O‘zbekistonda hukumat ishini baholash dasturi ishga tushiriladi

O‘zbekiston 08:51 / 13.05.2019 5383

“Davlat boshqaruvi tizimi samaradorligini oshirish” hukumatlararo dasturi doirasida O‘zbekiston Respublikasi va BAA hamkorligida 17 ta maqsadli guruh tashkil etildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

O‘zbekiston hukumat delegatsiyasining BAAdagi tashrifi davomida ekspert guruhlarining ikki tomonlama uchrashuvlari tashkil etildi. Jumladan, Adliya vaziri Ruslanbek Davletov rahbarlik qilayotgan “Hukumat samaradorligi” (“Government quality”) guruhi 6-8 may kunlari Amirlikdagi o‘z hamkasblari bilan qator amaliy sessiyalarni o‘tkazishdi.

Xususan, O‘zbekiston delegatsiya a'zolari Davlat xizmati masalalari bo‘yicha Federal idora faoliyati, xususan, davlat organlari va xususiy kompaniyalarida KPI tizimini joriy etish tajribasi bilan tanishdilar. Amaliy sessiyalar davomida, shuningdek, jamoat xavfsizligi sohasidagi beshta tahdidlar – jiddiy jinoyatlar, yo‘l hodisalari, aholining ishonchlilik darajasi, fuqarolar xavfsizligi, yong‘in xavfsizligi masalalari ko‘rib chiqildi. Ushbu tahdidlar Dubay Ichki ishlar vazirligining asosiy ko‘rsatgichlari sifatida belgilandi.

Uchrashuv yakunida “hukumat samaradorligi” yo‘nalishi bo‘yicha qisqa muddatli va uzoq muddatli istiqboldagi loyiha muhokama qilindi. Shu bilan birga, uchrashuv yakunida ishchi guruhlari tomonidan “Davlat xizmati” yo‘nalishi bo‘yicha qisqa va uzoq muddatga mo‘ljallangan qo‘shimcha loyiha ham ishlab chiqildi.

Ishchi guruhi sessiyalari natijasida joriy yilning iyul, sentabr va noyabr oylarida O‘zbekiston vakillari uchun davlat boshqaruvi sifatini oshirishga qaratilgan treninglar o‘tkazish to‘g‘risida kelishuvga erishildi. 2020 yilda hukumat, uning bo‘linmalari, davlat organlari va ularning xodimlarini samaradorligini baholash dasturini to‘la ishga tushirish rejalashtirilmoqda. 

Foto: Adliya vazirligi matbuot xizmati

Shuningdek, 2021 yilda Amirlik mutaxassislarini jalb qilgan holda baholashning birinchi raundini o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Uchrashuv so‘ngida “Davlat xizmati” yo‘nalishi bo‘yicha qisqa va uzoq muddatga mo‘ljallangan rejaning loyihasini amalga oshirish mexanizmlari kelishib olindi.

Ko‘proq yangiliklar: