«Xorazm Beklari» ishi: Hokimlik tadbirkordan 5 milliard so‘mga yaqin qarzini nega to‘lamayapti?

Jamiyat 10:10 / 13.05.2019 49118

Joriy yilning yanvarida Kun.uz nashrida «Xorazm Beklari» yakson etildi. 6,5 mlrd so‘m kredit olib mehmonxona qurgan tadbirkorning binosi hokimiyat tomonidan buzib tashlandi» sarlavhali maqola nashr qilingandi.

Unda bankdan 6,5 milliard so‘m miqdorida kredit olib, birinchi qavati restorandan iborat bo‘lgan ko‘p qavatli mehmonxona binosi qurgan, lekin qurilishlari hokimlik tomonidan buzib tashlangan tadbirkor Umorbek Bekovning muammolari bayon etilgandi.

Tadbirkor turizmni rivojlantirish maqsadida Urganch shahrida qurayotgan, bitish arafasidagi mehmonxona 2018 yilning 1 dekabrida shaharning yangi hokimi Shuhrat Abdullayevning og‘zaki topshirig‘i bilan hech qanday ogohlantirish va hujjatlarsiz buzib tashlangandi.

O‘shanda shahar hokimi Shuhrat Abdullayev nega belgilangan tartib bo‘yicha harakat qilmagani haqidagi savollarga «buni hokimiyat yuristidan so‘rash kerak»ligini aytib, javob berishni istamagandi.

«Lekin tadbirkorning yeri, bankdan olgan krediti va zararini qoplash masalalari ko‘rib chiqiladi», deb va'da bergandi hokim.

Xo‘sh, oradan bir necha oy vaqt o‘tib vaziyat o‘zgardimi? Bu haqida bilish uchun Umorbek Bekov bilan yana bog‘landik.

YouTube

Tas-IX

Tadbirkorning aytishicha, prokuratura organi ko‘magi bilan uning yeri masalasi hal etilgan. Urganch shahridagi Amir Temur nomli madaniyat va istirohat bog‘i hududiga chegaradosh bo‘lgan Pahlavon Mahmud ko‘chasidan birinchi qavati restorandan iborat ko‘p qavatli mehmonxona binosi qurilishi uchun 2 ming kv.m. yer maydoni doimiy foydalanish uchun ajratilgan.

Ko‘rilgan milliardlab zarari esa qoplab berilmagan. Shundan so‘ng, tadbirkor hokimiyatni sudga bergan. Sud majlisi hokimiyatning har xil vajlari sabab bir necha marta qoldirilgan. Orada tadbirkor vaqt yo‘qotmoqda, millionlab kredit mablag‘lari to‘lamoqda. Nihoyat, Urganch tumanlararo iqtisodiy sudi sudyasi M.Qazaqov boshchiligida nizoli ish ko‘rib chiqilgan. Joriy yilning 29 mart sanasida hal qiluv qarori qabul qilingan.

Sudya barcha holatlarni sinchiklab o‘rganib chiqqan va qaror qabul qilgan, Urganch shahar hokimiyati sudda yutqazgan. Hokimlikdan «Xorazm Beklari» MChJ foydasiga ko‘chmas mulkning bozor qiymati va ko‘rilgan zarar qoplanishi uchun 4 862 050 502 so‘m miqdoridagi mablag‘ undirilishi belgilab qo‘yilgan. Bundan tashqari, Urganch shahar hokimligidan Respublika budjetiga 97 241 010 so‘m miqdorida davlat boji undirish ko‘rsatilgan.

Tomonlarga hal qiluv qaroridan norozi bo‘lgan taqdirda, 1 (bir) oy muddatda apellyatsiya tartibida shikoyat berish (protest keltirish) huquqi tushuntiriladi. Hal qiluv qarori kuchga kirgach, ijro qog‘ozi berilishi aytiladi.

Shundan keyin «Xorazm Beklari» MChJ direktori hokimga og‘ir vaziyatga tushib qolgani, oyiga hozircha 55 million so‘m, imtiyozli davr tugashi bilan 187 million so‘m miqdorda kredit to‘layotgani va onasi notinch yurtda ishlashga majbur bo‘layotganini tushuntirish niyatida uning qabuliga bir necha marta boradi. Lekin Shuhrat Abdullayev tadbirkorni qabul qilmaydi. U yerdagilar har safar «hokim selektorda», «o‘z sektorida», «qurilish ishlari bilan band» kabi turli bahonalar bilan uni rad etib kelishadi.

Kamiga ijro varag‘ini olishiga bir kun qolganda, apellyatsiya muddatining oxirgi sanasida hokimlik keyingi instansiya sudiga shikoyat arizasi topshiradi. Juda qiziq-a? Hokimlik tadbirkorning haqqini berish o‘rniga vaqtni cho‘zish orqali nimani maqsad qilgan?

Urganch hokimi Shuhrat Abdullayev

Tadbirkor oxirgi marta hokimiyatga borganida hokim kelishini soatlab kutib o‘tiradi. Tadbirkorning aytishicha, hokim o‘z xonasida eshikni qulflab ichkarida o‘tirgan va uni qabul qilmagan. Buni o‘sha yerdagi kamera yozuvlari ham ko‘rsatishi mumkin. Eng qizig‘i, o‘sha kuni tegishli ichki ishlar boshqarmasi bo‘limiga tadbirkor Umorbek Bekov hokimlikka ichib kelib janjal qilgani aytiladi. U yerdan xodimlar kelgach, tadbirkor ichmagani va shunchaki o‘z haqqini talab qilib kelganini bildiradi. Ular buni tushunishadi.

Holatni ko‘rib turib, tadbirkorning holiga achinib ketasan kishi. Nega uning zarari hali ham qoplanmay kelmoqda? Sudni cho‘zish va oxirgi kunni kutib keyingi bosqich sudiga berishdan muddao nima? Sud qarori ijrosi qachon ta'minlanadi? Nega ba'zi hokimlar prezident topshiriqlarining aynan teskarisini qilishmoqda? Bundan maqsad nima? Savollar juda ko‘p. Hozirgacha hokimlikdan sas chiqmayapti. Hozircha vaziyatni kuzatamiz.

Tadbirkor o‘z fikri so‘ngida, davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev, Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov, prezident huzuridagi tadbirkorlik sub'yektlari huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil va huquqni muhofaza qiluvchi organlardan amaliy yordam so‘rab qoldi.

Zafarbek Solijonov

Kun.uz jurnalisti

Ko‘proq yangiliklar: