Toshkent viloyati hokimligining sobiq binosi Ma'naviyat va ma'rifat markaziga bepul beriladi

O‘zbekiston 10:27 / 15.05.2019 8172

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida  O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “Ma'naviy-ma'rifiy  ishlar samaradorligini oshirish va sohani rivojlantirishni yangi bosqichga ko‘tarish to‘g‘risida”gi 2017 yilning 28 iyuldagi PQ-3160-son hamda “Ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2019 yil 3 maydagi PQ-4307-sonli qarorlari ijrosini ta'minlash, shuningdek, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadidagi hujjat loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Administratsiyasi, Toshkent shahar hokimligi hamda Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazining Toshkent shahar, Mirobod tumani, Amir Temur shoh ko‘chasi 17-uy manzilida joylashgan Toshkent viloyati hokimligining sobiq binosi, inshoot va joylashgan hududi bilan Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markaziga operativ boshqarish huquqi asosida bepul o‘tkazilishi to‘g‘risidagi taklifi ma'qullanishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Administratsiyasi obektni belgilangan tartibda Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markaziga topshiradi, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi ushbu obektni qabul qilib oladi va undan samarali foydalanishni ta'minlaydi.

Belgilab qo‘yilishicha:

Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazining binoga ko‘chib o‘tishi joriy yilning may-iyun oylari davomida amalga oshiriladi;

Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markaziga berilgan bino va inshootlarda “Tafakkur” va “Ma'naviy hayot” jurnallari tahririyati, “Ma'rifat” targ‘ibotchilar jamiyati hamda “Ma'naviyat targ‘ibotchisi” ta'lim muassasasi tekin foydalanish huquqi asosida joylashtiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi obektda Markazning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida 2019 yilgi O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlari doirasida zarur mablag‘lar ajratilishini nazarda tutadi.

Ko‘proq yangiliklar: