APLga uchinchi yo‘llanma uchun Lempard va Terri jamoasi kurashadi

Sport 11:00 / 16.05.2019 7572

Chempionshipdan Premer-ligaga o‘tish o‘yinlarida finalchilar nomi ma'lum bo‘ldi. Unga ko‘ra, APL yo‘llanmasi uchun «Derbi Kaunti» va «Aston Villa» klublari bahs olib borishadi.

«Derbi Kaunti» Chempionship pley-offining yarimfinalida «Lids»ni javob uchrashuvida 4:2 hisobida mag‘lub etdi. Birinchi o‘yinda Marselo Belsa shogirdlari 1:0 hisobida g‘alaba qozongandi va ikki uchrashuv natijasiga ko‘ra «Derbi» finalga yo‘l oldi.

Qayd etish kerakki, Marselo Belsa jamoasi yangi yilga chempionship yetakchisi sifatida kirgandi. «Lids» keyingi 10 yil ichida 25 dekabr kuni chempion bo‘lib, yakunda APLga yo‘llanma ololmagan ilk klub bo‘ldi.

Oxirgi marta bunday holat 2007/08 yilgi mavsumda kuzatilgan, o‘shanda «Uotford» Rojdestvogacha peshqadam bo‘lib, chempionatni oltinchi o‘rinda yakunlagan va pley-off yarimfinalida yirik hisobda mag‘lub bo‘lgandi.

Bundan tashqari, Belsaning «Lids»i keyingi 9 yilda pley-offning safar o‘yinida g‘alaba qozonib, javob uchrashuvi natijasiga ko‘ra finalga chiqa olmagan ilk jamoa bo‘ldi.

Hal qiluvchi o‘yinda «Derbi»ga «Aston Villa» raqiblik qiladi, birmingemliklar yarimfinalda «Vest Bromvich» to‘sig‘idan o‘tishdi (2:1, 0:1, penaltilar bo‘yicha 4:3).

E'tiborlisi, finalga chiqqan har ikki klub murabbiylar shtabida ham «Chelsi»ning yaqin o‘tmishdagi yulduzlari faoliyat yuritmoqda: Frenk Lempard «Derbi» bosh murabbiyi sifatida ishlayotgan bo‘lsa, uning uzoq yillik jamoadoshi Jon Terri «Aston Villa»da yordamchi murabbiy sanaladi.

Ma'lumot uchun, Chempionshipda 1- va 2-o‘rinni olgan jamoalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri Premer-ligaga yo‘l oladi, 3-6-pog‘onalardagi to‘rtta klub uchinchi yo‘llanma uchun o‘tish turnirida qatnashadi.

Final bahsi 27 may kuni Londondagi «Uembli» stadionida «Derbi Kaunti» va «Aston Villa» o‘rtasida kechadi.

«Aston Villa» 28 yil uzluksiz ishtirokidan keyin 2015-16 yilgi mavsum yakunida APLni tark etgandi. «Derbi Kaunti» oxirgi marta yuqori divizionda 2007-08 yilgi mavsumda ishtirok etgan. Klub o‘sha mavsumda faqat bir o‘yinda g‘alaba erishib, 11 ochko bilan oxirgi o‘rinni egallagandi.

2018-19 yilgi mavsum yakunlariga ko‘ra Premer-ligani «Kardiff», «Fulhem» va «Haddersfild» tark etgan. Ularning o‘rnini «Norvich Siti», «Sheffild Yunayted» hamda «Derbi Kaunti» va «Aston Villa» juftligi g‘olibi egallaydi. 

Chempionship
APLga o‘tish turniri
1/2 final
Javob o‘yinlari

Lids – Derbi Kaunti 2:4 (1:1, 1:3)
Gollar: 1:0 – 24 Dallas, 1:1 – 45 Merriott, 1:2 – 46 Maunt, 1:3 – 58, penalti Uilson, 2:3 – 62 Dallas, 2:4 – 85 Merriott.
Lids – Kasilya, Berardi, Kuper, Eyling, Dallas, Fillips, Ernandes, Sheklton, Xarrison, Klix (Klark, 86), Bemford (Braun, 88).
Derbi Kaunti – Ros, Meloun, Bogl, Tomori, Kio, Lourens, Xolms (Merriott, 44), Maunt, Uilson (Koul, 90), Djonson, Bennett (Xaddlstoun, 59).
Ogohlantirishlar: Tomori (5), Meloun (20), Lourens (20), Ernandes (20), Fillips (27), Bemford (31), Kuper (57), Maunt (65), Berardi (69).
Chetlatishlar: Berardi (78), Meloun (90).
Birinchi o‘yin – 1:0

Vest Bromvich – Aston Villa 1:0 (1:0, 0:0, 0:0, 0:0), penaltilar bo‘yicha - 3:4
Gol: 1:0 – 29 Douson.
Vest Bromvich – Jonston, Gibbs, Xegazi, Bartli, Xolgeyt, Fillips (Xarper, 75), Yuxansen (Morrison, 71), Merfi (Adarabioyo, 82), Brant, Douson, Rodriges (Leko, 93).
Aston Villa – Stir, Tuanzebe (Yedinak, 120), Teylor, Mingz, Al-Muxammadi (Devis, 114), Xurixeyn, Makginn, El-Gazi (Kodjia, 101), Grilish, Grin (Adoma, 75), Abraxam.
Penaltilar seriyasi
1:0, 1:1, 2:1, 2:2, 3:2, 3:3, 3:4.
Ogohlantirishlar: Mingz (16), Yuxansen (58), Brant (66), Teylor (74), Morrison (97).
Chetlatish: Brant (80).
Birinchi o‘yin – 1:2

Final. 27 may. London, «Uembli»
19:00. Derbi Kaunti – Aston Villa

Ko‘proq yangiliklar: