Jurnalistlar va OAV vakillarining sud majlislarida ishtirok etish tartibi aniqlashtiriladi

O‘zbekiston 11:56 / 15.05.2019 2041

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan Oliy sud va Adliya vazirligi bilan hamkorlikda “Sud organlari va ommaviy axborot vositalari o‘rtasidagi hamkorlikni izchil rivojlantirish” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tmoqda.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, davra suhbati doirasida bildirilgan fikrlar, bahs-munozaralar quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadga muvofiqligini ko‘rsatdi:

“Jurnalistlar va OAV vakillarining sud majlislarida ishtirok etish tartibi to‘g‘risida”gi nizom loyihasini ishlab chiqish va qabul qilish. Bunda:

– qanday hollarda alohida ochiq sud majlislarida jurnalistlarning ishtiroki yoki audio- va videotasvirga olish moslamalaridan foydalanishi taqiqlanishi va ruxsat berilishini aniqlashtirish;

– sud qarori kuchga kirmagunga qadar OAV vakillari ishning tafsilotlarini, tomonlar chiqishlari va boshqa holatlarni yoritmasligi aniq belgilanib qo‘yilishi lozim.

Jurnalistlar uchun ularning huquqiy bilimi, sud jarayonlarini yoritish masalalari bo‘yicha kasbiy salohiyatini oshirishga qaratilgan seminar-treninglarni doimiy ravishda tashkillashtirish.

Sudyalarning OAV bilan hamkorligini o‘rnatish borasidagi amaliy ko‘nikmalarini kuchaytishga yo‘naltirilgan seminarlar, matbuot anjumanlari va press-turlarni muntazam tashkil qilish. Oliy sud veb-saytida ochiq sud majlislari jadvalini har kuni yangilab borilishini ta'minlash.

Matbuot anjumanlari, brifinglar o‘tkazish, dolzarb sud jarayonlari, shu jumladan, jamoatchilik orasida shov-shuvga sabab bo‘lgan ishlar borasida Oliy sudning rasmiy bayonotlari o‘z vaqtida e'lon qilinishini ta'minlash.

Ko‘proq yangiliklar: