Toshkentda uch pog‘onali yo‘l o‘tkazgich qurilishining birinchi bosqichi yakunlandi

O‘zbekiston 10:43 / 11.05.2019 24332

Poytaxtda Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan Ohangaron va Maxtumquli ko‘chalari kesishmasida shu kungacha hali qo‘llanilmagan 3 pog‘onali yo‘l o‘tkazgichni qurish jarayoni boshlangani haqida xabarlar tarqalgandi.

«O‘zbekiston temir yo‘llari» AJga qarashli «Ko‘prikqurilish» tresti» unitar korxonasi mutaxassislari tomonidan mazkur loyihani amalga oshirish bo‘yicha ishlar amalga oshirildi. Bugungi kunda hududda tunnel qazish ishlari yakunlanib, yo‘l o‘tkazgich tirama devorlarini qurilish-montaj jarayoni amalga oshirilmoqda. Inshootning estakada yo‘l o‘tkazgichida 6 ta tayanchlar qurilishi yakunlangan, shundan 3 tasiga rigellar montaj qilingan. 

Shuningdek, tunnel qismi tirgak devorlarini ko‘mish hamda halqa qismida oraliq balkalarini o‘rnatish bo‘yicha qurilish-montaj ishlari qizg‘in davom etmoqda. Jumladan, tunnel qismi bo‘yicha 85 foiz, halqa qismi bo‘yicha 70 foiz, yo‘l o‘tkazgich qismi bo‘yicha 35 foiz bunyodkorlik ishlari bajarilgan. Obektda 150 ming kub metrdan ortiq yer va 11 ming kub metrdan ziyod beton ishlari bajarildi.

Loyihaga ko‘ra dastlab umumiy uzunligi 502, kengligi 26,7 metrni tashkil etuvchi tunnel quriladi. Noyob inshootning ushbu quyi qismi balandligi jahon standartlariga mos ravishda 5,5 metr bo‘lib, 6 ta avtomobil yo‘lagidan iborat bo‘ladi. Ikkinchi bosqichda yer sathidan 1 metr balandlikda diametri 50 metrni tashkil etadigan doirasimon yo‘l o‘tkazgich qurish ishlari olib boriladi. Uchinchi bosqichda ushbu hududda Maxtumquli va Sharqiy aeroport ko‘chalarini bog‘lovchi o‘ziga xos katta yo‘l o‘tkazgich quriladi. Yirik yo‘l o‘tkazgich 6 ta avtomobil yo‘lagiga mo‘ljallangan bo‘lib, umumiy uzunligi 593, kengligi 26 metrni tashkil etadi.

Mazkur inshootni joriy yilning ikkinchi yarmida foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

Ko‘proq yangiliklar: