Turkiya hukumati «Rosatom» tomonidan qurilayotgan AES poydevorida yoriqlar aniqladi

Jahon 17:40 / 15.05.2019 44980

Turkiya atom energetikasi regulyatori (Turkey’s Atomic Energy Authority) Rossiyaning «Rosatom» davlat korporatsiyasi qurayotgan «Akkuyu» atom elektr stansiyasining beton poydevorida ikki marta yoriq paydo bo‘lganini aniqladi. Bu haqda RBK Turkiyaning Haberturk nashriga tayangan holda xabar tarqatdi.

Haberturk ma'lumotiga ko‘ra, poydevor betonidagi birinchi yoriq o‘tgan yilning iyulida aniqlangan. Shundan so‘ng «Rosatom» betonni qaytadan quygan, biroq TAEK yana bir yoriqni aniqlagan — Rossiya kompaniyasi yana betonni almashtirishga majbur bo‘lgan, muammoni bartaraf etish bo‘yicha ishlar o‘tgan yilning sentabr oyida yakunlangan.

2018 yil sentyabrida AES qurilishida yangi pudratchi, 50 foizi «Rosatom»ga tegishli bo‘lgan «Konsern Titan-2» kompaniyasi (ish hajmi 10 milliard dollar) paydo bo‘ldi. Biroq o‘shanda pudratchining almashtirilishiga poydevordagi yoriqlar sabab bo‘lgani xabar qilinmagandi.

«O‘tgan yildagi yoriqlar beton aralashmasini tanlash vaqtida, ya'ni beton sinov maqsadida quyilganda aniqlangandi. Aralashmani tanlash bosqichida yoriqlar paydo bo‘lishi mumkin, bu me'yoriy ishchi holat», — deya izohlaydi RBKning «Rosatom»dagi manbasi.

«Rosatom»dagilarning ma'lum qilishicha, «Akkuyu» AESini qurish ishlari ayni vaqtda jadval bo‘yicha amalga oshirilmoqda.

20 milliard dollarga baholangan «Akkuyu» atom elektrostansiyasi Rossiyaning BBER-1200 reaktorlari o‘rnatilgan to‘rtta energoblokni o‘z ichiga oladi.

AESni qurish bo‘yicha bitim 2010 yilda imzolangan. 2015 yilda Turkiya Suriya chegarasida Rossiyaga tegishli qiruvchi samolyotni urib tushirgach, loyiha to‘xtab qolgan edi. 2017 yilda u yana qayta tiklangan.

Eslatib o‘tamiz, «Rosatom» O‘zbekistonda ham AES qurishni rejalashtirgan. 

Ko‘proq yangiliklar: