtalib o‘tdi.

Konferensiya ishidan so‘ng Sherzod Kudbiyev va Qozog‘iston Mehnat va aholini ijtimoiy himoya qilish vaziri B.Saparbayevning ikki tomonlama uchrashuvi o‘tkazildi. Uchrashuv davomida tomonlar hamkorlikka doir muhim masalalarni muhokama qildi.

Shuningdek, Qozog‘iston va O‘zbekiston hukumatlari o‘rtasida Qozog‘istonda mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolarining hamda O‘zbekistonda mehnat qilayotgan Qozog‘iston fuqarolarining mehnat faoliyati va huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi Bitimni amalga oshirish bo‘yicha 2019-2020 yillarga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi” imzolandi. 

Mazkur hujjat ikki davlat o‘rtasidagi mehnat munosabatlarini yanada mustahkamlash va mehnat migratsiyasi jarayonlarini tartibga solishda hamkorlikni kuchaytirishda zamin yaratadi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyevning XII Ostona iqtisodiy forumi doirasidagi tashrifi davom etmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: